Sport | 12:57 / 19.04.2017
11267
6 daqiqa o‘qiladi

«Suriyaga qarshi toshloq maydonda o‘ynagandik». Ahmedov terma jamoa va Xitoydagi qiyinchiliklar haqida

Odil Ahmedovning «Futbol» haftanomasiga bergan intervyusining birinchi qismi bilan tanishgandingiz. Tribuna.Uz intervyuning ikkinchi qismini e'tiboringizga havola etadi. Unda Ahmedov O‘zbekiston terma jamoasi haqida, Xitoydagi hayoti va osh haqida to‘xtalib o‘tgan.

Odil Ahmedov «Krasnodar» ketishga majbur bo‘lgani, pul va boshqa takliflar haqida

— Nima sababdan 1 mlrd 357 mln aholiga ega bo‘lgan Xitoy dunyo futboliga hech bo‘lmasa birorta mashhur futbolchi yetkazib bera olmaydi, tushuntirib bera olasizmi? 
— Yaxshi yigitlar bor, shunchaki ular xorijda o‘ynashmaydi va masalan siz ham ularni tanimaysiz. Agar Xitoyning o‘zida ajoyib sharoitlar yaratilgan bo‘lsa boshqa mamlakatga ketishdan nima naf?

— Agar yaxshi yigitlar bor bo‘lsa nima uchun terma jamoa miqiyosida yaxshi o‘ynay olishmayapti?
— Ularga yana 4-5 yil vaqt bering, hamma narsa bo‘ladi. Xitoy futboli Halk va Oskar kabi yulduzlarning tashrifi evaziga kuchaymoqda: sen mahoratli futbolchilar bilan birga mashg‘ulot o‘tkazsang, kuchayib boraverasan. Xitoylik futbolchilar Niderlandiyada, Portugaliya va Ispaniya birinchi ligalarida to‘p surishidan xabarim bor. Bundan tashqari Superliganing har bir klubi asosiy tarkibda 23 yoshga to‘lmagan kamida bir nafar futbolchini maydonga tushirishga majbur. Aynan shular terma jamoaning kelajagi.

— Hozircha esa Xitoy JCh-2018ga chiqa olmasligi deyarli aniq, bundan tashqari oktabr oyida ular sizning O‘zbekistonga terma jamoangizga 0:2 hisobida yutqazgandi.
— Nimaga hayron bo‘lyapsiz? Bizda kuchli jamoa bor. Axir biz Braziliyadagi mundialga faqat to‘plar nisbatidagi farq tufayli bora olmagandik: Koreya saralashda bizdan ikkitagina ko‘proq gol urgandi. Hozir yana ikkinchi o‘rin uchun kurashmoqdamiz. Agar mart oyida Suriyaga yutqazmaganimizda, yuqori o‘rinlarda bo‘lardik.  

— O‘yin Suriyada bo‘lmagandir, axir?
— Malayziyada. Kuala-Lumpurga keldik, u yerda esa qandaydir tomoshalar boshlandi. Markaziy stadionni sizga bera olmaymiz deyishdi. Ikki soat yo‘l yurib boshqa shaharga bordik. Arena – bus-butun dahshatning o‘zi. Maydon umuman tayyor emasdi. Maysa osti tosh bo‘lib yotibdi. O‘sha maydonda bir marta yiqilib tushgandim, haliyam davolanyapman. Bundan tashqari havo juda ham dim, futbol o‘ynab bo‘lmaydigan darajada edi. Jahon chempionati uchun yo‘llanma taqdiri hal bo‘layotganda bunday sharoitda qanday o‘ynash mumkin?! Menimcha, bunaqasi faqat Osiyoda bo‘lsa kerak. O‘yinni golgacha o‘ynadik deb nomlash mumkin. Ammo qo‘shimcha daqiqalarda penaltidan gol o‘tkazib yubordik.

— Guruhdagi uchinchi o‘rin ham tamom degani emas-a?
— Uchinchi o‘rinni olgan jamoa narigi guruhdagi uchinchi jamoa bilan o‘ynaydi. Ayni paytda bu Avstraliya. Bu juftlik g‘olibi Janubiy Amerika mintaqasi jamoalaridan biriga ( Aslida FIFAning bu saralash bo‘yicha reglamentiga ko‘ra KONKAKAF vakili bilan o‘ynaladi — Tribuna.Uz) qarshi o‘ynaydi. Ammo Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olsak yaxshi bo‘lardi, buning uchun imkoniyatlarimiz yomon emas.

«Xitoyda sariq sabzini topib bo‘lmaydi»
— Oldin Krasnodar va Moskvadagi restoranlarda oshni yaxshi tayyorlay olmasliklarini aytgandingiz. Xitoyda qanday ekan?

— Bu yerda guruch sifatli, ammo biznikiga sira o‘xshamaydi. Yaxshi oshni faqat o‘zbek guruchidan tayyorlash mumkin.
 
— Yaxshi palovsiz qanday yashayapsiz?
— Nima deganingiz bu, o‘zbeklar qanday qilib palovsiz yashashi mumkin? Turmush o‘rtog‘im haftada ikki-uch marta osh tayyorlab turadi. Shunchaki barcha mahsulotlarni O‘zbekistondan olib kelamiz. Guruch, ziravorlar. Yana Xitoyda sariq sabzini topib bo‘lmaydi, u ham asosiy mahsulot. Uni ham o‘zimizdan olib kelamiz.

— Yana nima yetishmayapti?
— Xitoy tilini bilmasligim. Hech nima tushunmayapman. Qolgan barchasi joyida. Ajoyib murabbiy, ahil jamoa, ajoyib muxlislar, zamonaviy stadionlar. Shanghay chiroyli shahar ekan, oilam bu yerda o‘zini ancha xotirjam sezmoqda. Bizni oldindan Xitoydagi yoqimsiz an'analar bilan qo‘rqitib kelishardi, lekin bunaqa muammoga hozircha duch kelganim yo‘q. Barchasi super.

— Bir safar «Krasnodar» Rossiyadagi so‘nggi klubim degandingiz. Qaytmasligingizga ishonchingiz komilmi?
— Qaytmayman. Xitoyda 2-3 yil o‘ynayman va uyga qaytaman. Buning vaqti keldi.

Mavzuga oid