Sport | 17:23 / 06.03.2017
13534
7 daqiqa o‘qiladi

To‘pi «otilmayotgan» «Arsenal», Messining qo‘ng‘irog‘i, noshud Ibrahimovich va haftaning boshqa yorqin lahzalari

Mart oyining dastlabki uik-endi voqealarga boy bo‘ldi. «Liverpul» YeChL yo‘llanmasi uchun asosiy raqobatchilaridan biri «Arsenal»ni mag‘lubiyatga uchratdi. «Napoli» «Real»ga qarshi uchrashuv oldidan muhim uchrashuvda g‘alaba qozondi. Tribuna.Uz hafta so‘nggidagi shu kabi eng yorqin lahzalarni jamlab chiqdi.

Kichik tarixga yakun yasagan «Liverpul», biz tanigan «Lester», Keyn va Silva qiyofasidagi qahramonlar
Angliya premer-ligasining 27 turidan o‘rin olgan uchrashuvlar bir qator muhim voqealarga boy bo‘ldi. Yurgen Klopp jamoasi YeChL yo‘llanmasi uchun asosiy raqobatchisi bo‘lib turgan «Arsenal»ni o‘z uyida qabul qilib, so‘nggi uch yilda ilk marta o‘z uyidagi uchrashuvda g‘alaba qozondi. London jamoasida muammolar ko‘zga tashlana boshladi. Yetakchilardan biri jamoadan ketish payiga tushib qolgani oydinlashdi.

«Tottenhem» esa Harri Keynnng navbatdagi qahramonligi evaziga muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdiMourinoning «Manchester Yunayted»i mojarolarga boy kechgan uchrashuvda  mavsumdagi 10-durangini qayd etdi.

«Manchester Siti» esa autsayder «Sanderlend» uyida muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. O‘yin qahramonlaridan biri, APLning so‘nggi 7 yildagi eng sermahsul futbolchisi David Silva bo‘ldi. O‘yindan keyin Gvardiola «Siti»da aynan uni deb o‘zini baxtli his qilayotganini tan oldi. Shuningdek bu o‘yinning so‘nggida Kevin De Bryuynening harakati dunyo matbuoti e'tiborini o‘ziga qaratdi.

«Lester» esa Klaudio Ranerisiz ikkinchi uchrashuvda ham bir xil hisobda g‘alaba qozondi. Bir qator autsayderlarning ham bu turda uyg‘onganini e'tirof etib o‘tish kerak.

«Napoli»ning Rimdagi qahramonligi, qoqilgan «Yuventus»
Italiya A seriyasining mavsumdagi eng muhim o‘yinlaridan biri shu turda o‘tkazildi. YeChL uchun kurashayotgan «Napoli» «Roma»ni o‘zidan yetib bo‘lmaydigan darajada uzoqlashib ketishi va «Atalanta»ning yetib olish xavfi sabab Rimdagi uchrashuvni g‘alaba bilan yakunlashi shart edi. Dris Mertensning navbatdagi muvaffaqiyatli yurishi orqali bu vazifa uddalandi. «Real»ga qarshi uchrashuv oldidan Sarri jamoasi mavsumdagi eng muhim g‘alabasini tantana qildi.

«Yuventus» Buffoning navbatdagi natijasi bilan yodda qolgan «Udineze»ga qarshi uchrashuvda ochko yo‘qotdi. Shunga qaramay Allegri shogirdlari «Roma» bilan farqni 8 ochkogacha oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Yevrokuboklar uchun kurash olib borayotgan «Milan» va «Inter» ham bu turda g‘alabani tantana qilishdi.

Yo‘lga tushib olgan «nemis mashinasi»
Shu paytgacha «Bavariya» raqiblariga istagancha imkoniyat berdi. Lekin endi buyog‘iga jamoani to‘xtatib bo‘lmay qoldi. «Leyptsig»ning ochko yo‘qotishi Karlo Anchelotti jamoasini chempionlikka yanada yaqinlashtirdi.

«Borussiya» esa «Bayyer» ustidan qozonilgan yirik g‘alaba evaziga «Leyptsig» bilan oradagi farqni yanada qisqartirdi. Dortmunddagi mag‘lubiyat esa leverkuzenliklar rahbariyatini «sabr kosasini to‘ldirdi» va bosh murabbiy Rojyer Shmidt iste'foga chiqarildi.

Hayot-mamot jangidan oldingi ajoyib repetitsiya
«Barselona» yevromavsumning eng muhim o‘yini oldidan «Selta»ni qabul qilib ajoyib repetitsiya o‘tkazib oldi. «Sporting»ga uch kun muqaddam 6ta gol urgan kataloniyaliklar bu safar «Selta» darvozasiga javobsiz beshta to‘p yo‘lladi. Eng qizig‘ bo‘lajak o‘yinda «PSJ»ni musobaqadan chiqarib yuborish uchun aynan shunday hisoblar kerak bo‘ladi. Saviya borasida jamoalarni solishtirib bo‘lmasada, Enrikeni eng ko‘p uylantirgan o‘yin oldidan repetitsiya muvaffaqiyatli amalga oshdi.

«Real» esa Ronaldu va Beylsiz yaxshiroq o‘ynashini ko‘rsata oldi. «Atletiko» yana Grizmann yordamida kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini saqlab qoldi. Ammo «Vilyarreal» va «Real Sosedad» ularni izma-iz ta'qib qilishni davom ettirmoqda.

Hayratlanarli «Monako» va qiynalayotgan raqiblar
Fransiyada «Monako» barchani hayrat ko‘chasiga yetaklashda davom etmoqda. Bu safar «Nant»ni savalagan Jardim shogirdlari. Chempionat tugashiga 10-tur qolganida jamoaning butun boshli tarixidagi rekordlarini yangilab tashladi. Jamoaning 18 yoshli hujumchisi Kilian Mbappe esa o‘spirinlik davridayoq aqlbovar qilmas natijalarni qayd etishda davom etmoqda.

«PSJ» va «Nitstsa» ham peshqadamdan ortda qolmayotgan bo‘lsada, lekin katta qiyinchiliklarga duch kelganini ko‘rishimiz mumkin. Parijliklar Kavanining so‘nggi daqiqalarda penaltidan kiritgan goli bilan g‘alaba qozongan bo‘lsa, «Nitstsa» mehmonda kichik hisobda muvaffaqiyatga erishdi. «Lion» esa YeChL yo‘llanmasi uchun kurashdan butunlay chiqib keta qoldi.

Shuningdek bu haftada Rossiyada ham tur uchrashuvlari start oldi. Dastlabki to‘rtta jamoa o‘zaro o‘yinlarida g‘olib aniqlanmadi. Vitaliy Denisov to‘p surayotgan «Loko» esa bahorgi mavsumni yirik hisobdagi g‘alaba bilan boshladi.

Hafta oxiri shu kabi voqealarga boy bo‘ldi. Kelayotgan haftada yevrokuboklar yana start oladi. Hafta oxiriga borib bizni yana milliy chempionatdagi qiziqarli kurashlar kutmoqda. Bir so‘z bilan aytganda futbol muxlislariga zerikib qolish uchun sabab topilmaydi.

Mavzuga oid