Jahon | 19:18 / 15.02.2017
23824
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkda vahima: “Hamma yoqni kalamushlar bosib ketdi”

Nyu-York mahalliy hukumati shahar tumanlaridan birida yashovchi fuqaro kalamushlar tomonidan tarqatiluvchi leptospiroz yuqumli kasalligidan vafot etgani tufayli favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi. U bugun, chorshanba kuniga belgilangan. Bu haqda NBC New York telekanali xabar berdi.

Mahalliy hokimiyat ma'lumotlariga ko‘ra, kasallik Bronksning yana ikki nafar fuqarosida aniqlangan, ular ayni damda bu xastalikni yengishga muvaffaq bo‘lishgan.

"Kasallik jiddiy bo‘lishi mumkin, biroq u antibiotiklar yordamida davolanadi", - deya xabar berdi sog‘liqni saqlash departamenti. Departament xodimlari kemiruvchilar bilan kurash uchun barcha tegishli choralarni ko‘rmoqda.

Shifokorlar Bronks aholisiga kalamushlar yig‘ilishi mumkin bo‘lgan joylardan uzoqroq yurish va qo‘llarni yaxshilab yuvishni maslahat berishdi. Biroq, mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, buning iloji yo‘q: hamma yoqda "kalamushlar tiqilib yotibdi va ular nafaqat binolarda, balki poyezdlar ham ular bilan to‘la".

Ta'kidlanishicha, vahima shu darajada kattaki, Qizil xoch tashkiloti tumandagi sakkizta oilaga vaqtinchalik turar-joy taqdim etgan.

Mavzuga oid