O‘zbekiston | 21:08 / 27.02.2017
46386
12 daqiqa o‘qiladi

Eksklyuziv: Dunyoning eng kuchli, yosh iqtisodchilaridan biri - o‘zbekistonlik Raufxon bilan intervyu

Yaqinda Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universitetining iqtisod fani o‘qituvchisi Raufxon Salaxo‘jayev dunyoning 100 ta eng kuchli yosh iqtisodchisi reytingidan joy oldi. Research Papers in Economics tashkiloti tomonidan tuzilgan mazkur nufuzli reytingda hamyurtimizning 32-pog‘onani egallagani quvonarli holat, albatta.

Hali o‘ttiz yoshni qarshilamagan bo‘lishiga qaramay, Raufxon makroiqtisoddagi yangi yo‘nalish «Iqtisodiy o‘sishning chuqur omillari» bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan kam sonli olimlardan.

Yosh olim, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutida katta ilmiy xodim sifatida faoliyat olib boradi.

Bugun aynan Raufxon bilan suhbat qurib, qahramonimiz bilan yaqinroq tanishishga, uning iqtisod sohasidagi qarashlari, kasbiy faoliyati, shuningdek, qiziqishlari, ichki olami bilan o‘rtoqlashishga harakat qildik. 
 
Tanishing: Salaxo‘jayev Raufxon Farhodxonovich 

Tug‘ilgan sanasi: 19 iyun 1987 yil, Namangan viloyati, Kosonsoy tumani. 

Qayerda tahsil olgan: 

2002-2003 yil — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litseyi. 

2003 yilda Future Leaders Exchange (FLEX) program dasturidan muvaffaqiyatli o‘tib, ikki yil davomida Texas (AQSh) shtati, Ostin shahridagi Anderson High School maktabida tahsil oladi. 

2005 yilda Namangan shahridagi Do‘stlik akademik litseyini tamomlab,Toshkent Moliya institutiga davlat granti asosida o‘qishga kiradi.  

2010 yilda Edmund Muskie stipendiyalar dasturi sohibiga aylanib, Nyu-York Davlat universitetiga o‘qishga qabul qilinadi. 2012 yilda Kornel universitetining (AQSh) Mehnat munosabatlari fakultetida malaka oshiradi. 

- Dunyoning eng kuchli yosh iqtisodchilaridan biri ekanligingizni bilganingizda, nimalarni his etdingiz? 

Bu men uchun kutilmagan va yoqimli hodisa bo‘ldi. Bu reyting ayni damda sayyoramizda samaraliroq mehnat qilayotgan olim iqtisodchilar kim ekanini bilib olishga yordam beradi. Mazkur ro‘yxatdan joy olishim — bu faqat shaxsiy g‘alabam emas, balki yurtimizning ham g‘alabasidir. O‘zbekistonning katta qismini yoshlar tashkil etishini hisobga olgan holda bizda mislsiz ilmiy salohiyat bor, deb hisoblayman va yaqin 20 yil ichida mamlakatimiz Koreya va boshqa davlatlar yo‘lini bosib o‘tishi mumkin. Men uchun bu yangidan-yangi g‘alabalar uchun katta mas'uliyat yuklaydi, ilm bilan shug‘ullanishga rag‘bat beradi. 

- Odatda, dunyoning eng yaxshi iqtisodchilari nima bilan shug‘ullanadi? Reytingda kimni shaxsan taniysiz?

Mening hammualliflarim asosan, evolyutsion biologiya va psixologiya sohasidagi sotsiolog va politologlardir. Ular o‘z tadqiqotlarini Harvard univesiteti, London iqtisodiyot maktabi va boshqa nufuzli muassasalarda olib borishadi. Shu sababli mazkur reytingda hech kimni shaxsan tanimayman, biroq bu ro‘yxatga kiritilgan insonlarning barchasi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tadqiqotlar qilib kelayotgan dovrug‘i baland olimlar.
 
- Iqtisodiyotning qaysi sohasiga ko‘proq ixtisoslashgansiz? 

Mening soham — xalqaro makroiqtisodiy jarayonlarni evolyutsion biologiya va psixologiya nuqtai nazaridan tushuntirish. Mazkur yo‘nalish iqtisodiyotda yangi va urfga kirgan sanaladi. Jumladan, mening ishlarim mamlakatlar orasida bozor instituti sifati va daromadlar tengsizligi darajasidagi farqlar 50 yoki 100 yil avval emas, balki undan-da avvalroq, xalq va davlatlarning madaniy boyliklari shakllanayotgan vaqtda paydo bo‘lganini tushuntiradi. Mazkur yo‘nalishda bor-yo‘g‘i bir necha olim iqtisodchi ish olib boradi, yaqin 5-10 yil ichida iqtisodiy o‘sishning chuqur omillarini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘z mevasini beradi.

- Universitetda ta'lim berish siz uchun nimani anglatadi? Axir xorijda siz kabi mutaxassislarga bo‘lgan talab doim yuqori.

Men Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida dars berishni juda yaxshi ko‘raman. Sababi u yerdagi jamoa nafaqat yosh va salohiyatli olim iqtisodchilardan, balki katta tajribaga ega mutaxassislardan ham iborat. Mazkur oliygohda o‘qituvchilik faoliyati va ilmiy tadqiqotlarni bir vaqtda olib borish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Hamkasblarimiz tomonidan yozilgan ilmiy maqolalarni muhokama qilish uchun doimiy tarzda ilmiy seminar va muzokaralar o‘tkaziladi. Universitetda iqtidorli talabalar tahsil oladi, ular yozgan diplom ishlarining sifati g‘arb oliygohlarida yoziladigan ishlardan sira farq qilmaydi.

- Tinimsiz izlanib, bilim olib, rivojlanishingizga nima majbur qiladi? Shaxsiy maqsadingiz nimadan iborat?

Shunchaki men, agarda inson har kuni (doimiy tarzda) o‘z-o‘zini yengsagina, g‘alaba qozonadi, deb hisoblayman. Inson doimo yangi maqsadlar qo‘yishi va eng muhimi, bu maqsadga erishish chog‘ida o‘zini bo‘shashtirib yubormasligi lozim. Mening maqsadim – 40 yoshga borib, fikr-mulohazalariga dunyo ilmiy hamjamiyati quloq tutuvchi jahon miqyosidagi olim bo‘lish.  

- Bu yo‘nalishda endigina tahsil olayotgan yosh iqtisodchilarga nimani maslahat bergan bo‘lar edingiz? 

Fikrimcha, zamonaviy ilmiy adabiyotni ko‘proq o‘qish zarur. Sababi, iqtisodiyot ayni damda juda ham tez sur'atda rivojlanib bormoqda. Shuningdek, iqtisodchi o‘z ustida ishlashi, yaxshi statistik uslublarni egallashi, doimo o‘z-o‘zini tanqid qila olishi lozim. 

- Bizning mamlakatda iqtisodchilarga bo‘lgan talab qanday? Qaysi mutaxassislar bizga ayni damda yetishmaydi?

Shuni qayd etish lozimki, iqtisodiyot — bu terma soha. Iqtisodchilar – bu buxgalterlar, amaliyotchilar, olimlar va h.k. Kimdir rejalashtirish yoki bashorat qilish bilan shug‘ullanadi, kimdir esa xuddi men kabi asosiy ilmiy iqtisodiyot bilan mashg‘ul bo‘ladi. Men ushbu kasblarning barini zarur deb sanayman, agar inson malakali bo‘lsa, uning ishi qo‘shimcha qiymat yaratadi. Yurtimizga hozir aynan shunday zarur bilim va malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar kerak.

- Global iqtisodiy inqiroz – bu nima va u bilan qanday kurashish kerak?

Inqirozga xavf deb emas, balki imkoniyat sifatida qarash lozim. Aynan inqiroz vaqtida ahamiyatli yangiliklar va muvaffaqiyatlar amalga oshiriladi. Bizning mamlakatimiz rivojlanayotgan mamlakatlarda kuzatiluvchi ko‘plab iqtisodiy bo‘ronlardan hech qanday yo‘qotishlarsiz o‘tdi. Masalan, biz 2008 – 2009 yillarda YaIM yuqori o‘sishini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldik. Inqiroz bilan kurashish shart emas, uning alomatlarini kuzatib va qat'iy ravishda iqtisodiyotni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish lozim. Hozirda tabiiy resurslarning arzon narxi tufayli ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar bor e'tiborni inson kapitali va innovatsion kichik hamda o‘rta biznesni taraqqiy etishga qaratmoqda. Bu holatni O‘zbekistonda ham yaqqol uchratish mumkin.

- Bizning iqtisodiyotimizni kuchli va kuchsiz tomonlarini nimada ko‘rasiz?

Mamlakatimiz iqtisodiyoti sayyoramizda jadallik bilan rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biridir. YaIMning 7-9 foiz oralig‘ida uzoq yillar davomida o‘sib kelayotgani yurtimizning tashqi to‘ntarishlarga chidamli ekani va muhim himoya zaxirasiga egaligini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda yetarlicha malakali ishchi kuchlar, Osiyoda qulay strategik joylashuv, diversifikatsiyalangan iqtisodiyot va boy tabiiy-resurs manbai mavjud. Men asosiy potensial — bu insonlar salohiyati, bozor institutlari va iqtisodiy rivojlanishning innovatsion modeli, deb hisoblayman.  

- Ma'lumki, yaqinda "2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlar strategiyasi" loyihasi qabul qilindi. Bu dasturda sizni aynan nima mamnun etdi va yana nimalarni qo‘shimcha qilgan bo‘lar edingiz?

Mazkur strategiyada meni ko‘proq hukumatning ilm va ilmiy tadqiqotlarga katta e'tibor qaratgani quvontirmoqda. O‘rta Osiyo, jumladan, O‘zbekiston hamisha o‘z olimlari va ilmiy yutuqlari bilan shuhrat qozonib kelgan. Ushbu strategiyaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ilmning rivojlanishida yangi davrni ochib beradi. Biz esa xalqaro ilmiy hamjamiyatda O‘zbekiston dovrug‘ini yanada mustahkamlaymiz.

- Mamlakatda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun qanday muammolarni zudlik bilan hal etish lozim, deb hisoblaysiz? Qaysi davlatlarning biznes modeli bizga namuna bo‘lishi mumkin?

Fikrimcha, hozirgi kunda qo‘llanilayotgan chora-tadbirlar davlatimizning kichik va o‘rta biznesni iqtisodiy o‘sishning olg‘a suruvchisi sifatida ko‘rayotganidan darak beradi. Misol uchun, o‘z biznesini ochish uchun kerakli bo‘lgan xarajatlar kamaytirildi, korxonani ochish uchun ketadigan vaqt kamaytirildi va tekshirishni amalga oshiruvchi davlat organlarining xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatiga aralashuvi cheklandi. Shu chora-tadbirlar tufayli, O‘zbekiston biznesni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro reytingda yuqoriroq pog‘onani egallaydi, bu esa investitsion muhitni yaxshilashga va chet el investitsiyalarining iqtisodiyotga bo‘lgan oqimiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. O‘ylaymanki, bu Singapur va Koreya kabi boshqa Janubi-Sharqiy Osiyoning omadli davlatlarida uchraydigan yo‘nalish bilan o‘xshash. Kelajakda, shuningdek, xususiy sektor va akademik institutlar o‘rtasidagi hamkorlikka katta e'tibor qaratish lozim. Bu innovatsion tovar va xizmatlarni yaratib, jahon bozorida raqobat o‘rnatishga imkon beradi. 

Blits-intervyu: 

1. Hayotdagi shioringiz: Publish or Perish… (Nashr etish yoki o‘lish)

2. Siz uchun eng ideal dam olish: Ideal hordiq – qayerdadir, masalan, boshqa mamlakatda ko‘l yoki okean qirg‘og‘ida, tabiatda dam olish kunlarini o‘tkazish. Bu faqat ta'til paytida sodir bo‘ladi. Odatda, men dam olish kunini do‘stlarim bilan yoki uyda serial va kino tomosha qilish bilan o‘tkazaman. 

3. Sevimli asaringiz: Yaxshi ko‘rgan kitoblarim juda ko‘p. Dunyoning o‘rganishga bo‘lgan qiziqishim sabab sayohat haqidagi kitoblarni yaxshi ko‘raman. Birinchi o‘qigan kitobimdan biri - Robinzon Kruzo.

4. Qaysi xorijiy shaharlarda bo‘lgansiz: Istanbul, Kiyev, Xanoy (Vetnam), Kuala-Lumpur, Pekin, Seul, Parij, Rim, Florentsiya, AQShning 13ta shtati, jumladan, Nyu York, Vashington, Sietl, San-Frantsisko shaharlari, shuningdek, Moskva va Olmaotada bo‘lganman. Tez orada Minsk va Shri Lankaga sayohat qilishni rejalashtirganman.

5. 2017 yilda asosiy maqsadingiz: Yanada ko‘proq malaka oshirish va zukkoroq bo‘lish.

Feruza Avazova suhbatlashdi

Mavzuga oid