Jamiyat | 21:27 / 07.03.2017
19927
3 daqiqa o‘qiladi

Shov-shuvli kashfiyot: mavjudligi shubha ostiga olingan kit tasvirga olindi

Biolog olimlar ba'zi tabiatshunoslar mavjudligiga shubha bildira boshlagan noyob turdagi dengiz jonzoti – Tru tishli kitini ko‘rishga va videoga olishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu haqda PeerJ jurnalida chop etilgan maqolada ma'lum qilindi

Tru tishli kiti (Mesoplodon mirus) deb ataluvchi kitlarni 1913 yilda amerikalik zoolog Frederik Tru Shimoliy Atlantika tropik va subtropik suvlari bo‘ylab sayohati davomida ochgan. Bu anchagina yirik kitsimonlar 3,5-5 metr uzunlikka ega hamda o‘ziga xos tumshug‘i va faqatgina ikkita tishi borligi bilan ajralib turadi.  

Shotlandiyadagi Sent-Endryu universiteti olimasi Emma Kerrollning aytishicha, bunday turdagi kitlar juda noyob va juda yashirin jonzotlar bo‘lib, ularning hayoti haqida deyarli hech narsa ma'lum emas. Ushbu kitlar bu borada "chempionlar" hisoblanadi – o‘tgan yillar davomida olimlar va dengizchilar bu kitlarni bor-yo‘g‘i bir necha marotaba kuzatishgan va biror marta ularni ushlash, o‘rganish, foto-videoga olishning uddasidan chiqisha olmagan.

1980-yillardan boshlab ba'zi tabiatshunoslar bu kitlar aslida mavjud emasligi haqida gapira boshlashgan. 

Biroq Kerroll va uning hamkasblariga omad kulib boqdi –2012 yil noyabrda ular bilan Kanar orollaridagi Iyerro aholisi bog‘lanib, sohilga chiqarib tashlangan noodatiy kit haqida xabar berishgan. Olimlar voqea joyiga yetib kelib, o‘lik holdagi bu jonzotni ko‘rishgach, aql bovar qilmas darajada omadlari chopgani anglashgan, chunki ular bu kitning butun jasadini qo‘lga kiritgan birinchi okeanshunoslar bo‘lishgan.  

Bu kit tuzilishi va DNKsini o‘rganish olima jamoasiga bu noyob jonzotlarni Kanar orollari sohillari yaqinida qidirishni boshlashga imkon berdi. Olimlar bu kitning nafaqat mavjudligini isbotlay olishdi, balki uni videoga olishga ham muvaffaq bo‘lishdi. Bundan tashqari, olimlar bu kitning erkak va urg‘ochilari vakillarini hamda ularning bolalarini suratga olishgan.  

   

Mavzuga oid