Jahon | 16:40 / 09.03.2017
13145
5 daqiqa o‘qiladi

Isroilda masjidlarda ovoz kuchaytirgichlardan foydalanishni cheklash bo‘yicha qonun qabul qilindi

Foto: AP

8 mart kuni Isroil parlamenti diniy muassasalarda ovoz kuchaytirgichlardan foydalanishni cheklashni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini dastlabki o‘qishda qabul qildi. Qonun birinchi navbatda masjidlarga tegishli bo‘lgani uchun u «muazzinlar haqidagi qonun» nomini oldi.

Qonun loyihasi qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Loyiha mualliflarining ta'kidlashicha, taklif etilayotgan choralar musulmonlarning an'analari bilan bog‘liq emas hamda Isroil yahudiylari va arablari o‘rtasidagi shundoq ham murakkab bo‘lgan munosabatlarga ta'sir ko‘rsatmaydi. Ularning aytishiga qaraganda, gap faqatgina masjidlardagi ovoz kuchaytirgichlarning shovqin darajasini nazorat qilish haqida bormoqda. 

O‘z navbatida qonun loyihasiga qarshi chiqqanlar taklif etilayotgan choralar musulmonlarning ko‘p asrlik an'analariga qo‘pol ravishda aralashish ekani, namozga baland ovozda chorlov allaqachon Yaqin Sharq musulmon madaniyatining ajralmas qismiga aylanganini ta'kidlashgan. 

Bugungi kunda Isroilda 2 millionga yaqin arablar istiqomat qiladi, bu aholining beshdan bir qismidir. Arablarning taxminan 80 foizi musulmondir, qolganlari nasroniy va druzlar. Mamlakatda 450dan ziyod masjid faoliyat ko‘rsatmoqda.

Isroildagi masjidlarda ovoz kuchaytirgichlardan chiqadigan shovqinni nazorat qilish haqidagi qoidalar 1961 yilda qabul qilingan. Bu qoidalarni o‘zgartirishga urinishlar doimo knessetning (Isroil parlamenti - tahr.) arab deputatlari noroziligiga uchrab kelgan.

Aslida shovqin darajasini Atrof muhit vazirligi nazorat qilishi kerak. Biroq masjidlarga baland ovozdagi azon uchun jarima solish holatlari barmoq bilan sanarli.

Qonun loyihasi mualliflaridan biri «Yahudiy uyi» partiyasidan deputat va Isroil armiyasining zaxiradagi polkovnigi Moti Yogevadir. Uning aytishicha, arablar va yahudiylar aralash yashaydigan shaharlar – Xayfa, Loda, Ramla, Yaffoda sahar paytida masjiddan taraladigan baland chorlov nafaqat musulmonlarni, balki yahudiylarni ham uyg‘otadi. Bu shaharlarda arablar umumiy aholining 40 foizga yaqinini tashkil qiladi.

«Bu qonun oddiy fuqarolarning dam olish huquqini himoya qiladi. Hech kim ibodat qilmoqchi bo‘lgan odamning huquqini savol ostiga qo‘ymayapti. Xoh yahudiy, xoh musulmon bo‘lsin, bu masalada biz hamfikrmiz – Yaratgan buyukdir va buni hammamiz bilamiz», – degan u knessetdagi nutqida. 

Biroq qonun loyihasiga qarshi chiqqanlar uning fikrini ma'qullamadi. Deputat Ahmad Tibi taklif etilayotgan choralarni musulmon urf-odatlariga qo‘pol ravishda aralashish deb atadi.

«Ko‘p asrlardan beri muazzinning chorlovi sukunatni buzish deb hisoblanmagan. Gap asrlardan beri davom etib kelayotgan muhim diniy an'ana haqida ketmoqda. Biz hech qachon sizlarning yahudiy an'analaringizga aralashmaganmiz, sizlarning qilayotgan ishingiz esa islomga qo‘pol aralashuv yoki boshqacha aytganda, irqchilikdir», – dedi Tibi.

Arab deputatlar qonun loyihasi mualliflaridan biri – «Bizning uy Isroil» partiyasidan bo‘lgan deputat, kelib chiqishiga ko‘ra o‘zbekistonlik Robert Ilatovga isroillik arablarning hayotiga aralashmaslikni va «Rossiyaga daf bo‘lish»ni maslahat berishdi. 

Yangi qonun diniy muassasalardagi kuchli shovqin uchun 10 ming shekelgacha (2,5 ming dollar) jarima solishni nazarda tutadi.

Qizg‘in muhokamalardan keyin qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. 55 deputat uni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 48 nafari qarshi chiqdi.

«Yahudiy uyi» va «Bizning uy Isroil» partiyalari vakillari bu qonunga umuman diniy tus bermoqchi emasliklarini ma'lum qilishdi.

Yaqin kunlarda qonunni knessetning muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiyasi muhokama qiladi. Shundan so‘ng ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda ko‘rib chiqiladi.

Ushbu qonunga qarshi chiqayotganlar kerak bo‘lsa Isroil Oliy sudiga shikoyat qilish niyatida.

Mavzuga oid