Jahon | 19:23 / 22.02.2017
22703
3 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev Chingizxonning nasabi bo‘yicha munozaralar haqida: Faqat oldinga qarash kerak

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev qozog‘istonlik olimlarni ajdodlar erishgan yutuqlarni davom ettirishga chaqirdi. Bu haqda u Qozog‘iston Respublikasi Milliy fanlar akademiyasida o‘tkazilgan yig‘ilish vaqtida gapirgan.

"Akademik Muxtor Avezov shunday degandi: "Bilim insonlarni insonlar bilan, xalqlarni xalqlar bilan teng qiladi". Biz - o‘z nomimizni abadiyatga muhrlashga intilgan xalqmiz. Men "Tomaris qozoq bo‘lgan", "Chingizxon qozoq bo‘lgan" kabi gaplarni eshitganimda qattiq xafa bo‘laman. Bizda muhokama qilish uchun boshqa mavzu yo‘qmi? Biz bu holatda qanday qilib, boshimizni burib olg‘a yura olamiz? Faqat oldinga qarash vaqti kelgan. Toni Bler bir safar parlamentda shunday degandi: "Buyuk Britaniya katta o‘tmishga ega, ammo biz muzeyda yashay olmaymiz. Odamlarni kompyuterlar qarshisiga o‘tirgizishimiz kerak". Biz ham shunday o‘ylashimiz kerak. Siz kelajak haqida qayg‘urishingiz kerak. Kelgusi avlod qanday bo‘lishi kerakligini muhokama qilsak adolatli bo‘lardi. Biz eski avlodmiz, qaysiki katta dashtda katta davlat qurgan avlod. Men ham sizning qatoringizdaman. Bizga bizning yutuqlarimizni saqlagan holda vatanimiz nomini ulug‘laydigan avlod kerak", - degan Nazarboyev.

U Qozog‘istonga yangi elita, raqobatbardosh, jahon talablari darajasidagi yosh elita kerakligini qayd etgan. Uning fikricha, yosh qozog‘istonliklar nafaqat ona tilini, balki, ingliz tilini ham yaxshi bilishi kerak.

"Yangi avlod yanada bilimdon, yanada ma'rifatli va yanada madaniy jihatdan yetuk bo‘lishi kerak. Qozog‘istonlik yoshlarni qanday qilib jahon talablari darajasiga olib chiqish mumkin? Buning uchun qay yo‘nalishda harakatlanmoq kerak? Kelajak haqida qayg‘urishimiz, yoshlar uchun zamonaviy sharoitlarni yaratib berishimiz kerak. Yangi avlod yetakchilari kuchli va vatanparvar bo‘lishi lozim", - degan prezident.

Mavzuga oid