Light | 00:20 / 22.04.2017
16635
3 daqiqa o‘qiladi

Shirin ichimliklar iste'moli miya faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi aniqlandi

Gazli ichimliklar va meva sharbatlarining doimiy iste'moli xotiraning susayishi hamda miya hajmining kichrayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Alzheimer's & Dementia jurnalida chop etilgan maqolada olimlar shu haqida ma'lum qilishdi. 

"Biz shirin ichimliklarning ko‘p iste'mol qilinishi hamda miya atrofiyasi o‘rtasida bog‘liqlik borligi, xususan miya hajmining kichrayishi va xotiraning susayishini aniqladik. Boz ustiga, miya tomirlari faoliyatida to‘siqlar paydo bo‘lish hamda falaj xavfi, shuningdek keksalikda  aqlning zaiflashuvi ehtimoli uch karra oshadi", - deydi Boston (AQSh) universiteti olimi Mettyu Peyz. 

So‘nggi yillarda olimlar va shifokor-parhezshunoslar shirin ichimliklarning sog‘liqqa ta'sirini jiddiy muhokama qilishmoqda. Yaqinda Bostondagi Tafts universiteti tadqiqotchilari gazli ichimliklar iste'moli diabet va shu kabi salbiy asoratlardan bir yilda  taxminan 184 ming kishining hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘lishini ma'lum qilishgan edi. Ularning aksariyat qismi AQSh, Meksika va Lotin Amerikasiga to‘g‘ri keladi. 

Peyz va uning hamkasblari shirin ichimliklar nafaqat metabolizmga, balki aql salohiyatiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatishini ma'lum qilishgan. Ular FHS loyihasi doirasida o‘tgan asrning o‘rtalaridan Fremingxem shahridagi 4 ming amerikalikning miya faoliyati, yurak va qon tomirlari salomatligini o‘rganib, shunday xulosaga kelishdi.

Olimlar 10 yil davomida tadqiqot ishtirokchilarining IQ darajasi va boshqa intellektual ko‘rsatkichlari qanday o‘zgarganini magnit-rezonans tomografi yordamida o‘rganib borishgan hamda ushbu ma'lumotlarni FHS ishtirokchilari parhezi haqida bilganlari bilan solishtirib, ular orasidagi bog‘liqlikni aniqlashga harakat qilishgan. 

Ma'lum bo‘lishicha, kuniga 1-2 porsiyadan ortiq gazli ichimlik, mevali sharbatlar iste'moli miya faoliyatida bir qator kamchiliklarni keltirib chiqarar ekan - keksalikda aqlning zaiflashuvi, falaj xavfi hamda xotira bilan bog‘liq muammolar shular jumlasidandir. 

Bunday kishilarda miya hajmi o‘rtacha 1 foizga kichik bo‘lgan, gippokamp, xotira markazi hajmi esa 2 foizga qisqargan. 

Mavzuga oid