Jamiyat | 11:06 / 01.03.2017
55323
11 daqiqa o‘qiladi

Odamovilik, bilakdagi jarohat va kit surati: farzandingiz jiddiy muammo ichida

Ayni kunlarda barchaning diqqat markazida “Ko‘k kit” o‘yini va shu o‘yinga turdosh boshqa o‘yinlar mavzusi bo‘lib qoldi. Jurnalistlar, blogerlar va turli soha odamlari tomonidan bu haqda juda ko‘plab materiallar, videoroliklar va maqolalar taqdim etib kelinmoqda. Bu o‘yinning tarixi qanday, unga ilashib qolganlarni qanday ajratsa bo‘ladi va eng asosiysi undan emlanish uchun nima qilsa bo‘ladi? Bugun imkon qadar ana shular haqida so‘z yuritishni lozim topdik.

Fitnaning boshlanishi

Keling, biroz olisdan boshlaymiz. 2015 yilning noyabr oylarida internet tarmog‘ida ancha shov-shuvga sabab bo‘lgan surat paydo bo‘ldi. Unda Rossiyaning Ussuriysk shahrida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan Rina Palenkova ismli qizning poyezd yonida turgan surati aks etgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, qiz o‘sha yerda o‘zini vagonlar ostiga tashlaydi. Ayrimlar bu holatni o‘z joniga qasd qilish uchun targ‘ibot vositasi sifatida talqin etgan bo‘lsa, boshqa birovlar buni haqiqat, deb qabul qildi. Demak qaysidir ma'noda o‘smirlarni o‘z joniga qasd etishga da'vat qiluvchi va buni internet orqali targ‘ib etuvchi harakat 2015 yildan boshlangan edi.

2016 yilning dekabr oyida Rossiyaning markaziy shaharlaridan birida 12 yashar Elina ismli qiz o‘zini ko‘p qavatli uyning tomidan tashladi. Qizning onasi bu haqda o‘z fikrlarini bayon etdi. Ayolning fikricha, bu ishda qiziga kimdir yordam bergan, uning aytishicha internet orqali o‘smirlar ongini zaharlayotgan yovuz kuchlarning bunga aloqasi bor.

Domiga ilintiruvchi to‘rlar

Rina Palenkovaning halokatidan so‘ng, turli ijtimoiy tarmoqlarda, jumladan, “VKontakte”da Rinaning nomidan go‘yoki “siz navbatdagisi”, degan ma'noda ”F57” degan guruh ochildi va oilaviy hayot joniga tekkan, hissiyotga berilgan, o‘ta ta'sirchan bo‘lib qolgan, o‘tkinchi muhabbatdan boshi aylanib yurgan, xullas, o‘smir yoshidagi yigit-qizlarni o‘z ichiga qamrab ola boshladi.

Shundan so‘ng, birin ketin “Siniy kit”, “Tixiy dom”, “Morekitov”, “Razbudi menya v 4:20” singari guruhlar ochilib, o‘smirlarni o‘z ichiga torta boshladi. Bu o‘smirlar orasida shu darajada ommalashdiki, ular ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifalarida bu guruhlarga a'zo bo‘lish istagini bildirib, turli yozuvlar qoldira boshlashdi.

O‘yin boshlandi

Eshitganda oddiy ko‘rinadigan va hatto nomlari ham kishini vahimaga solmaydigan bu guruhlar aslida haqiqiy razolat edi. Guruhga a'zo bo‘lib kirganlar guruh boshliqlarining (kurator) vazifasini tonggi 4:20da qabul qilib olishar, vazifa bajarilganini esa suratga yoki videotasvirga olib kuratorlarga yuborishar edi. Vazifalar boshida juda oddiy edi: turli tasvirlar chizish, tananing biror a'zosiga guruhning nomini ruchka yordamida yozish, o‘zini o‘ldirish mumkin bo‘lgan buyumlar: pichoq, arqon va shunga o‘xshash vositalarni ushlab suratga tushish va hokazolar. Ammo... Bosqchima-bosqich o‘tib borilavergan sari shartlar shunchalik vaxshiylashib boradi. Ya'ni, barmoqlarga igna sanchish, lizva vositasida terini tilish, 2-3 metr balandlikdan sakrash, mashinalar tez-tez qatnayotgan yo‘llardan yugurib o‘tish, vena tomirlarini kesish, kit rasmini badanga qonatib chizish va hokazolar. Bora-bora zombiga aylanib qolgan o‘smir o‘z joniga qasd etadi va o‘yinni “qahramon”larcha yakunlaydi.

Xo‘sh, og‘ir shartlarga chidash bera olmay, o‘yinni tark etishni maqsad qilgan ishtirokchini nima kutadi? Avvalo, qatnashchi kurator tomonidan doimiy nazorat qilinadi. Agar tonggi 4:20da uxlab qolib, vazifalar olinmasa, qatnashchi guruh boshlig‘idan juda qattiq gap eshitadi. Qolaversa, kuratorlar o‘smirlarni doimiy ravishda bosim ostida ushlashadi, ya'ni tahdid bilan. “Ota-onangni qaytib ko‘rishni istamaysanmi?”, “Ukang (singling) uyga qaytib kelmasligi mumkin, uning o‘limida sen aybdor bo‘lasan” va shunga o‘xshash ruhiy ta'sir etuvchi gaplar bilan ishtirokchilar ongi muttasil zaharlanib kelinadi. Qo‘rquv va tahlikalardan dovdirab, nima qilishini bilmay qolgan ishtirokchi oxir-oqibat o‘z joniga qasd etadi.

Bundan tashqari, ushbu razolat tashkilotchilari o‘smirlarni doimiy ravishda ruhiy nazorat qilib turishlari uchun o‘z guruhlarining g‘oyasiga xizmat qiluvchi turli musiqa va videoo‘yinlarni ishtirokchilarga yuborib turishadi yoki tavsiya etishadi. Bu musiqalar va videoo‘yinlar shu darajada tushkin, vahimali va noodatiyki, o‘smirlar ular ta'siriga zumda berilishadi.

Ayni kunlarda, bu o‘yin butun MDH davlatlariga xavf solmoqda.  “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘ida bu va shunga o‘xshash guruhlar bloklab tashlandi. Ammo “Yugur yoki halok bo‘l” yoki shunga o‘xshash nomli o‘yinlar yana paydo bo‘lmoqda. 

O‘zimizda nima gaplar?

O‘zbekiston aholisining ko‘p qismini yoshlar tashkil etadi. Yaratganga shukr-ki, yoshlarimiz qadriyatlarimizga, milliy ana'nalarimizga uyg‘un ravishda zamonaviy dunyoda tarbiyalanishmoqda, voyaga yetishmoqda. Ular mafkurasi mustahkam, o‘ziga ishongan va kelajagiga befarq bo‘lmagan yoshlardir. Ammo guruch ko‘rmaksiz bo‘lmaydi, albatta. Faktlarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i O‘zbekistonda ommaviylashmagan, balki boshqa bir messenjer, ya'ni “Telegram” urfda. Ana shu messenjerda o‘ziga “Ya kit”, “Siniy kit”, “4:20” va shunga o‘xshash nomlar va qonagan qo‘llar, vaxshiy, tushkun va kitning suratlarini qo‘yib olgan foydalanuvchilarni uchratish mumkin.

Maqola tayyorlash jarayonida o‘ziga “Ya kit” deb nom qo‘yib olgan “Telegram” foydalanuvchisi bilan suhbatlashib qoldim. O‘zining aytishicha, ismi Shoxnur, yoshi 17da, xorazmlik. Bu o‘yinni anchadan beri o‘ynaydi. Qop-qorong‘i xonada tundan ertalabgacha o‘tirish shartidan o‘ta olmayotgan ekan. “Bu o‘yinning oxiri fojia bilan tugashi mumkin-ku, nima qilasiz o‘ynab?”, deb so‘rasam “Men o‘lmayman, shu o‘yinning oxiridan baribir o‘taman”, deydi. 

Yana bir o‘smir bilan gaplashib qolganimda u shunday dedi: “Ilgari bu o‘yinni o‘ynagandim, 40ta shartidan o‘tdim, qolganiga kuchim yetmadi. Serqatnov yo‘lda turib olishingiz kerak. Omadingiz chopib, mashina tormoz berib qolsa, keyingi bosqichga o‘tasiz, bo‘lmasa o‘lib ketasiz. Toshkentda eng rekord 530ta shartni bajargan bir bola boryapti. Bitta tanishim 500tada o‘lib ketdi”.

Ammo Toshkent shahri IIB tomonidan berilgan rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, bunday o‘lim holatlari kuzatilmagan. Men bilan gaplashgan o‘smirlar yuqorida bayon qilganim - gaplarni yolg‘on to‘qib aytishayotgandir, balki oliftagarchilik qilib o‘zlarini qahramon ko‘rsatishga urinishayotgandir, ammo o‘lim, razolat haqida jo‘shqirib gapirishlari, o‘yin bosqichlaridan o‘tishni katta natija, deb qarashlari kishini tashvishga soladi.

“Kitchilar”ni qanday ajratsa bo‘ladi?

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, bu kabi o‘yinlarga, asosan, o‘smirlar, ya'ni yoshi 9 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar jalb etiladi. Shu o‘rinda ota-onalar diqqatiga! Bu kabi qabihliklarga aloqasi bor o‘smirda quyidagi alomatlar paydo bo‘ladi: 

- Qo‘llari, badanlarida qontalash holatlar (asosan, kesilgan, o‘tkir tig‘ bilan qilingan jarohatlar bo‘ladi);
- Daftarlari, kitoblari, xonalarida, qo‘llarida yoki badanlarining biror joyida kitning yoki qandaydir so‘zlarning surati tushirilgan bo‘ladi;
- Uyqusizlik doim bezovta qiladi (chunki har kuni tonggi 4:20da uyg‘onib, shartlarni qabul qilishga to‘g‘ri keladi);
- Tushkun, ishtahasi yo‘qolgan, gap ko‘tara olmaydigan, odamovi bo‘lib qolishadi;
- Tongda doim bir xil vaqtda – 4:20da uyg‘onishadi;
- Noodatiy, vahimali musiqalar, filmlar ko‘rishga odatlanishadi.

Nima qilish kerak?

Farzand tarbiyasi o‘ta mas'uliyatli, kerak bo‘lsa orzulardan, havaslardan kechib bo‘lsada bajariladigan yumushdir. Bunga befarqlik ayanchli oqibatlarga olib kelishiga barcha guvoh bo‘lgan. Farzand tarbiyasida (mening fikrim) Yevropa yoki turli davlatlar usullarini emas, asosan, o‘zimizni milliy, ota-bobolarimizdan qolgan o‘zbekona uslublardan foydalanish kerak. Buning uchun, avvalo, ota-onaning o‘zi ham tarbiyali, ilmi bo‘lishi darkor. 

Faqatgina ilm har qanday mushkulotga, muammoga yechim bo‘la oladi. Ota-ona, shu bilan birga, farzand ham o‘zida ilm egallashga rag‘bat paydo qilishi kerak. Bugungi zamonda e'tiborsizlik halokat deganidir. Ota-ona yon-atrofida bo‘layotgan hodisalarga befarq bo‘lmasligi, shunga ko‘ra harakatlanishi, ma'naviyatni barcha narsadan ustun qo‘ya bilmog‘i kerak.

Rossiyada 2016 yil noyabr oyida o‘smirlar orasida o‘z joniga qasd qilish holati bir muncha ko‘paygan paytda, kvestlarni yaratuvchisi Filipp Lis shaxsi aniqlanib, asli ismi Filipp Budeykin bo‘lgan  o‘spirin Rossiya FXX tomonidan qo‘lga olingan edi. Undan nega bu ishlarni qilishini so‘rashganida, shunday javob qaytaradi: “Shunchaki mashhurlik uchun”.

Filipp Lis

Keling, hurmatli ota-ona, farzandimiz ana shunday shaxslar changaliga tushib qolmasligi uchun harakatni hozirdan boshlaylik!

Sarvar Anvar o‘g‘li

Mavzuga oid