Sport | 19:51 / 25.04.2017
8073
3 daqiqa o‘qiladi

Xavi Gvardiolaning rejalarini aytdi. «Siti» transfer rekordini takrorlamoqchi

«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola jamoaga «Tottenhem» yarimhimoyachisi Dele Allini olib kelishni istamoqda. Bu haqda «Barselona» sobiq futbolchisi Xavi gapirib o‘tgan.

«Pep bilan suhbatlashganimda, u birinchi navbatda ingliz futbolchilari bilan shartnoma imzolashni o‘zi uchun muhim hisoblayotganini angladim.

Ishonchim komilki, u yozda tarkibni kuchaytirish uchun butun Yevropa bo‘ylab futbolchilar qidiradi. Ammo u asosiy e'tiborini premer-liga futbolchilariga qaratishini kutmoqdaman.

Hozir Angliyaning eng kuchli futbolchisi kim ekani aniq. U Yevropaning ham eng yaxshilaridan biri sanaladi. Bu - Dele Alli. Biz uning o‘ziga xos jihatlarini ko‘rishga ulgurdik. U Pep eng yaxshi ko‘radigan o‘yin uslubiga mos tushadigan texnik ko‘rsatkichlarga ega, aynan Gvardiolaning o‘yiniga mos tushadigan futbolchi.

«Tottenhem» uni qo‘yib yubormaslikka harakat qilishi aniq, ammo «Manchester Siti»ning transferlar bo‘yicha imkoniyatlari qay darajada ekanini yaxshi bilamiz», deya Xavining so‘zlarini keltiradi The Sun.

Hozirda Allini qo‘lga kiritish uchun «Bavariya», «PSJ» va «Real» jamoalari qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar mavjud.

«Tottenhem» Dele Allini sotib olish istagida bo‘lganlar uchun uning narxini 89 million funt sterling (105 million yevro) deb belgilagan. Bu Pol Pogba uchun to‘langan transfer rekordiga teng bo‘lgan qiymat sanaladi. «Manchester Siti» hozirda ushbu summani to‘lashga tayyor bo‘lib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, Alli «Tottenhem» 2014 yilda «MK Dons» safidan kelib qo‘shilgan. Londonliklar futbolchi uchun 5 mln. funt sterling to‘lagan.

Mavzuga oid