Fan-texnika | 12:21 / 09.03.2017
21208
2 daqiqa o‘qiladi

Yangilangan “g‘isht” Nokia’ga juda katta talab kuzatilmoqda

Nokia 3310 yangilangan telefoniga dastlabki buyurtmalarni qabul qilib olayotgan Carphone Warehouse kompaniyasi “juda katta talab” haqida ma'lum qildi, deb yozmoqda The Telegraph.

Xaridorlarda Nokia 3310’ga avvaldan buyurtma berish imkoniyati rasmiy anonsdan bir hafta o‘tib paydo bo‘ldi.

- Nokia 3310’ga bunday katta qiziqish, xaridorlar haqiqatdan ham telefonni olish ishtiyoqida ekanidan dalolat beradi, - deya aytib o‘tdi  Carphone Warehouse kompaniyasining savdolar bo‘yicha direktori Endryu Uilson. U aynan qancha buyurtma kelib tushganiga oydinlik kiritmadi.

HMD kompaniyasi telefon chiqarilishi haqida ma'lum qilganidan so‘ng, Nokia haqidagi qidiruvlar soni 797 foizga ortdi, deb yozadi The Telegraph.

Shu bilan birga, tahlilchilarning fikricha, kompaniya bor e'tiborini aynan Nokia 3310’ga qaratishi kerak emas.

- Yangi Nokia 3310 telefonining chiqarilishi kompaniya zamonaviy smartfonlarini ham bir chekkaga surib qo‘yishi mumkin, - deb hisoblaydi IHS Markit tahlil kompaniyasining bo‘lim boshlig‘i Yan Fogg. - HMD Nokia brendi faqatgina avvalgi xotiralarni yodga solishidan qochishi kerak.

Ayni damda HMD o‘z smartfonlariga raqobatbardosh narxlarni taklif etishi kerak, bu G‘arbiy Yevropa bozorlarini egallashda qo‘l keladi, deb hisoblaydi IHS Markit tahlilchilari.

 

Mavzuga oid