Jamiyat | 02:35 / 05.04.2017
25852
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘z to‘ymasa: Beshariqda kollej direktorining poraxo‘r o‘rinbosari qo‘lga olindi

Ominaxon Saidovaning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) oshig‘i olchi edi. Yetti yildan buyon shifokorlikdan tashqari, pedagogik faoliyat bilan ham shug‘ullanib keladi. Tibbiyot kollejida dars berib qolmay, o‘quv ishlari bo‘yicha direktori o‘rinbosari lavozimida ishlayotgandi. U 2014 yilda o‘z xususiy klinikasini ham ta'sis etgan, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Maxfiratxon 9-sinfni bitirib, hamshiralikka o‘qishni ixtiyor qilgan jiyani Dilshodaning iltimosiga ko‘ra, hujjatlarni qabul qilish tartibini surishtirish niyatida kollejga bordi va qariyb o‘n besh yildan buyon biladigan tanishini uchratib qoldi. Ominaxon uni kabinetiga boshlab kirdi. Maxfiratxon tartib-qoida bilan qiziqqanida esa ovozini pastlatib, qo‘li bilan o‘qishga kirishning bahosi besh yuz dollar ekanini ko‘rsatdi. Shuncha bersa, jiyanini o‘qishga kiritib qo‘yishini, bundan kamiga kollejga kira olmasligini uqtirdi.

-  To‘lovni qachon qilish kerak?

-  Jiyaningiz hujjatlarni topshiraversin, to‘lovni xususiy klinikamda berasiz. Agar o‘zim bo‘lmasam, qo‘limda ishlaydigan singlim Donoxonga berib qo‘ying, - deya O.Saidova qo‘l telefoni raqamini yozib beradi.

Maxfiratxon tanishining talabi hech qanday qonun-qoidaga sig‘masligini o‘ylab, xunobi oshdi. Oxiri bir qarorga keldi. Ertasi kuni soat kunduzgi to‘rtlarda kollej direktorining o‘rinbosariga qo‘ng‘iroq qildi:

-  Besh yuz dollar topib qo‘ydim, qayerga boray?

-  Xususiy klinikamdaman, kelavering.

Maxfiratxon u bilan klinikaning ikkinchi qavatidagi muolajaxonada ko‘rishdi.

-  Pul bilan jiyanimning “metrikasi”ni ham olib keldim.

O.Saidova uni tashqariga boshlab chiqdi va qo‘lida ishlaydigan hamshiraga “Manavini olib qo‘y. Sanab ol, pullar senda tursin”, deb tayinladi. M.Hamidovaning arizasi bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirda pora tama qilgan direktor o‘rinbosarining qilmishi fosh etildi. 500 AQSh dollari esa ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olindi.

Sudda O.Saidova aybiga iqror bo‘lmasa-da, tanishining jiyanini o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilib, 500 AQSh dollari miqdorida pora talab qilgan xolis va guvohlarning ko‘rsatmalari, dalillar bilan tasdiqlandi. Kollejning sobiq direktor o‘rinbosariga bir yil mobaynida mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etgan holda axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. 
 

Mavzuga oid