O‘zbekiston | 19:50 / 26.04.2017
13491
3 daqiqa o‘qiladi

«Ko‘chirmachilikka chek qo‘yamiz»: O‘zbekistonda mualliflik huquqi bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi

26 aprel kuni Toshkent shahridagi “Radission Blu” mehmonxonasida Xalqaro intellektual mulk kuni va “YANGI INTELLEKT-2017” – eng yaxshi intellektual mulk obekti uchun tanlovga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

26 aprel kuni butun dunyoda Halqaro intellektual mulk kuni nishonlanadi. Halqaro intellektual mulk kunini nishonlash 2000 yilda Butunjahon intellektual mulk tashkilotiga (BIMT) a'zo-davlatlar tomonidan keng ommani intellektual mulk muammosi bilan tanishtirish maqsadida taklif qilingan. 

Har yili 26 aprelda BIMT boshchiligida innovatsiyalar va ijodiyotni rag‘batlantirishda intellektual mulkning roli to‘g‘risidagi masala bo‘yicha keng munozaralar o‘tkaziladi.

Butunjahon intellektual mulk tashkiloti 2017 yilning mavzusini “Innovatsiyalar: farovon hayot uchun” deb nomladi. Butun dunyoda iqtisodiy rivojlanishning muhim omili deb tan olinadigan ilmiy-texnikaviy rivojlanish  innovatsiya jarayoni tushunchasi bilan bog‘lamoqda. Innovatsiya jarayoni bu ilmiy g‘oya vujudga kelgandan boshlab, to uni moddiylashtirishgacha bo‘lgan holatlarning o‘zaro bog‘liq majmuasidan iboratdir. Ushbu jarayon ilm-fan, texnika, iqtisodiyot, tadbirkorlik va boshqaruvni birlashtiradi. 

Bugungi tadbirda IMA o‘z faoliyatlari haqida taqdimot o‘tkazib, jurnalistlar tomonidan yo‘llangan savollarga javob berildi. Agentlik joriy yilda amalga oshiriladigan qator loyihalar, seminar va treninglar haqidagi ma'lumotlar bilan bo‘lishdi. 

Shuningdek, respublikada mualliflik huquqini muvaffaqiyatli amalga oshirish loyihasi ham ishlab chiqilgani va ayni damda bu hujjat ustida muhokama hamda kelishuvlar olib borilayotgani ham ma'lum qilindi. Bu hujjat musiqachilar, shoirlar, san'atkorlar, bastakorlar va boshqalarning mualliflik huquqi poymol bo‘lmasligi va hozirda avj olib borayotgan "ko‘chirmachilik"ning oldini olishga yordam beradi. Mazkur loyiha tasdiqlanganidan so‘ng agentlik u to‘g‘risida batafsil ma'lumotni taqdim etadi.

Mavzuga oid