O‘zbekiston | 21:16 / 01.03.2017
10090
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mahalla institutlarini takomillashtirishga katta e'tibor qaratilmoqda

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 3 fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida yoshlarni Vatanga muhabbat, xalqimizning ko‘p asrlik an'analariga hurmat ruhida tarbiyalash, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash, keksa avlod vakillarining ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlash borasida joylarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini yanada oshirishga e'tibor qaratilgan. O‘zA shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi. 

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashida tashkiliy ishlar va uslubiy masalalar bo‘yicha rais o‘rinbosari, shuningdek, Respublika kengashi hamda hududiy kengashlarda yoshlar ishlari, diniy-ma'rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha rais o‘rinbosarlari lavozimlarini, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan mahalla fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari – yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimini joriy etish nazarda tutilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida «Mahalla institutini takomillashtirishning dolzarb vazifalari» mavzuida tashkil etilgan respublika seminarida shular haqida so‘z yuritildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, hokimliklar mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Senati raisining o‘rinbosari S.Ortiqova va boshqalar mahallalar tizimining takomillashayotgani mazkur institutni aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirishga xizmat qilishini ta'kidladi.

Farmon asosida joriy etilayotgan lavozimlarga vatanparvar, har jihatdan yetuk va fidoyi kadrlarni tanlab olish maqsadida joylarda saylovlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Shu maqsadda 2017 yil 23 fevralda Oliy Majlis Senatining "O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining fuqarolar yig‘inlarida saylovlarni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruhini tuzish to‘g‘risida»gi farmoyishi qabul qilindi.

Mahalla fuqarolar yig‘inlarining mustaqilligini mustahkamlash, o‘zini o‘zi boshqarish tizimidagi ortiqcha bo‘g‘inlarni bartaraf etish maqsadida tarkibida mahallalar mavjud bo‘lgan shaharchalar, qishloqlar va ovullar fuqarolar yig‘inlarini mahallalar fuqarolar yig‘inlariga aylantirish choralari ko‘rilmoqda. Ushbu dolzarb vazifalar joylarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari huzuridagi fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha komissiyalarning va 2016 yilda «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida»gi qonunning 12- hamda 14-moddalari asosida tuzilgan va fuqarolar yig‘ini raisi hamda maslahatchilarining keyingi saylovi e'lon qilingunga qadar faoliyat ko‘rsatadigan 9764 fuqarolar yig‘ini huzuridagi ishchi guruhlarning faol ishtirokida amalga oshiriladi.

Seminarda farmon ijrosini ta'minlash bo‘yicha mahalliy hokimliklar va «Mahalla» xayriya jamoat fondi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama etildi. Fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilarini saylashning huquqiy asoslari, fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchilari saylovini tashkil etishga hamda o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha komissiyalarning, shuningdek, ishchi guruhlarning mazkur saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishdagi asosiy vazifalari haqida batafsil ma'lumot berildi.

Interfaol shaklda o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar chog‘ida seminar ishtirokchilari o‘zaro tajriba almashdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan batafsil javob oldi.

Mavzuga oid