Sport | 23:12 / 10.02.2017
22884
3 daqiqa o‘qiladi

«Surxon» klubi qayta tashkil etildi

2017 yilgi mavsumdan boshlab  O‘zbekiston XXVI milliy chempionati birinchi ligasida Surxondaryo viloyati sharafini Termiz shahrining «Surxon» klubi himoya qiladi.

6 fevral kuni Surxondaryoda ushbu klubning qayta tiklanishi masalasida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. 

Mazkur yig‘ilishda madaniyat va sport ishlari boshqarmasi, viloyat futbol federatsiyasi, «Surxon» professional futbol klubi, «Neftchi» (Jarqo‘rg‘on) klubi rahbarlari, murabbiylar, shahar va tuman hokimlarining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari hamda boshqa mutasaddi muassasalar rahbarlari va matbuot xodimlari ishtirok etdi.

Surxondaryo viloyati futbol federatsiyasi prezidenti ham hisoblanadigan Erkinjon Turdimov federatsiya faoliyati tanqidiy tahlil qilib, bugungi kunda futbol ommaviyligini oshirish va rivojlantirish, professional futbolning moddiy-texnik bazasini shakllantirish bo‘yicha mavjud muammolar ta'kidlab o‘tgan.

Bu klub o‘tgan mavsumda Jarqo‘rg‘oning «Neftchi» va viloyatning boshqa jamoalari tarkiblarida to‘p surgan mahalliy futbolchilar hisobiga shakllantiriladi.  Ayni chog‘da Termizda professional futbol klubi faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Surxondaryo viloyati hokimligi hamda «Surxon» PFK rahbariyati jamoa a'zolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Yig‘ilishda tashkiliy masalalar ko‘rib chiqilgan. Jumladan, shu kungacha viloyat futbol federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti vazifasida ishlab kelgan Erkin Boqiyev o‘z vazifasidan ozod etilgan. Uning o‘rniga o‘z vaqtida «To‘palang» (Sariosiyo), «Buxoro», «Surxon»(Termiz) jamoalarida o‘ynagan, oxirgi paytda Sariosiyo tuman BO‘SMida murabbiy-o‘qituvchi bo‘lib ishlagan Najmiddin Meliqulov viloyat futbol federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti etib tayinlangan.

Turli yillarda «Nasaf» (Qarshi), «Qizilqum» (Navoiy) professional futbol klublarida matbuot xizmati rahbari bo‘lib ishlagan Erkin Xolboboyev «Surxon» professional futbol klubi Ijrochi direktori, «Mash'al» (Muborak), «Norin» (Haqulobod) va «Xorazm» kabi jamoalarda faoliyat ko‘rsatgan mutaxassis Vali Keldiyev esa jamoa bosh murabbiyi sifatida ish boshlagan.

Mavzuga oid