13 yoshli qiz stomatolog kreslosida hayotdan ko‘z yumdi
Satpayev shahri (Qozog‘iston, Qarag‘anda viloyati)da yashovchi 13 yoshli qiz Qarag‘andadagi xususiy stomatologiya klinikasida hayotdan ko‘z yumdi. Bu fojia bir yil avval sodir bo‘lgan, o‘shandan beri marhum qizning ota-onasi tibbiyot xodimlariga jazo berilishini talab qilmoqda. KTK telekanalida taqdim etilgan syujyet shu haqida bo‘ldi.
Jansaya Omarova bolaligidan BTsP (bolalar tserebral falaji)dan aziyat chekkan. Ota-onasi uni dengizga va xorijiy mutaxassislarga olib borishardi, bu o‘z samarasini berayotgandi - qiz yura va gapira boshlagan. Tish shifokori muolajalari bunday ayanchli tugashi hech kimning xayoliga ham kelmagan edi.
"Unga narkoz berishdi. Biz dastlab sinov dozasi yuborilmaganiga ajablandik. 16 ta tishni olib, davolash kerak deyishdi. Shuncha tishni bittada olib, yana davolash muolajalarini o‘tkazib bo‘ladimi? dedik. "Hech qanday qo‘rqinchli joyi yo‘q, mumkin" deyishdi. "Biz mutaxassismiz, axir" deyilganidan keyin rozi bo‘ldik", - deya xotirlaydi qizning otasi Magjon Omarov.
Kichik qizning ahvoli yomonlashganda stomatologlar unga mustaqil yordam ko‘rsatishga urinishdi. Buni videokuzatuv tasmalaridan ko‘rish mumkin. Bir necha samarasiz urinishlardan keyin, nihoyat, tez yordam chaqirishdi. Afsuski, ular ham hech qanday yordam bera olishmadi. Ekspertiza Jansayaning narkoz preparati tufayli anafilaktik shok natijasida hayotdan ko‘z yumganini ko‘rsatdi. Tergov davomida ma'lum bo‘lishicha, o‘sha paytda klinikaning anesteziya o‘tkazishga litsenziyasi bo‘lmagan. Biroq ish sudgacha yetib bormadi.
"Tergov ishlarining cho‘zilayotganiga bir yildan oshdi. Ekspertlar qandaydir tibbiyot muassasalari, shifoxonalar haqida gapirishdi. Tergovchilar yana ma'lumot yig‘ishmoqda. Nima uchun? Nima keragi bor? Axir, sud tibbiyot ekspertizasining xulosasi bor-ku", - deydi advokat Toleuboy Musin.
Klinikada o‘sha payt narkozga litsenziya bo‘lmaganini tan olishsa-da, bolaning o‘limini baxtsiz hodisa deb atashmoqda.
"Biz bunday litsenziya kerakligini bilmagandik hatto, mana oldik ham. Qiz bizgacha ikki marta Jyezkazganda xuddi shu preparatlar bilan davolangan, hammasi joyida bo‘lgan. Keyin bizning klinikamizda kutilmaganda allergik reaksiya kuzatildi", - dedi davolash muassasasi direktori Yerlan Anajboyev.
Politsiyada respublika ekspertizasi xulosasi yetishmasligi sabab tergov cho‘zilib ketgani aytilmoqda. Oila advokatining so‘zlariga ko‘ra esa, bu hujjatning bo‘lishi shart emas.
Mavzuga oid
23:10 / 23.12.2024
Rossiya Qozog‘istonda 7 mln dollarlik firibgarlik ishida ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosini ekstraditsiya qildi
17:57 / 23.12.2024
Qozog‘istonda yo‘lda buzilib qolgan avtobusdan o‘zbekistonliklar qutqarildi
20:04 / 21.12.2024
G‘oyib bo‘lgan mashinalar ishi: asosiy figurant Abdulla Abdurasulovning sheriklari qamaldi, uning o‘zini tergovchi qo‘yib yuborgan
15:00 / 18.12.2024