Sport | 21:01 / 29.03.2017
22520
4 daqiqa o‘qiladi

Temur va uning jamoasi. Natija bermagan avlod

Jurnalist O‘zbekiston terma jamoasida avlodlar almashinuvi to‘g‘ri olib borilmaganiga e'tibor qaratdi. Tribuna.uz saytida Temur Nizayev muallifligidagi «Temur va uning jamoasi» maqola nashr etildi. Quyida ushbu maqola o‘zgartirishlarsiz keltiriladi.

 ... O‘zbek futbolining eng mehnatsevar va serg‘ayrat yarim himoyachilaridan biri Temur Kapadze mardona ish tutganini hali ko‘p eslaymiz. Ikki yil oldin u terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini hamda yosh iste'dodli futbolchilarga o‘rnini bo‘shatib berganini e'lon qilgan edi. O‘zbekiston terma jamoasining boshqa veteranlari safdoshining bu ishorasini ilg‘ashmadi shekilli, hali hamon terma jamoa libosini hech kimga bermay kelishmoqda...

Albatta, ular ko‘p narsani ko‘rishgan, tajribasi mo‘l, obro‘si ham baland. Vatan uchun ancha ter to‘kishdi. Ammo sport — shafqatsiz. Vaqti kelganda butsani mixga ilib, yosh avlodga joy bo‘shatib berish kerak. 

Kapadzelar avlodi Braziliyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati saralashida qo‘yilgan maqsadga erisha olmadilar. Ulardan ko‘p narsa kutgan edik. Axir bu avlodning yetakchilaridan biri Osiyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lgan Server Jyeparov, yana biri Rossiya chempionatida o‘zini ko‘rsatayotgan yuqori texnika va tezlik sohibi Odil Ahmedov edi-da...

Keyin Rossiyada o‘tkaziladigan jahon chempionati saralash o‘yinlari boshlandi. Terma jamoamiz esa yana o‘sha-o‘sha Jyeparov, Ahmedov, Geynrix, Haydarov...lar bilan katta yo‘lga otlandi. Vaholanki, ularning ortidan o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida ishtirok etgan bir qator iste'dodli yoshlar o‘zini ko‘rsatib kelayotgan edi. Nega milliy terma jamoaga ular safidan oz, judayam oz futbolchilar chaqirildi? Iste'dod bir soat yo bir kunda so‘nib ketishi mumkin emas. Ularga imkon berish kerak edi xolos! 

Gap, menimcha, futbolchilarni tanlab olishdagi o‘ziga xos yondashuvda yoki hozirgi bosh murabbiy Sambel Babayan ko‘p takrorlaganidek, “o‘z futbol falsafasini shakllantirishda”. Babayanning futbol falsafasi mohiyatini esa, hozircha o‘zidan boshqa hech kim tushunmayapti. Suriya bilan o‘yin buning yaqqol isboti. 

Natija uchun o‘ynab, qarzni qaytarishdi

Qatar bilan o‘yinda futbolchilarimiz natija uchun o‘ynashgani yaqqol bilinib turdi. Bunday o‘yinlar esa hech qachon chiroyli bo‘lmagan. Bunday o‘yinlar taqdirini ko‘pincha birgina xato hal qiladi. Shuning uchun kecha biznikilar ham, qatarliklar ham juda ehtiyotkorlik bilan harakat qilishdi. Tabiiyki, o‘z maydonida bunday zerikarli o‘yin namoyish etish muxlislarga aslo yoqmadi...

Albatta, g‘oliblarni muhokama qilmaydilar. Biroq guruh autsayderi (FIFA reytingida 84-o‘rin) ustidan erishilgan g‘alaba kishiga alohida bir mamnuniyat ham baxsh etolmaydi. Hamon o‘sha-o‘sha — terma jamoa o‘yinida murabbiylar shtabining qandaydir taktik topilmalaridan darak ham yo‘q. Hatto eng tajribali futbolchilar ham ba'zan maydonda nima qilishlari lozimligini bilmay qolishmoqda.

Oldinda esa yana uch o‘yin turibdi — Eron va Xitoy bilan safarda hamda Janubiy Koreya bilan o‘z maydonimizda. Mutaxassislar jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun kamida 19 ochko to‘plash kerak, deb hisoblashmoqda. Samvel Babayan jamoasi shu o‘yini bilan bu marraga yetib bora olarmikan?
 

Mavzuga oid