O‘zbekiston | 20:58 / 11.04.2017
18561
6 daqiqa o‘qiladi

Buxoro yo‘llari: mavjud vaziyat va belgilangan rejalar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e'lon qilinishi mamlakatda olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyatini yangicha ko‘rinishga olib keldi. Joylardagi muammoli vaziyatlar hokimliklar, mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganilmoqda va ijobiy tomonga hal etilmoqda.

Buxoro viloyatidan tahririyatimizga kelib tushayotgan ko‘p sonli murojaatlar yuzasidan viloyat hokimligi bilan bog‘landik va mazkur masalalarga ulardan javob olishga harakat qildik. Quyida viloyatning yo‘l masalasiga doir savollarga “O‘zavtoyo‘l” AK “Buxoro avtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish tashkiloti rahbari Sh. Abdullayev tomonidan berilgan javoblarni havola etamiz.

Murojaatlardan birida shunday deyiladi: “Salom. Men Buxoro viloyati, Kogon tumanidanman. Kogon-Qiziltepa yo‘li masalasi haqida so‘rashni lozim topdim. Chunki bu yo‘l ishdan chiqqaniga o‘n yil to‘ldi. Bu yo‘ldan mashinada emas hatto piyoda yursangiz qiynalasiz. Har yil shu masala ko‘tariladi, lekin aniq bir ish qilinmaydi. Ayni damda bu ish yuzasidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?”

Berilgan javob: “4R65-“Adizobod-Kogon sh.” avtomobil yo‘lining Buxoro viloyatidan o‘tuvchi qismi 20 kilometrni tashkil etib, ushbu yo‘lning 30-38-kilometrlarida Kogon TYXPTFK tomonidan, 43-46-kilometrlarida Romitan  TYXPTFK to‘la ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu obektlar 2018 yilda foydalanishga topshiriladi.

Yo‘lning qolgan qismlarida Kogon TYXPTFK tomonidan 2017 yil davomida joriy ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda”.

Yana bir murojaatda “Salom. Qorako‘l tumanidagi Jig‘achiga olib boruvchi yo‘l ta'mirlanishi qachon ko‘zda tutilgan? Iltimos, shu masala yuzasidan javob bersangiz. Oldindan rahmat”, deyiladi.

Berilgan javob: “Qorako‘l  TYXPTFK tomonidan ushbu avtomobil yo‘lining 7 km. qismida 2016 yilda birinchi bosqichda joriy ta'mirlash doirasida qum-shag‘al aralashmasidan yo‘l asosi qurildi. Shuningdek, 0,8 km. qismida yangidan asfalt yotqizildi. Yana 1,5 km. qismda asfalt yotqizish ishlari olib borilmoqda. 

Romitan TYXPTFK tomonidan 0-3 km. qismida ham to‘la ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.

Ushbu obektlar 2017 yilda foydalanishga topshiriladi.

Umuman ushbu yo‘l 2017-2019 yillarda bosqichma-bosqich to‘la ta'mirdan chiqariladi”.

Boshqa bir murojaat mazmuni quyidagicha: “Assalomu alaykum. Buxoro Gazli avtomagistral yo‘li ta'mirlanadimi yoki yana bir necha yil davomida shunday o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib turaveradimi? Bu yo‘ldan yurishning iloji bo‘lmay qolmoqda”.

Berilgan javob: “A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” yo‘lining 228-439 km. qismlarida sementbeton qoplamali yo‘l yotqizilishi belgilangan. Avtomobil yo‘lining 315-439 km qismi qayta qurildi. Yo‘lning 228-315 km. qismi 2017-2019 yillarda rekonstruksiya qilinishi belgilangan”.

“Salom. Buxorodagi parniklar va Buxoro ehtiyot qismlar yoki mashina bozor yo‘llari hamda Tutkunda qishlog‘i birlashadigan yo‘l qachon ta'mirlanadi? Bu yo‘l 10 yildan beri ayanchli ahvolda. Yo‘lning holati katta chuqurlardan iborat. Ayni damda bu yo‘l Buxoro va Kogonni qo‘shimcha yo‘l sifatida birlashtiradi. Shuning uchun men bu yo‘lni asosiy yo‘l, desam ham adashmayman. Buxoroda mehmonlar o‘tadigan yo‘llar ahvoli yaxshi lekin shaharni boshqa qism yo‘llariga ham qarash kerak-ku”, deyiladi boshqa bir murojaatda.

Berilgan javob: “4K186 “Taytal q-Tutikunda q-Zog‘orakash q” avtomobil yo‘li 2017-2020 yillarda joriy ta'mirlanadi. Shuningdek, yo‘lning 1-10 km. qismi 2018-2019 yillarda to‘liq ta'mirdan chiqariladi”.

“Salom. Viloyatimizdagi ichki va magistral yo‘llar ta'mir talab. Avtomobil yo‘llari juda achinarli ahvolga kelib qolgan. Bu borada nima ishlar amalga oshirilyapti?”, deyiladi murojaatlardan birida.

Berilgan javob: “Joriy 2017 yilda Buxoro viloyati  bo‘yicha jami 305,7 km avtomobil yo‘llari qurilishi, rekonstruksiya va ta'mirlanishi belgilab olingan bo‘lib, ushbu maqsadlarga 136,2 mlrd.so‘m mablag‘lar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.

- umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llarini qurilishi va rekonstruksiyasiga 52,0 mlrd.so‘m ajratilgan;          

- davlat va xalqaro ahamiyatdagi 29,0 km avtomobil yo‘llarini kapital ta'mirlash uchun 29,7 mlrd.so‘m yo‘naltirilishi belgilangan;

- mahalliy ahamiyatdagi 6,7 km avtomobil yo‘llarini kapital ta'mirlashga – 8,9 mlrd.so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, xo‘jaliklarning ichki yo‘llarini ta'mirlash uchun 29,2 mlrd.so‘m (228 km) yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.   

Bundan tashqari, Buxoro shahar ko‘chalarida 2,0 mlrd.so‘m evaziga 5 km yo‘llarni ta'mirlash ishlari joriy yilning 1 iyuligacha yakuniga yetadi”.

Murojaatlar yuzasidan berilgan javoblardan ko‘rinib turibdiki, Buxoro viloyatida yo‘lsozlik sohasida istiqbolda bajariladigan ishlar talaygina. Bu borada rejalar, dasturlar va aniq maqsad muvofiqlashtirilgan. Ushbu ishlar qog‘ozda qolib ketmay, hayotga tatbiq etilib, odamlar hayotida yanada yengillik bag‘ishlashidan umidvormiz. Zero, islohot islohot uchun emas, inson uchundir.

Mavzuga oid