Jamiyat | 16:51 / 13.02.2017
37628
8 daqiqa o‘qiladi

Oson topilgan boylik yoxud og‘ufurush xolavachchalarning ayanchli qismati

"Mehnatdan kelsa boylik - turmush bular chiroylik!", deydi xalqimiz. Darxaqiqat, halol mehnatning noni shirin bo‘ladi. Peshona teri bilan topganingni oila a'zolaring bilan baham ko‘rib yashashga ne yetsin. Afsuski, ana shu oddiy xaqiqatni ayrimlar tushunmayda yoki tushunsa ham ahamiyat bermay, bilganidan qolmaydi. Vaholanki, har qanday qing‘ir ishning bir kun kelib, albatta qiyig‘i chiqadi.

Jinoyat ishlari buyicha Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani sudi va jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi binosida, ochiq sud majlisining qora kursilarida o‘tirgan Aliqulov Sanjarbek A'zamqulovich, Toshnazarov Hamroqul Hasanovich va Normatov G‘ayratjon Habibullayevich qilmishidan xabardor bo‘lsangiz, bunga ishonch hosil qilasiz.

S.Aliqulov 2015 yilga qadar Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida qo‘shimcha daromad topish maqsadida ishlab yurgan. 2015 yilning mart oyida xolasining o‘g‘li G‘ayrat Normatovga telefon qilib Rossiyada ishlash qiyinlashib ketgani, aprel oyida Tojikiston Respublikasiga qaytishini bildirgan. Suhbat davomida chegaradan giyohvandlik vositalarini olib o‘tish imkoni bor-yo‘qligi haqida so‘ragan. Xolavachchasi G‘ayrat bu savolga "ha, olib o‘tsa bo‘ladi" deb javob bergan. Shu kundan boshlab Sanjarga giyohvandlik vositasini olib o‘tish va osongina mo‘may daromad topish istagi tinchlik bermaydi.

2015 yilning aprel oyida Tojikiston Respublikasiga qaytib kelgan Sanjar o‘zining oldindan o‘ylangan rejasini amalga oshirish payiga tushdi. Bu ishga unga Panjikent bozorida uchratib qolgan "Ikrom" ismli tanishi yordam beradi. Ikrom Sanjarga giyohvandlik vositasini O‘zbekistonga o‘tkazib bersang, 6-7 ming AQSh dollari beraman, deb va'da qiladi. Sanjar ishni tezroq amalga oshirish uchun xolavachchasi G‘ayratga telefon qiladi. Suhbat davomida G‘ayrat giyohvandlik vositasini Zarafshon daryosi orqali olib o‘tish mumkinligini aytadi. Shundan so‘ng, Sanjar Ikromga telefon qilib, giyohvandlik vositasini olib o‘tish mumkinligini aytadi va O‘zbekiston Respublikasiga o‘tish uchun viza-ruxsatnoma oladi. 2015 yil 24 aprelda G‘ayratga telefon qilib, O‘zbekistonga onasining qabrini ziyorat qilishga borishini aytadi. G‘ayrat qing‘ir ishlarini amalga oshirish uchun Tojikiston Respublikasiga tegishli uyali aloqa operatori sim-kartasi kerakligini bildiradi.

Sanjar qonuniy yo‘l bilap O‘zbekistonga keladi. Onasiniig qabrini ziyorat qilish uchun Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani Farmontepa qishlog‘iga boradi. U yerda uni tog‘asi M.Shodmonov kutib oladi. Onasining qabrini ziyorat qilish bahonasida kelgan Sanjar tog‘asining uyida yashay boshlaydi. Bu orada xolavachchasi G‘ayrat bilan uchrashib, jinoiy ishni qanday amalga oshirish bo‘yicha kelishib oladi va unga Tojikistondan olib kelingan ikkita sim kartasini beradi.

Sanjar Tojikiston Respublikasiga qaytib kelgach, hamtovog‘i Ikrom bilan uchrashib, hammasi tayyorligini, O‘zbekistonda ularni xolavachchasi G‘ayrat kutib olishini aytadi. 2015 yil iyun oyi boshlarida Sanjar Ikrom bilan Panjikent bozorida ko‘rishadi. Ikrom uni ismini aytmagan notanish kishi bilan uchrashtiradi. U kishi chegaradan o‘tkazib bergan har bir kilogramm giyohvand vositasi uchun 150 AQSh dollari talab qiladi. Sanjar ukasi to‘y qilayotganini vaj qilib bu narxga ko‘nmaydi. Shunda Ikrom oldi-sotdi ishlarini amalga oshirib qaytib kelgandan keyin yana 1000 AQSh dollari berishini aytadi. Sanjar 20 kilogramm giyohvandlik vositasini bir o‘zi olib o‘ta olmasligini anglab, bu ishga qo‘shnisi Hamroqulni ham jalb etadi.

Sanjar barcha ishlarni gaplashib olgandan so‘ng O‘zbekistondagi xaridorning telefon raqamini olib, G‘ayratga boradi. G‘ayrat xaridorlar bilan uchrashib, Sanjarga telefon orqali hammasi joyida ekani, xaridorlar ishonchliligini aytadi.

Sanjar 2015 yil 12 iyun kuni jinoiy sherigi Ikrom bilan o‘zining yashash manziliga yaqin hududda uchrashib, ulardan 2ta sumkaga joylashtirilgan, og‘irligi 20 kilogramm bo‘lgan "opiy" giyohvandlik vositasini olib, so‘ng Hamroqul Toshnazarov bilan birga O‘zbekiston-Tojikiston chegara hududidan oqib o‘tgan Zarafshon daryosini kesib o‘tadi va Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumani, Farmontepa qishlog‘ida yashovchi qarindoshi G‘ayratjon Normatovning yashash manziliga yetib keladi. 2015 yil 13 iyun kuni jinoiy guruh a'zolari G‘ayratjon Normatovga tegishli bo‘lgan "Neksiya" rusumli, davlat belgisi 30O798MA bo‘lgan avtomashinaga "opiy" giyohvandlik vositasi solingan sumkalarni joylashtirib, oldindan kelishilgan manzil - Bulung‘ur tumani "Mingchinor" hududiga olib kelib, "mijoz"ni kutib turgan vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olinadi.

S.Aliqulov ushlanib, qo‘lidagi sumkalar ko‘zdan kechirilganida, ularda 20 dona o‘ramdagi o‘tkir hidli, jigarrang ko‘rinishdagi saqichsimon modda borligi aniqlangan. O‘tkazilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, olingan modda "opiy" giyohvandlik vositasi ekanligi, uning umumiy vazni 19 kilogramni tashkil etishi aniqlangan.

Nomlari tilga olingan sudlanuvchilar hayotda ezgu maqsad bilan harakat qilib, bir hunarning boshidan tutib, mehnat qilganlarida edi, bebaho umrlarini behuda o‘tkazmas, giyohvandlik moddasi savdosi bilan shug‘ullanmas edilar. Afsuski, oson pul topish ilinji, mehnatdan qochish, to‘g‘ri yo‘l qolib, egrisini tanlash ularni mahkumlikka yetakladi.

Ushbu shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan aybdor deb topilib, Aliqulov Sanjar 16 yil, Toshnazarov Hamroqul 17 yil, Normatov G‘ayrat 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Shahar bedarvoza deb o‘ylagan bu og‘ufurushlar tergov va sud jarayonida o‘z qilmishlari sababini turli bahonalar bilan oqlashga urindi. Biri "bolam kasal" desa, boshqasi "onam kasal, pulga ehtiyojim bor edi", dedi. Holbuki, bu hayotda tashvishsiz insonning o‘zi yo‘q. Har kimni ham turli muammolar bezovta qilishi tabiiy hol. Nahotki muammoni hal qilish uchun jinoyat ko‘chasiga kirish lozim bo‘lsa?!

Yaxshi yashashni orzu qilganlar og‘ufurushlik yoki boshqa qing‘ir ishlar bilan emas, balki to‘g‘ri va halol yo‘l bilan hayot kechirsalar, ko‘ngillari xotirjam, turmushlari go‘zal bo‘lardi. Axir, mamlakatimizda ishlayman deganga barcha imkoniyat yaratilgan. Yaxshi yashamoqchimisiz, marhamat, to‘g‘ri ishlang, halol pul toping. Hech kim sizga xalaqit bermaydi. Ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman deganlar shu maqsadlariga yetib, moddiy jihatdan o‘zlarini tiklab olmoqdalar, farzandlari orzu-havasini ko‘rib yashamoqdalar, Mustaqil O‘zbekistonimizda buning uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.

Insonga hayot bir marta beriladi, uni qanday yashab o‘tkazish insonning o‘ziga bog‘liq. Nafsga erk berish, molu-dunyoga o‘ch bo‘lishning oxiri voy. Ular inson sog‘ligidan, tinch-totuv hayotidan afzal zmas. Bunday hayot falsafasini esa har bir inson anglab yetmog‘i lozim.

Sahobiddin Ergashev

Mavzuga oid