Jahon | 10:56 / 05.03.2017
6046
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning yangi immigratsiya farmoni qachon imzolanishi ma'lum

AQSh prezidenti Donald Tramp 6 mart kuni Milliy xavfsizlik vazirligida yangi immigratsiya farmonini imzolaydi. Bu haqda Politico nashri yuqori lavozimli amaldorga asoslangan holda xabar tarqatdi.

Nashrning qayd etishicha, ayni vaqtda yangi farmon avvalgisidan qanchalik farq qilishi belgilanmoqda.

Bundan oldingi xabarlarda Trampning yangi farmoniga ko‘ra, Iroq AQShga fuqarolari kirishi taqiqlanadigan davlatlar qatoridan chiqarilishi aytilgandi. Bunga Iroq hukumatining terrorizmga qarshi kurashi AQSh ma'muriyati tomonidan yuqori baholangani sabab.

Trampning so‘zlariga ko‘ra esa, yangi farmon sud orqali to‘xtatilganidan kam farq qiladi. 

AQSh prezidentining avvalgi, 27 yanvar kuni imzolangan immigratsiya farmoni aksar aholisi musulmonlarni tashkil etuvchi yetti mamlakat (Iroq, Eron, Liviya, Somali, Suriya, Sudan va Yaman) fuqarolarining mamlakatga kirishini taqiqlar edi.

Keyinchalik Virjiniya federal sudi Tramp farmoni ijrosini taqiqladi. AQSh apellyatsiya sudi Tramp immigratsiya farmoniga qo‘yilgan vaqtinchalik taqiqni ma'qulladi.

Bu farmon mamlakatda va butun dunyoda keskin norozilik to‘lqinini vujudga keltirgandi.

Mavzuga oid