Jamiyat | 14:52 / 12.02.2017
37973
8 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz’ga maktub: “...ish qarg‘ishga bormasin, muammolar qonuniy hal etilsin”

Tahririyatimizga bir maktub keldi. Hayotiy misollar asosida yozilgan ushbu xat kishini o‘ylantiradi, mushohadaga tortadi. Ayrim davlat amaldorlarining loqaydligi, manmansirashi va buning oqibatida bir ayol o‘z boshidan turli qiyinchiliklarni o‘tkazgani maktubda tilga olingan voqealar markazida turadi. 

“8 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladilar. Shu qarorning bir bandi bo‘yicha o‘z taklifimni bildirmoqchiman”, deyiladi maktubda. “Hozirgi kunda mobil telefonsiz yuradigan fuqaroning o‘zi yo‘q. Shu sababli eng muhim qarorlarni SMS orqali abonentlarga uzluksiz va bepul yuborib turish tashkil qilinsa, juda yaxshi ish bo‘lardi. Bu orqali fuqorolarning huquqiy ongi oshib, o‘z huquqlarini o‘zlari hududiy organlar orqali hal qilishga harakat qilishardi. Natijada yuqori vazirliklarga va Bosh prokroturaga shikoyatlar oqimi pasayadi. Ortiqcha ovoragarchiliklarga, Davlat va hokimiyat boshqaruv organlari faoliyatidagi qiyinchiliklarga, korrupsiyaga chek qo‘yilardi. 

Qisqa qilib aytganda, bu qarorning ijrosi davlatni boshkarishda, xalqning bir maromdagi faravonligini ta'minlashda asosiy negiz hisoblanadi. Men bu qaror chiqqanidan juda quvondim. Koshkiydi, ijrosi ham to‘liq amalga oshsa edi. Aytmoqchimanki, buning samarasini har tomonlama ko‘rish mumkin. O‘z huquqi oyoq osti bo‘lib, advokat yollashga mablag‘i yo‘q, oylar, yillar mobaynida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib ham (bu organlarning ayrim poraxo‘r xodimlari sababli) muammosi hal bo‘lmagan fuqorolarimizning soni bir necha millionni tashkil qilayotgani (bugungi kunga kelib yangi prezidentimiz tashabbusi bilan oshkora qilinayapti) bizga sir emas. 

“Shaxsan o‘zim shunday vaziyatga tushganman. Bir dona katta sigirimni qassob tanishim nasiyaga olib menga pulini bermagani yuzasidan bir yarim yil idorama idora yugurib charchaganman. Qassob bilan sinfdosh bo‘lganligim sababli unga ishonib, qarzga sigirimni berganman. U “so‘yib go‘shtini sotib, pulini ikki haftada beraman”, deb ishontirgan edi. Hech qayerda ishlamasdim. Oliy ma'lumotli bo‘lishimga qaramasdan biror joydan arang ish topib, “shapka”sini berib, ishga joylashishim kerak edi va shu sabab bisotimdagi yagona boyligim - sigirimni sotishga majbur bo‘lgandim. Qo‘limda uch yoshli go‘dagim bilan yolg‘iz ona edim. Hattoki mahalla ham ikki yoshdan keyin bolamga ajratiladigan nafaqani to‘xtatib qo‘ygan edi. Aliment ham olmasdim. Moddiy sharoitim juda-juda og‘ir edi. 

Farzandim ikki yoshga to‘lgach, bir baklashka qaynoq suv va bir burda nonni belimga bog‘lab, yashashimga pul topish uchun qishloqlarga yayov borib, dala chekkasida tayoqlardan soyabon yasab, soyasiga belanchakdagi farzandimni qo‘yib, vaqti-vaqti bilan emizib, fermerlarning o‘tlarini, bug‘doylarini o‘rib, dalalarida ishlab, pul topib yurganman. Bir safar ishlab turib, farzandimni issiq emizganligim sababli u kasal bo‘lib qoldi. Buxoro viloyat bolalar yuqumli kasalliklar bo‘limida bizni pulsiz davolab, ovqatlarimizgacha tekin berishgan. Hatto kasalxonadan ketayotganimizda shifokorlar farzandlari va o‘zlariga kichkina bo‘lib qolgan kiyilgan kiyimlarini menga tekinga berishgan. Quvonganimdan yaxshi odamlar ham borligidan ta'sirlanib, rosa yig‘laganman, bu kiyimlarni ko‘zlarimga surtib kiyganman. Mening va farzandimning kiyinishimiz juda achinarli holatda edi o‘shanda. Shunday bo‘lsa ham tumanning sobiq prokurori, IIB XOOB bosh tergovchisi va qassoblarning menga umuman rahmi kelmagan. Aksincha ular men bilan suhbatlashishdan jirkanishgan. Men o‘z huquqimni to‘liq bilmaganligim sababli ularning barchasi birgalikda tuman sobiq prokurori himoyasida meni rosa kalaka qilishgan. Respublika prokurorlariga, Ombudsmanga va boshqa kazo-kazolarga ham murojaat qilib ham ishim hal bo‘lmagan. Dalalarda ishlab topgan pulimning bir qismini tejab, sigirimning pulidan umidvor bo‘lib pochta va yo‘l kira xarajatlariga ishlatganim befoyda bo‘lgan. Ammo sigirimning pulini ololmadim.

Pichoq suyagimgacha taqalgach, bir yarim yil yugurganimdan natija chiqmagandan so‘ng, ularni Xudoga solib qarg‘ashga majbur bo‘lganman. Qarg‘aganimdan so‘ng 40 kunga bormay IIB tergovchisi avariyaga uchrab, bir kunda halok bo‘ldi. Qassob esa tuzalmas dardga chalinib, yotoqda vafot etdi. Eshitishimcha sobiq prokuror ham o‘sha payt ishdan qandaydir sabab bilan to‘satdan urilib ketganmish. Sobiq uchastka noziri esa fohishani ishxonasida qabul qilayotganida uning IIB formalarini fohishaning boshqa bir shirakayf jazmani kiyib, tuman IIB boshlig‘ining yoniga boribdi. Uchastka noziri sharmandalarcha ishdan haydaldi. Bu voqealar sodir bo‘lganiga ham 7 yil bo‘ldi. Agar men o‘z huquqimni to‘liq bilganimda ularni Xudoga solib qarg‘ashimga hojat qolmas edi. Bularning barchasi huquqimni yaxshi bilmaganimdan va advokat yollashga pulim yukligidan bo‘ldi.. Fikrimcha, ularning barchasi men bilan muloqot qilib, tergov jarayonida huqukimni yaxshi bilmasligimga amin bo‘lib, ishni qassobning foydasiga hal qilishni rejalashtirishgan. Bu yerda, albatta, ularning qassobdan manfaatdor tomoni bo‘lgan. 

O‘tgan bir yarim yil mobaynida asabdan tishlarim to‘kilib, sochlarim oqarib, ozib ketdim. Chunki ko‘cha kuyda qassob va uning hamtovoqlari sigirning pulini oldingmi, qalaysan, qo‘lingdan nima ish keldi, deb yaramni yangilab ustimdan kulishar edi. Sigirning pulini olmasam ham Allohga sig‘inganim sababli ishga joylashdim. Hozir hayotim izga tushib ketdi. Qo‘limdagi chaqalog‘im hozir 5-sinfda a'lo baholarga o‘qiyapti. Ammo ko‘rgan azoblarim sababli qalbimdagi yara izlari chandig‘i hech qachon o‘chib ketmaydi. Qolaversa, mening karg‘ishim sababli vafot etganlarning oilasini ko‘cha-kuyda ko‘rsam, yuragim og‘rib ketadi. Bir moddiy buyumni inson hayotidan ham ustun qo‘yganimga vijdonim qiynalib ketadi. Mening boshimga tushgan kunlar boshqa huquqi buzilgan fuqorolarning boshiga tushishini hech qachon istamayman. Shu sababli men Prezidentimizning chiqargan qarorlaridan foydalanib, yuqoridagi taklifimni bildirishni lozim topdim”. 

Bir insonning huquqi toptalgani, bu ham kamdek kimsan qonun himoyachilarining o‘zi bir mazluma ayolning ustidan kulishgani chidab bo‘lmas holatdir. 10 fevral kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar organlari faoliyatini tanqid qildi. Tizimda kuzatilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish va istiqboldagi rejalar to‘g‘risida fikrlar bildirildi. Maktub egasi tomonidan ilgari surilgan g‘oyada ham jon bor. Ular amalda qo‘llanilsa, ijobiy natijalarga, albatta, erishilardi.

Mavzuga oid