Jamiyat | 22:49 / 15.02.2017
12900
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda uchuvchi yo‘lni so‘rash uchun vertolyotni mashina yo‘liga qo‘ndirdi

Qozog‘istonda Mi-8MT harbiy vertolyoti Oqtobe viloyatining Qorabutoq posyolkasi yonidagi avtomobil yo‘liga qo‘ndi. Bu haqda mahalliy 365info.kz nashri ma'lum qildi.

Uchuvchi vertolyotni qo‘ndirgach, uning kabinasidan chiqib, yo‘l chetida turgan yuk mashinasi yoniga yugurib borib, haydovchi bilan gaplashib, yana ortiga qaytgan. Shuningdek, bu holat aks etgan videoda ratsiya orqali "Erkaklar adashib qolishibdi. Kelib Aktyubinsk qayerdaligini so‘rashdi", degan ovoz eshitilgan.

Keyinroq Qozog‘iston mudofaa vazirligida harbiylar ob-havo sharoitlari yomonlashganda mo‘ljalni olishni mashq qilish davomida trassaga qo‘nganlari tushuntirilgan.

Qozog‘iston harbiy-havo kuchlari vertolyoti o‘quv-jangovar vazifani bajarayotgan bo‘lgan. Aytilishicha, bu vazifani bajarish davomida uchuvchilar vizual mo‘ljalga olishni jumladan so‘rab bilish usuli bilan tiklash masalalarini mashq qilishgan. Shu sababli ekipaj yo‘lga qo‘nib, yaqin oradagi aholi punktlarining joylashishini bilib, yana havoga ko‘tarilib, vazifani yakunlagan. Ayni vaqtda vertolyot o‘zi biriktirilgan aerodromda turibdi.

Mavzuga oid