Jahon | 14:42 / 10.04.2017
15449
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya mudofaa vazirligi terrorchilik tashkilotlari qanday paydo bo‘lishini tushuntirdi

Aksar terrorchi tashkilotlar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Ular tashqaridan ko‘rilgan choralar mevasidir, deya bayonot bergan Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin. U Xavfsizlik bo‘yicha oltinchi xalqaro konferensiya arafasida RT telekanaliga bergan intervyusida shu haqda so‘z yuritgan. 

"Barcha terrorchilik tashkilotlari, aksariyati bo‘lmasa ham katta qismi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, degan bo‘lardim. Bu tashqaridan turib amalga oshirilgan siyosiy, moliyaviy, harbiy va tashkiliy ishlarning mevasidir", — degan Fomin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda shunday xalqaro voqelikka guvoh bo‘lish mumkinki, terrorchilik tashkilotlari "kimningdir siyosiy irodasi"ni ijro etish uchun paydo bo‘lmoqda.

"Shubhasiz, biz bugungi kunda harbiy va siyosiy ma'noda yangi xalqaro voqelikka guvoh bo‘lmoqdamiz. Bular inqiloblarni boshqa davlatlarga chetdan yoyish texnologiyalaridir. Go‘yoki, nodemokratik tuzumlardan aziyat chekayotgan mamlakatlarda shu yo‘l bilan demokratik boshqaruvni o‘rnatish ilgari surilmoqda… shunday siyosat oqibatida ayrim davlatlar dunyo xaritasidan yo‘q bo‘lib ketdi, ayrimlari yo‘q bo‘lish ostonasida. Bular Suriya va Yaman", — deb qo‘shimcha qilgan vazir o‘rinbosari. 

Xavfsizlik konferensiyasi 26-27 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi, uning ishtirokchilari qator masalalarni muhokama qilishadi. Anjumanda 78 davlat vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Ularning orasidan 20dan ortiq davlatning mudofaa vazirlari ham bor. 

Mavzuga oid