Jahon | 22:40 / 18.04.2017
18478
2 daqiqa o‘qiladi

Eronning qiruvchi samolyoti haqiqiy emasligi va ucha olmasligi aytildi

Mutaxassislarning fikricha, yaqinda namoyish qilingan Eronning qiruvchi samolyoti haqiqiy samolyotga o‘xshash, biroq qachondir havoga ko‘tarilishi dargumondir. 

Xorijiy manbalarning fikricha, yaqinda Eron televideniyesi orqali namoyish qilingan va to‘liq Eronda ishlab chiqarilgani aytilgan Qaher-313 samolyoti aslida ucha olmaydi, deb xabar bermoqda National Interest nashri.

Eron 5-avloddagi qiruvchi samolyotlar suratlarini chop etishda davom etmoqda. Yangi samolyot tashqi ko‘rinishdan bu turdagi samolyotlarga o‘xshaydi, biroq ucha olmasligi aytilmoqda.

Ayni vaqtda Eron harbiy aviatsiyasining aksariyati eski sovet va AQSh samolyotlaridan iborat. Eronga qo‘yilgan sanksiyalar tufayli ularni zamonaviy xorijiy samolyotlar bilan yangilashning iloji yo‘q. Bu muammoni hal qilish uchun eronlik harbiylar o‘z samolyotlarini yaratishga qaror qilishgan, biroq oxirgi videolar ularning haqiqiyligiga shubha tug‘dirmoqda.

Misol uchun, Eron samolyotida juda g‘alati, haqiqatga kam yaqin bo‘lgan aerodinamik sxema qo‘llangan. Qanoti uncha kattamas va qalin old chekkalarga ega, ular juda ishonchli ko‘rinadi, biroq havoda yordam berishi dargumon. Samolyotning aerodinamik profili kam boshqaruvchanlikka moyil.

Eng katta savollarni korpusning ichiga chuqur kiritilgan ikkita kichik soplo uyg‘otmoqda. Bunda dvigatellar tyagasi qanday boshqarilishi mutlaq tushunarsiz. Bundan tashqari, Eron bunday o‘lchamdagi yagona dvigatellarga ega: bu dvigatellar ancha ilgari sotib olingan Northrop F-5 Freedom Fighter samolyotidan yechib olingan General Electric J85 dvigatelidir. Bu dvigatellarning kuchi zamonaviy harbiy samolyotga yetishi dargumon. Mutaxassislarning fikricha, videoda aerodrom bo‘ylab "ishonchli" yura oladigan, biroq hech qachon ucha olmaydigan maket tasvirlangan.

Mavzuga oid