Jahon | 07:34 / 16.02.2017
9674
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston prezidenti davlat bayrog‘i kuni munosabati bilan amnistiya e'lon qildi

Foto: RIA

Uchinchi muddatga qayta saylangan Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov davlat bayrog‘i kuni munosabati bilan 828 mahbusni afv etdi. Bu haqda Turkmaniston televideniyesi ma'lum qildi.   

Prezident afv etish haqidagi farmonni hukumat va Davlat xavfsizlik kengashining prezidentlik saylovlariga bag‘ishlangan qo‘shma majlisida imzoladi. Turkmanistonda davlat bayrog‘i kuni 19 fevralda nishonlanadi.

Farmon afv etilgan odamlarni asosiy hamda qo‘shimcha jazodan ularga ma'lum hududda yashash majburiyatini yuklash bilan ozod etadi. 

Prezident huquq-tartibot muassasalari rahbarlariga afv etilganlar bayramni o‘z yaqinlari davrasida o‘tkazishlari uchun ularning o‘z vaqtida uylariga yetib borishlarini ta'minlashga ko‘rsatma berdi. Turkmaniston prezidenti shuningdek mahalliy hokimiyat organlariga afv etilganlarga ish topishda ko‘mak ko‘rsatishni topshirdi.

Turkmanistonda afv etish aksiyalari davlat bayramlari munosabati bilan bir yilda bir necha marotaba o‘tkaziladi. Bundan avvalgi amnistiya o‘tgan yil dekabrida Betaraflik kuni munosabati bilan o‘tkazilgan va unga ko‘ra 561 nafar mahbus ozodlikka chiqarilgandi.

Mavzuga oid