Jahon | 15:18 / 13.02.2017
40873
2 daqiqa o‘qiladi

Atambayevning Yevropaga tashrifi O‘sh voqealari tashkilotchiligida ayblangan Azimjon Asqarovga hukm bilan bog‘liq

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayevning Yevropaga safari Azimjon Asqarovga chiqarilgan sud qarori fonida amalga oshirilmoqda. Bu haqda bugun prezident apparati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sapar Isoqov jurnalistlarga ma'lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston rahbari yevropalik hamkasblari bilan Asqarov masalasida tengma-teng muzokaralar o‘tkazadi.

«Bizning haqqoniy va to‘g‘ri tuzilgan muloqotimiz yevropalik hamkasblarda Markaziy Osiyodagi Qirg‘iziston — demokratik tamoyillar asosidagi davlat ekani haqida taassurot qoldiradi», deydi Isoqov.

Uning qayd etishicha, konstitutsion islohot ham Qirg‘izistonning demokratik yo‘ldan ketayotganiga ishonch hosil qiladi.

Azimjon Asqarov 2010 yilning 16 iyunida Qirg‘iziston janubida, o‘zbeklar istiqomat qiladigan hududda ro‘y bergan fojiaviy voqealardan keyin qamoqqa olingandi. U iyun voqealari vaqtida ommaviy tartibsizliklar tashkil qilish va mahalliy militsiya zobitini o‘ldirishga sheriklik qilishda ayblangan.

Iyun voqealarida yuzlab kishilar halok bo‘lgan, o‘n minglab odamlar uylarini tashlab chiqqandi. 

2010 yilning 15 sentyabrida Asqarov umrbod qamoq jazosiga hukm qilingandi.

U 24 yanvar kuni to‘rtinchi marta umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Asqarov esa bunga norozilik sifatida muddatsiz ochlik e'lon qildi.

Azimjon Asqarov o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni inkor etib keladi.

O‘tgan yilning aprelida BMT Inson huquqlari qo‘mitasi Asqarov qiynoqqa solingani tufayli jinoyat ishini qayta ko‘rib chiqishni talab qilgandi.

Azimjon Asqarovning ishi sababli Qirg‘izistonda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish muhokama qilingan, bu orada rasmiy Bishkekning AQSh bilan munosabatlari sovuqlashgandi.

Mavzuga oid