Jahon | 08:33 / 07.05.2017
12483
2 daqiqa o‘qiladi

Nigeriya hukumati 2014 yilda o‘g‘irlab ketilgan qizlarni "Boko Harom" jangarilariga almashdi

Nigeriya hukumati 2014 yilda Chibok shahridagi maktab yotoqxonasidan o‘g‘irlab ketilgan qizlardan 82 nafarini "Boko Harom" ekstremistik guruhining bir necha jangarisiga almashdi. Avvalroq terrorchilar o‘g‘irlab ketilgan qizlarni ozod qilgani ma'lum qilingandi. O‘shandagi bosqinchilik vaqtida hammasi bo‘lib 276 qiz o‘g‘irlab ketilgan. 

"Prezident Muhammadu Buxoriy Chibok shahridan bo‘lgan qizlarning ozod qilinishi bo‘yicha muzokaralar natija berganini ma'lum qilishdan xursand. Uzoq davom etgan muzokaralardan keyin xavfsizlik xizmatimiz bu qizlarni hukumat tomondan ushlab turilgan bir necha jangarilar evaziga ortga qaytardi", deb aytildi Nigeriya prezidenti ma'muriyati xabarida.

Ozod qilingan qizlar avtobuslarda Kamerun chegarasi yaqinidagi Banki harbiy bazasiga yetkazildilar. Ular 7 may kuni Nigeriya poytaxti Abujuga yetkazilishlari kutilmoqda. Qizlarni bu yerda prezidentning o‘zi kutib oladi. 

Eslatib o‘tamiz, qizlar 2014 yil 16 aprelda o‘g‘irlab ketilganlar. O‘sha paytda ulardan ko‘pchiligi 16-18 yoshda bo‘lgan. Hukumat bir necha marta qizlarning bir qismini ozod qilishga muvaffaq bo‘linganini ma'lum qilgan, biroq qizlarning ota-onalari bu ma'lumotlarni rad etib kelganlar. 3 yil ichida 80 ga yaqin qiz uyiga qayta olgan, ulardan ba'zilari qochishga muvaffaq bo‘lgan, qolganlarini esa harbiylar ozod qilganlar. 

Bugungi kungacha yana 195 qiz rasman yo‘qolgan deb hisoblab kelinayotgandi. Shu tariqa, 82 qiz tutqunlikdan ozod qilingandan keyin yana 113 qizning taqdiri noma'lumligicha qolmoqda.

 

Mavzuga oid