Jamiyat | 18:12 / 20.02.2017
77180
8 daqiqa o‘qiladi

Yigitlar orasida yangi urf – ichkuyovlik!

Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga esa behisob salavotu durudlarimiz bo‘lsin.

Ustoz qori akalarimizdan biri hikoya qiladilar:

“Bir kuni shahar ko‘chalaridan birida ulovim bilan ketayotgan edim. Bir-ikkita yigit qo‘l ko‘tardi. To‘xtab, ularni ulovimga mindirib oldim. Yo‘lda ketayotganimizda ular o‘zaro ichkuyov mojarolari to‘g‘risida gapirib qolishdi. O‘z-o‘zidan men ham suhbatga qo‘shilib:

– Hoy yigitcha, uylanganmisiz, oilangiz bormi? – desam:
– Ha, uylanganimga bir hafta bo‘ldi – dedi.
– Ichkuyovmisiz? – deb so‘radim. U esa bir sapchib tushib:
– Nima deyapsiz? Xudoga shukr, ichkuyov emasman – dedi.

Men unga qarata:

– Egningizdagi kostyum-shimni kelin olib berganmi? Ko‘ylakni-chi? Ichkiyimlaringiz, hatto oyog‘ingizdagi tuflini ham kelin olib bergan bo‘lsa kerak-a? – desam:

– Ha, shunaqa... – deb javob berdi.

Yana unga:

– Hozir uyingizga borsangiz, u yerdagi barcha jihozlar, ko‘rpa-to‘shak, yotoq uchun divan, gilam, parda, idish-tovoqlar barchasi kelin tarafdan keltirilgan bo‘lsa kerak? Endi nima deysiz, siz ichkuyov bo‘lmasdan kim ichkuyov bo‘lishi mumkin? O‘zingizcha ichkuyov degani faqatgina kelinning ota-onasi yashaydigan hovli-joyga borib, ular bilan birga yashashga aytiladi deb o‘ylaysizda, a? – deb rosa tushuntirdim...”.

Mana azizlar, ushbu bir voqeaning o‘zida qanchadan-qancha hikmat va haqiqatlar bor. Ko‘pchiligimiz o‘ylamagan, hattoki tasavvur ham qilmagan, lekin ayanchli, alamli, hattoki ko‘pchilikka yoqmaydigan va yoki tan olgisi kelmaydigan buyuk haqiqat, o‘z ifodasini topgan. Bunday holat o‘tmishimizda bo‘lmagan. Balki bir necha yillar oldin paydo bo‘lgan bid'atu xurofot, oriyatsizlik, g‘urursizlik va yana qandaydir illatlar tufayli paydo bo‘lgan musibatdir. Yaqin o‘tmishimizda ham “ichkuyovlik” har qanday yigit uchun haqorat, or va nomus hisoblangan. Mobodo taqdir taqozasi ila ma'lum bir sabab va uzrlar tufayli biror yigit ichkuyov bo‘lib oila qursa, tengdoshlari, ulfat va qavm-qarindoshlari ichida bosh ko‘tara olmas, uning so‘zini hech kim tinglamas edi. Vaholangki, shariat nuqtai nazaridan qaralganda uzrli holatlarda (kelinning ota-onasi keksa bo‘lib, qarovsiz qolish xavfi bo‘lganda yoki kuyov o‘ta kambag‘al va nochor bo‘lganidan, kelinni boshpana bilan ta'minlash imkoniyatiga ega bo‘lmaganida va yana bundan tashqari ba'zi holatlar) ichkuyov bo‘lish hech qanday ayb emas. Lekin shundoq bo‘lsa ham barmoq bilan sanarli darajada ichkuyovlar bo‘lmasa, mutlaqo bo‘lmas edi. Bo‘lganda ham ichkuyovlar suratan ichkuyov bo‘lsa ham, haqiqatan o‘zlarining erlik mas'uliyat va burchlarini sidqidildan ado etar edilar.

Hozirda esa suratan ichkuyov bo‘lmasa ham ma'nan va haqiqatan har taraflama, ichkuyovlik kundan-kunga “yigitlar” ichida urf, odat hattoki u bilan faxrlanish va bir-birlariga maqtanish vositasi bo‘lib qolmoqda. Choyxonalarda ulfatchilik qilib o‘tirgan yoshlarning suxbatiga bir quloq tutsangiz o‘zingiz guvoh bo‘lasiz. Bir yigit: “Ustimdagi Pidjakni qaynotam qanchaga olib berganini bilasanmi, tuflini-chi? Yaqinda mashina ham olib bermoqchi”, desa, ikkinchisi: “Meni qaynotam yangi mansabga o‘tkazib qo‘ydi, tunov kuni xotinim tug‘ilgan kunimda qaynonamga: “Adamga ayting, kuyovingizga bosh-oyoq sarpo qilib bersin, importniy bo‘lsin, yana qaynonam va erimni oldida uyalib qolmayin” deydi.

Bunga o‘xshagan qo‘shtirnoq ichidagi faxrlanishlarning cheki yo‘q. Yurishlari esa olamni buzadi. Agar ularning ichida birortasi taqdir taqozosi bilan ichkuyov bo‘lib hayot kechirayotgan bo‘lsa, ulfatlariga Xudo beradi. Har bir o‘tirishlari, yig‘ilishlarida asosiy mavzu va nishon aynan o‘sha ichkuyov bo‘ladi. O‘tirsa – o‘poq, tursa – so‘poq, go‘yoki uning ulfatlar bilan choyxonada birga o‘tirishga, dam olishga yoki biror joyga birga sayohatga chiqishga ham haqqi yo‘q. Hech kim u bilan yaqindan do‘st bo‘lmaydi. U har qancha aqlli bo‘lsa ham gapi va maslahati e'tiborga olinmaydi. Unga nisbatan nafaqat ulfatlar, balki boshqa tanish-bilish, qavm-qarindosh va hattoki qo‘ni-qo‘shnilar ham haqoratomuz so‘zlar aytib, past nazar bilan qaraydilar. O‘zlarining holatlari qay darajada ekanini esa o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Agar yaxshilab hisob-kitob qiladigan bo‘lsak, hozirgi kundagi aksariyat oila qurayotgan yigitlar haqiqiy tom ma'nodagi ichkuyovlardir. Lekin o‘zlari buni sezmaydi yoki sezsalar ham tan olmaydi. Chunki ichkuyov to‘g‘risida ularning tor va yuzaki tushunchalari bor. Bu haqda aytib o‘tdik. Ana shunday tushunchada yurganliklari uchun ham xotinlari ularga ko‘pincha itoat etmaydi. Chunki erining ustidagi barcha libos, uydagi jihozlarining kichigidan tortib kattasigacha, hattoki minib yurgan ulovigacha kelin taraf olib berganidan keyin, albatta, kelinning aytgani-aytgan, degani-degan, bo‘ladi-da!

Odatda ba'zi kelinlar o‘zi tushgan xonadon egalarini har taraflama qo‘lga olish, ularga o‘z hukm va injiqliklarini o‘tkazish va yana qandaydir g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun ham mazkur xarajatlarning hammasini o‘z zimmasiga oladi. Va albatta, bu xarajatlar kelajakda o‘zining samarasini berib, kelinning tili bir qarich bo‘ladi. Xalqimiz “Yegan og‘iz uyalar” deganidek, kuyovbola va uning ota-onasi kelinning og‘ziga qarab turadigan bo‘lib qoladilar. Biror narsa deb xotinga tanbeh berib, unga ta'sir o‘tkazmoqchi bo‘lay desa, tili qisiq, hattoki xotini ajrashaman deb harhasha qilib qolishidan qo‘rqadi. Chunki bunday boyvuchcha xotindan ajralsa, o‘zi yalang‘och, uy-joylari qup-quruq qoladi, balki ko‘pincha egallab turgan mansabidan ham ayrilib qolish xavfi bor. Ayting-chi, mana shunday qo‘shtirnoq ichidagi yigitchalar haqiqiy ichkuyov emasmi?

Ishoqjon BeGMATOV,
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi,
«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi,
«Oltin Qalam» XI Milliy mukofoti sohibi

Mavzuga oid