O‘zbekiston | 20:12 / 13.04.2017
28810
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliq tumanida sodir bo‘lgan yer ko‘chkisi 1 kishining umriga zomin bo‘ldi

2017 yil 13 aprel kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida tabiiy ofat ro‘y berdi. Buning oqibatida bir kishi shifoxonaga olib borilayotganda hayotdan ko‘z yumdi. 

Soat 07:50da tumandagi “Bog‘iston” MFY hududidan o‘tuvchi 4R-10 “Chorvoq suv ombori aylanma yo‘li”ning 47-kilometrida yer ko‘chkisi sodir bo‘lgan. Ko‘chki avtomobil yo‘lining o‘ng tomonidan pastlikka ko‘chgan. Ko‘chkining o‘lchami: eni 10-15 metr; balandligi (chuqurligi) 1-1,5 metr; uzunligi 10-14 metrni tashkil etadi. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda. 

Ko‘chki tushishi natijasida yo‘ldan o‘tayotgan Damas rusumli avtomobil pastga qulagan. Natijada avtomobilda bo‘lgan ikki nafar fuqaro jabrlangan.

Jabrlangan fuqarolarning biri Bo‘stonliq tumani Tibbiyot birlashmasiga olib ketilayotganda vafot etgan.

Jabrlangan fuqarolar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani “Bog‘iston” MFYda istiqomat qilishi ma'lum bo‘ldi.

Toshkent viloyati FVV, IIB, Bo‘stonliq tumani xokimiyati va “O‘zavtoyo‘l” xizmati bilan hamkorlikda ko‘chki tushgan avtomobil yo‘lini tozalash ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid