Prezident ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritdi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 mart kuni «Fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli muhofaza qilish kafolatini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunni imzoladi.
Hujjat 17 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan, 28 mart kuni Senat tomonidan tasdiqlangan edi.
Qonunda belgilangan barcha o‘zgartirishlar 2017 yil 1 aprelidan kuchga kiradi.
Senat axborot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, qonun sud-huquq tizimini demokratlashtirish va liberallashtirish, sudlar, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari faoliyati samaradorligini oshirish, fuqarolarning adolatga ishonchini oshirish, qonun ustuvorligini ta'minlash va jamiyatda qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan.
Qonun Jinoiy, Jinoiy-protsessual, Fuqarolik protsessual, Jinoiy-ijroiy kodekslar, «Sudlar to‘g‘risida»gi va «Prokuratura to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni ko‘zda tutadi.
Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar jinoiy jazo hibsga olish ko‘rinishida yengillashtirishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, jinoiy jazolar tizimiga ancha yengil, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo – «majburiy jamoat ishlari» kiritiladi.
Jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchi shaxslarga nisbatan hibsga olish, qo‘riqchilar nazorati ostida hamda uy qamog‘ida ushlab turish choralari muddatlari 72 soatdan 48 soatga, dastlabki tergov 12 oydan 7 oygacha qisqartirilgan.
Bundan tashqari, o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra pochta va telegraf jo‘natmalarini qo‘lga olish hamda jasadni sud-meditsina ekspertizasi uchun kavlab olish bo‘yicha sanksiya berish huquqi prokuraturadan sudlarga o‘tkaziladi. Shu tariqa, «Xabeas korpus» institutining bunday jarayonlardagi o‘rni kengaytiriladi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sud qarorlarini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish muddatlari 3 yildan 1 yilgacha qisqartirilgan.
Mavzuga oid
16:16 / 29.11.2024
«Temiryo‘l transporti to‘g‘risida»gi qonun imzolandi
11:50 / 20.11.2024
Prezident: 100 ta emas, 5 ta qonun qabul qilaylik, lekin xalqchil bo‘lsin, xalqimizga xizmat qilsin
17:35 / 18.11.2024
O‘zbekistonda ombudsman to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
09:59 / 13.11.2024