Sport | 15:44 / 05.02.2017
7579
2 daqiqa o‘qiladi

Devis Kubogi. Istominning g‘alabasi evaziga O‘zbekiston Janubiy Koreya to‘sig‘idan o‘tib, ikkinchi bosqichga yo‘l oldi

Tennis bo‘yicha norasmiy jahon chempionati hisoblangan Devis Kubogi turnirining Osiyo va Okeaniya mintaqasida Janubiy Koreya termasi bilan bahslashgan O‘zbekiston terma jamoasi muddatidan avval g‘alabaga erishdi va ikkinchi bosqichga yo‘l oldi.

5 fevral kuni Janubiy Koreyada o‘tayotgan bellashuvning uchinchi kun ilk o‘yinida O‘zbekistonning birinchi raketkasi Denis Istomin mezbonlar vakili, ATP reytingida 73-o‘rinda borayotgan Xyon Chonga qarshi bahs olib borishi kerak edi. Biroq noma'lum sabablarga ko‘ra Xyon Chon kortga chiqa olmadi va uning o‘rniga Kvon Sun Vu (ATP – 308-o‘rin) egalladi. 3 soat-u 16 daqiqa davom etgan o‘yinda dunyo reytingida 80-pog‘onani egallab turgan Istomin 3:6, 7:6, 6:2, 7:6 hisobidagi g‘alabaga erishdi. Istomin o‘yin davomida 8ta eys zarbasi amalga oshirdi, 6 marta qo‘sh xatoga yo‘l qo‘ydi.

Bu g‘alabadan keyin umumiy hisob 3:1 ko‘rinishiga keldi.

3 fevral kungi bahslarda O‘zbekistonning ikkinchi raqamli raketkasi Sanjar Fayziyev Xyon Chonga yutqazgan, O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin esa Li Dok Hini yenggan, natijada hisob tenglashgandi.

4 fevral kuni Sanjar Fayziyev va Denis Istomin juftlikda koreyalik tennischilardan ustun keldi hamda hisob O‘zbekiston foydasiga 2:1 ko‘rinishini oldi.

Endilikda Fayziyev Li Dok Higa qarshi uchrashuvni o‘tkazishiga hojat qolmadi.

Ma'lumot uchun, bu turnir doirasida O‘zbekiston Janubiy Koreya termasiga faqat bir marta, 2007 yilda yutqazgan.

O‘zbekiston vakillari keyingi bosqichda, 7-9 fevral kunlari Hindiston va Yangi Zelandiya terma jamoalari o‘rtasidagi bahslar g‘olibiga raqib bo‘ladi.

Mavzuga oid