Jahon | 11:03 / 25.04.2017
10607
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda 17 yil ichida birinchi marta bir kunda 2 jinoyatchi qatl etildi

Foto: AP

Amerikaning Arkanzas shtatida dushanba kuni qotillikda ayblangan ikki shaxs qatl etildi. Har ikki hukm zaharli inʼeksiya orqali amalga oshirilgan, deb xabar berdi Associated Press (AP) agentligi.

Mahalliy OAVning e'tibor qaratishicha, bu AQShda so‘nggi 17 yil ichida bir kunda birdaniga ikki nafar jinoyatchining qatl etilishi bilan bog‘liq birinchi holatga aylandi. Oxirgi bor shunday vaziyat Texasda 2000 yilda ro‘y bergan.

Dushanba kuni birinchi bo‘lib 52 yoshli Jyek Jons qatl etildi. U 1996 yilda ayolni zo‘rlagani va o‘ldirgani hamda uning 11 yoshli qizini o‘ldirishga uringani uchun oliy jazoga hukm etilgandi. Jons shuningdek Florida shtatida ham xuddi shunday jinoyatda ayblangan. Zaharli inʼeksiya unga Arkanzas ma'muriy markazi bo‘lgan Litl-Rokdan 120 kilometr shimoli-sharqda joylashgan qamoqxonada yuborildi.

45 yoshli Marsel Uilyamsning qatli esa himoyachilari tufayli biroz ortga surilgandi. Huquqshunoslar 1997 yilda ayolni o‘ldirish va yana ikki qurbonni olib qochishda ayblangan shaxs qamoqxonada ortiqcha vaznga ega bo‘lgani va qator xastaliklarga chalinganini iddao qilishdi. Litl-Rok okrug sudyasi Uilyams advokatlari murojaatini qondirdi, biroq bir soatdan so‘ng bu qaror bekor qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Arkanzas Oliy sudi fevral oyida shtatda 12 yillik tanaffusdan so‘ng o‘lim jazosini tiklashga ruxsat berdi. Biroq, o‘shanda inʼeksiyalar uchun kerakli bo‘lgan preparatlar taqchilligiga duch kelingandi. Yangi preparat esa bir necha kun avval xarid qilindi, hamda keyingi yilning avgustiga qadar ishlatilishi mumkin.

Shtat gubernatori Asa Xatchinson aprel oyida sakkizta o‘lim jazosini amalga oshirish haqida qaror chiqardi. Bunday shoshilinch qadam tinchlantiruvchi preparatning yaroqlilik muddati yakunlanishiga qadar ulgurib qolish bilan bog‘liq.

Arkanzas 2005 yildan beri oliy jazoga hukm qilinganlar qatl etilmaydigan yagona janubiy shtat bo‘lib kelgandi. Bunga o‘limga olib keluvchi inʼeksiya yuborilishi bilan bog‘liq sud jarayonlari sabab bo‘ldi.

19 aprel kuni esa Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha Byurosi rahbari Mixael Link AQShning Arkanzas shtatida bir necha o‘lim jazosini qisqa muddat ichida amalga oshirilishidan tashvishda ekanini bildirdi. Byuro direktori AQSh hukumatini o‘lim jazosini butunlay bekor qilish haqidagi masalani yana bir karra qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. 

Ma'lumot uchun, AQShda o‘lim jazosi hammasi bo‘lib 31 ta shtatda ruxsat berilgan.

Mavzuga oid