Sport | 14:46 / 19.04.2017
18230
5 daqiqa o‘qiladi

«Taqiqlar bizni qiynab qo‘ymoqda» - Odil Ahmedov Xitoy futboli haqida

Odil Ahmedovning «Futbol» haftanomasiga bergan intervyusining ikki qismi bilan tanishtirib o‘tdik. Tribuna.Uz intervyuning uchinchi qismini e'tiboringizga havola etadi. Unda Ahmedov Xitoy futboli, u yerdagi taqiqlar va murakkabliklar haqida gapirib o‘tgan.

— Siz «Paxtakor» asosiy tarkibida Valeriy Nepomnyashiy murabbiyligida o‘ynab ketgansiz shekilli?
— Ha, aynan u meni asosiy tarkibga kiritgandi. Ungacha o‘rinbosarlar safida to‘p surardim. U o‘ta aqlli murabbiy. Uni hech qachon futbolchilarni so‘kkanini yoki ularga baqirganini eshitmaganman. Bosiqlik bilan tushuntiradi – hamma eshitardi. Avtoritet.

— Nepomnyashiy sizning «Shanghay»ga transfer qilinishingizga shunday munosabat bildirgandi: «Afsuski, Odil Xitoyga ketdi, Yevropaga emas. U ko‘prog‘iga loyiq».
— Agar «Krasnodar»da Valeriy Kuzmich bosh murabbiy bo‘lganida hech qayerga ketmasdim. O‘ylashimcha, endi Yevropa haqida gapirishdan foyda yo‘q. Yaqinda 30 yoshga to‘laman, istalgan Yevropa klubi yosh futbolchilarni qo‘lga kiritishni istaydi. Ikki-uch yildan so‘ng xorijdagi faoliyatimni yakunlab uyga qaytaman. Bolalar katta bo‘lmoqda, ular O‘zbekistonda o‘qishlarini istayman. Ota-onamni ham so‘nggi yillarda juda kam ko‘rayapman.

— Xitoy chempionatining dastlabki uchta turidan ikkitasida siz qaydnomada ham yo‘q edingiz. Bu nimani anglatadi?
— Barchasi limit tufayli. Superligadagi o‘yinlar qaydnomasiga faqatgina uch nafar legionerni qo‘shish mumkin. Qolganlar hatto zaxirada bo‘lishi ham mumkin emas. Shu sabab murabbiy tarkibni almashtirib turishga majbur. Bitta o‘yinda dam olaman – boshqasida o‘ynayman.

— Agar oldindan buni bilganingizda Xitoyga borarmidingiz?
— Agar Boash oldinroq limit haqida bilganida yana bitta legioner taklif etmagan bo‘lardi. Qaror jamoamizda besh nafar legioner bo‘lgan paytda qabul qilindi (Ahmedovdan tashqari «Shanghay»da Oskar, Halk, Elkeson va Rikardu Karvalyu kabi legionerlar mavjud). Nima ham qila olardik… Buni men, yoki murabbiy emas, Xitoy federatsiyasi o‘ylab topdi. OChLda esa «3+1» limiti bor. Maydonga to‘rt legionerni tushirish mumkin, ulardan biri osiyolik bo‘lishi kerak. Hozirgi vaqtda osiyolik futbolchi aynan menman.

— Villash-Boash nima demoqda?
— «Tarkibda rotatsiya qilishga majburman». Agar barchasi unga bog‘liq bo‘lganida hamma legionerlar o‘ynashini aytmoqda. U to‘g‘ri tushuntirdi — men to‘g‘ri tushundim. Agar chempionat boshlanishi arafasida reglament o‘zgarib ketsa, nima ham qilish mumkin? Uning bu masala bo‘yicha qiynalayotgani ko‘rinib turibdi, sababi aynan u bizni jamoaga taklif qilgan. Shaxsan menga Boash dekabr oyida qo‘ng‘iroq qilgandi. Liganing kelajagi va bu yerdagi ajoyib muxlislar haqida gapirib bergandi o‘shanda.

— Rostdanmi?
— Aha. Bu yerda muxlislar shunchaki super. Bu shaharga birinchi marta kelganimda, meni aeroportda gullar bilan kutib olishgandi. Bunaqasi hech qachon bo‘lmagan! Odamlar futbolga chin yurakdan muxlislik qilishi ko‘rinib turibdi. Yutqizasanmi, yutasanmi — ularga farqi yo‘q. Har qanday holatda ham qo‘llab-quvvatlashdan to‘xtashmaydi. Misol uchun Halkni bu yerda Rossiyadagidan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rishadi, bu aniq. Odamlar uni ko‘rib qolishganida aqldan oza boshlashadi – baqirishadi, olqishlashadi. Bunaqasi kelganimizdan buyon takrorlanmoqda.

— Ammo shunga qaramay, videosharhlardan ko‘rganimizda, tribunalar bo‘m-bo‘sh ekanini ko‘ramiz.
— Yo‘q, buni tasdiqlamayman. Bizda uy uchrashuvlariga 25–30 mingdan kam muxlis tushmaydi.

Mavzuga oid