Jahon | 13:47 / 02.04.2017
11551
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning sobiq maslahatchisi Rossiya kompaniyalaridan pul olganini tan oldi

AQSh prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha sobiq maslahatchisi Maykl Flinn o‘zining dastlabki deklaratsiyasida 2015 yilda Rossiya kompaniyalari, xususan, RT telekanali, «Kasperskiy labaratoriyasi» va  «Volga-Dnepr» aviakompaniyasidan olgan to‘lovlarini yashirgani ma'lum bo‘ldi. The Washington Post Oq uy tomonidan chop etilgan hujjatlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, Oq uy tomonidan ikki deklaratsiya chop etilgan. Ulardan biri 11 fevralda Flinn tomonidan (iste'foga chiqquniga qadar) imzolangan, ikkinchisi - 31 mart kuni. Ikkinchisida prezidentning sobiq maslahatchisi Rossiyaning RT telekanali, «Kasperskiy labaratoriyasi» va  «Volga-Dnepr» havo orqali yuk tashish bilan bog‘liq Amerika kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirlardagi ishtiroki uchun gonorar olganini ma'lum qilgan.

Flinn ushbu kompaniyalar bilan hamkorligi uchun aynan qancha pul olgani deklaratsiyada ko‘rsatilmagan, lekin o‘tkazilgan mablag‘lar "yiliga 5 ming dollardan oshuvchi daromad manbalari" bo‘limida qayd etilgan.

Dastlabki hisobotlarida Flinn pullarni tadbirlarda chiqish qilgani uchun olganini aytgan, biroq aniq bir kompaniya nomini oshkor qilmagan.

Mart oyining o‘rtasida Bloomberg demokrat-kongressmenlar tomonidan chop etilgan hujjatlarga asoslanib, Flinning 2015 yilda Rossiya bilan bog‘liq kompaniyalardan umumiy hisobda 56 ming dollardan ziyod daromad olgani haqida yozgan edi. Keyinroq «Kasperskiy labaratoriyasi» 2015 yilda Vashingtonda bo‘lib o‘tgan kiberxavfsizlikka doir forumda chiqish qilgani uchun Flinnga pul to‘laganini tasdiqlagan.

Flinn o‘z lavozimiga tayinlanganidan 24 kun o‘tib, siyosiy mojarolar fonida iste'foga chiqdi. 

Mavzuga oid