Fan-texnika | 14:16 / 27.04.2017
33872
9 daqiqa o‘qiladi

Fransiyaning eng mashhur 10 ta avtomobili

Motor.ru nashri eng mashhur fransuz mashinalari ro‘yxatini tuzib chiqdi. Quyida ushbu ro‘yxat taqdim etiladi.

Renault Espace

Katta oilalarga mo‘ljallangan yo‘lovchi avtomobillari bu mashinaga qadar ham bo‘lgan, biroq aynan Espace nafaqat o‘rindiqlar ko‘pligi, balki juda ixcham bo‘lgan dunyodagi birinchi seriyali avtomobilga aylandi. Umuman olganda – u dunyodagi ilk minivendir. Buning ustiga 1984 yilda taqdim etilgan Espace oddiy va funksional dizaynga ega.

Garchi Espace MDH davlatlarida unchalik katta talabga ega bo‘lmagan bo‘lsa ham, G‘arbiy Yevropada model hamon juda ommabop. Ayni damda u yo‘ltanlamasga o‘xshash miniven bo‘lib, bitta benzinli va ikkita dizelli 130dan 200 ot kuchiga ega bo‘lgan kuch qurilmasiga ega.

 

Delahaye 175S Roadster par Saoutchik

Bu avtomobilni avval jurnallar yoki internetda ko‘p ko‘rgansiz, biroq u qanday nomlanishini bilmagansiz. Endi esa bu “maxfiy sir” ochiladi. Delahaye kompaniyasining ko‘plab avtomobillari Fransiyaning eng mashhur modellari qatorida turadi, sababi aynan ular avangard dizayniga asos solishgan.

Aynan bu rodster esa 1949 yilda, buyuk britaniyalik mijoz buyurtmasiga ko‘ra yaratilgan. Shundan so‘ng 165 kuchli avtomobil AQShga borib qolgan, u yerda uning yangi egasi asl dvigatelni olib tashlagan hamda Oldsmobile Toronado’dan motor va transmissiya o‘rnatgan. Avtomobilning uchinchi egasi esa mashinaga ilk ko‘rinishni qaytardi – to‘la ta'mirdan chiqarilgan 175S Roadster ommaga 2006 yilda Pebbl-Bichdagi tanlovda taqdim etildi. 2010 yilgi Sotheby’s kimoshdi savdosida mashina yangi xaridorning mulkiga aylandi. Unga 3,3 million dollar to‘landi.

 

Facel Vega HK500

Facel Vega mashinalarini avtomobil ishqibozlari uchun ortiqcha tanishtirib o‘tirish kerak emas – ular o‘z vaqtida Rolls-Royce va Bentley bilan raqobatchilik qilgan, ayni damda esa kolleksiya yig‘uvchilarning sevimli mashinalariga aylangan. Facel Vega’ning eng mashhur modeli HK500 kupesi bo‘lib, u ikki qavatli faralar va panoramali shamol oynasi bilan jihozlangan.

HK500 modeli o‘z vaqtida haqiqiy superkar bo‘lgan: 1959 yilda taqdim etilgan mashina Chrysler’dan 6,3 litrli 360 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan. U taxminan 8,5 soniyada 100 kilometr soatga chiqqan, maksimal tezlik esa soatiga 230 kilometrni tashkil etgandi. Shu bilan birga, HK500’da Connolly qimmatbaho charm va barcha g‘ildiraklarda disk tormozlari bo‘lgan. Atiga 846 ta shunday mashina chiqarilgan, ularning narxi ayni damda 100 ming yevrodan boshlanadi.

 

Bugatti Type 57

 

Ro‘yxatga Bugatti Veyron va Chiron qo‘shilmadi. Boshqa tomondan, buyuk markani butunlay kiritmaslik adolatsizlik bo‘lardi – shuning uchun ro‘yxatga Bugatti Type 57 qo‘shildi. U Fransiyaning Molsemida Jan Bugatti tomonidan o‘ylab topilgan va ishlab chiqilgan.

Albatta, Type 57’ning eng mashhur nusxasi Type 57SC Atlantic kupesi sanaladi – u auksionlarda o‘n millionlab dollar turishi mumkin. Bunday mashina atigi uch nusxada tayyorlangan. Atlantic 210 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, tezligi soati 200 kilometrgacha yetishi mumkin.

 

Citroen Type H

Dunyoda juda ham ommabop bo‘lgan mikroavtobuslar hozirgi kunda uncha ham ko‘p emas, biroq Type H ulardan biri ekani aniq. Transport vositasi 1947 yildan 1981 yilga qadar chiqarilgan. O‘tgan vaqt davomida qariyb yarim million shunday mashina taqdim etildi.

Type H negizida ko‘p narsalar yaratilgan: pikaplar, evakuatorlar, refrijyeratorlar... Mashhur «Belmondo» o‘zining eng kuchli nusxasida 58 ot kuchiga ega bo‘lgan va ayni kunda promo-aksiyalar hamda mobil kafelar uchun avtomobillar sifatida juda mashhur. 

 

Renault Magnum

Dunyodagi eng mashhur yuk mashinalaridan biri. Magnum ilk bora 1990 yilda ommaga namoyish etilgan. Uning avtonom modulli kabinasida pnevmoyostiqchalar bor bo‘lib, shuning natijasida pol butunlay tekis holatdadir.

1990 yildan 2013 yilga qadar Magnum’ning to‘rt avlodi chiqarilgan, shundan so‘ng modelning o‘rnida Renault T paydo bo‘ldi. Modelni ishlab chiqarish yakuniga kelib Magnum Vega nusxasi tayyorlandi. Uning saloni juda ham dabdabali bo‘lgan va qimmat audiotizim bilan jihozlangan.

 

Alpine A110

Renault kompaniyasi yaqinda yana Alpine markasini rivojlantira boshladi. Sababi o‘z vaqtida asl A110 rallili trassalarda o‘z raqiblarini to‘xtovsiz tor-mor keltirgan. A110 juda mashhur avtoga aylandi hamda ayni kunda istalgan kolleksiyadan o‘rin olishga haqli.

Yengil sportkar (og‘irligi – taxminan 700 kilogramm) Renault dvigatellari bilan jihozlangan, ular orqa o‘q yonida joylashtirilgan. Kuch qurilmalari quvvati 55 dan 140 ot kuchigacha bo‘lgan. 1973 yilgi mavsumda A110 ralli bo‘yicha jahon chempionatida oltita g‘alabani qo‘lga kiritdi. 

 

Citroen 2CV

Bu model Ikkinchi jahon urushidan avval ishlab chiqilgan bo‘lib, 1990 yilga qadar chiqarilgan. Citroen 2CV – bu Fransiyadagi ilk xalq avtomobili bo‘lib, uning boshqa variantlarini hali-hamon G‘arbiy Yevropa yo‘llarida uchratish mumkin. 1948 yildan boshlab qariyb 9 millionta shunday xetchbek ishlab chiqarildi.

Ishlab chiqish jarayonida – u to‘rt nafar fermer va tovuq tuxumlari bo‘lgan savatchani (uning ichidagi bironta ham tuxum qumli yo‘lda sinib ketmasligi kerak bo‘lgan) olib ketishga qodir ixcham avtomobil bo‘lishi kerakligi vazifa qilib qo‘yilgan. Avtomobilda juda ko‘plab modifikatsiyalar bor, ular nafaqat kuzovlar, balki dvigatellar bilan farqlanib turgan. Eng kuchli 2CV 33 ot kuchiga ega bo‘lgan.

 

Peugeot 205 GTi

Hech kimga sir emaski, birinchi “qaynoq” xetchbek deb Volkswagen Golf GTi  hisoblanadi, biroq avtomobil sohasida ishlovchi jurnalistlarning aksariyati tarixdagi eng zo‘r shunday xetchbek sifatida 205 Gti’ni ko‘rsatishadi. Peugeot’dan o‘ziga xos uslub va Pininfarina’dan dizaynga bo‘lgan avtomobil hattoki unchalik kuchli bo‘lmagan dvigatelda bo‘lsa ham, har qanday kishining sevimli mashinasiga aylanishga qodir.

GTi nusxasi 1984 yildan 1987 yilga qadar 1,6 litrli 115 ot kuchiga ega bo‘lgan dvigatel bilan jihozlangan, keyinchalik uning o‘rniga 147 kuchli 1,9 litrli motor almashtirdi. Mashina havaskorlar o‘rtasidagi rallilarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan, jahon arenasida esa 205 nomini Turbo 16 versiyasi himoya qilgan. Turbo 16 200 ot kuchiga ega turbomotorga ega bo‘lgan hamda rallida u 350 ot kuchini berishga qodir edi.

 

Citroen DS

Aynan DS Fransiya tarixidagi eng mashhur avtomobil ekani hech kimga sir emas. «Asr avtomobili» tanlovida DS uchinchi o‘rinni egalladi, hamda faqatgina MINI va Ford Model T’ga imkoniyatni boy berdi. Uni barcha birdek yaxshi ko‘rgan hamda ko‘plab filmlarda undan foydalanishgan.

DS shunisi bilan ajralib turadiki, u mashhur gidropnevmatik tizimga ega bo‘lgan birinchi avtomobilga aylandi. Aynan shu sabab boshqaruvning juda yengilligi va ajoyib qulaylik vujudga kelgan. Hozirgi kunda DS - Peugeot/Citroen konsernining mustaqil brendi bo‘lib, u yorqin dizayn, yangi texnologiyalarni o‘zida mujassamlashtirishga urinmoqda.

Suratlar Motor.ru saytidan olindi

Mavzuga oid