Jahon | 09:20 / 15.02.2017
3324
2 daqiqa o‘qiladi

Togoning sobiq bosh vaziri Xalqaro qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti jamg‘armasi prezidenti etib saylandi

Foto: AP

Togoning sobiq bosh vaziri, 56 yoshli Jilber Fossun Ungbo 14 fevralda Xalqaro qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti jamg‘armasi prezidenti (IFAD) etib saylandi. Bu haqda BMTning bu maxsus tashkilotining Rimdagi bosh qarorgohidagi manbalar ma'lum qildi.     

IFAD’ning yangi prezidenti saylovi jamg‘arma boshqaruvchilari kengashining 40-sessiyasida bo‘lib o‘tdi. Togo vakili 1 apreldan bu nufuzli xalqaro institutni boshqara boshlaydi. Bu tashkilot unga a'zo 176 ta davlatning rivojlanayotgan mamlakatlarning qishloq hududlarida nochorlik va ocharchilikni yo‘q qilish uchun moliyaviy resurslarni safarbar qilish bo‘yicha sa'y-harakatlarini birlashtiradi.  

Ushbu lavozimga 8 nomzod, jumladan uch ayol da'vogarlik qilgandi. Ular orasida Dominikana Respublikasi, Indoneziya, Italiya, Marokash, Meksika, Togo, Turkiya va Shveytsariya vakillari bor edi. 

Togo vakili nigeriyalik Kanayo Nvanzening o‘rniga keladi. Nvanze o‘zining ikkinchi 4 yillik muddatini yakunlamoqda.

IFAD 1974 yilda Jahon oziq-ovqat anjumanining qarori bilan yaratilgan. 

Mavzuga oid