Jahon | 11:51 / 02.03.2017
9469
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda navbatdagi mojaro: Bosh prokuror o‘tgan yilda Rossiya elchisi bilan 2 marta gaplashgan

AQSh bosh prokurori Jyeff Seshns o‘tgan yilda, mamlakatda prezidentlik saylovidan oldingi saylovoldi kampaniyasi vaqtida Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Sergey Kislyak bilan ikki marta muloqot qilgan. Bu haqda The Washington Post xabar tarqatdi.

Nashrning xabariga ko‘ra, Jyeff Seshns hali senatorligida, o‘tgan yilning sentabrida o‘z ofisida Kislyak bilan telefon orqali muloqot qilgan. Yana bir uchrashuv esa 2016 yil iyulida o‘tkazilgandi.

Qayd etilishicha, Seshns bu uchrashuvlar haqida AQSh Kongressidagi tinglov vaqtida xabardor qilmagan. Kongressda undan Rossiya vakillari bilan aloqalari bor-yo‘qligini so‘rashgandi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Maykl Flinn lavozimga tayinlanishidan oldin, o‘tgan yil dekabrida Rossiya elchisi bilan muloqot qilgani ortidan yuzaga kelgan mojaro tufayli iste'foga chiqqandi.

9 fevral kuni AQSh senati Jyeff Seshnsni mamlakat adliya vaziri va bosh prokuror etib tasdiqlagandi. Uning nomzodini 52 senator qo‘llab-quvvatlagan, 47 kishi qarshi chiqqandi. Seshns 22 kishidan iborat Tramp ma'muriyatining senat tomonidan ma'qullangan sakkizinchi a'zosi bo‘lgandi.

30 yanvar kuni Obama ma'muriyati tomonidan tayinlangan Salli Yyeyts Adliya vaziri va bosh prokuror lavozimlarini bajarishdan chetlatilgandi. U prezident Donald Trampning migratsiya haqidagi farmonini sudda himoya qilishdan bosh tortgandi. O‘z navbatida, Oq uy Yyeytsni xoinlikda ayblagandi.

2016 yil fevralida, saylovoldi jarayonida Seshns Trampni qo‘llab-quvvatlagan birinchi senator bo‘lgan edi.

Mavzuga oid