Jamiyat | 20:10 / 12.05.2017
14213
7 daqiqa o‘qiladi

Yevropalik elchilardan maxsus intervyu

11 may kuni kuni Radisson Blu Hotel mexmonxonasida Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi va Britaniya Kengashi hamkorligida "Yevropada Ta'lim" ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ushbu tadbir bir necha yillar davomida may oyida o‘tkazib kelinayotgan O‘zbekistonda "Yevropa kunlari" tadbirlari doirasida o‘tkazildi. 

Tadbirda Yevropadagi 14 mamlakatning 20dan ziyod universitetlari va ta'lim sohasidagi tashkilotlar ishtirok etdi. 

Kun.uz muxbiri ko‘rgazmaning ochilish marosimiga tashrif buyurgan Yevropa mamlakatlari elchilaridan intervyu oldi. Elchilar va xorijlik mehmonlar O‘zbekiston hamda Yevropaning ta'lim sohasidagi munosabatlari va bugungi tadbir haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Kristofer Olan, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi:

"Bugun Toshkentda Yevropadagi ta'lim bo‘yicha ko‘rgazma tashkil etilganidan mamnunman. Bu yerda Buyuk Britaniya ham Britaniya Kengashi va Soventry universiteti orqali faol ishtirok etmoqda. Biz Britaniyaning oliy ta'limi dunyodagi eng yaxshi bilimni taqdim etishiga ishonamiz. Mazkur tadbir o‘zbek talabalari uchun Buyuk Britaniyada tahsil olishda yaxshi imkoniyatlar topishlariga rag‘bat bag‘ishlaydi”.

Eduards Striprays, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi rahbari:

"YeI hamda O‘zbekistonning ta'lim sohasidagi hamkorligi eng yaxshi hamkorlik dasturlardan biridir. Masalan, YeIning "Tempus. Erasmus Mundus" hamda "Erasmus+" loyihalari magistrlik yo‘nalishida bir qator mutaxassislarni tayyorlashga yordam bermoqda. Yevropa Ittifoqi ta'lim dasturlari OTMlar uchun yangi o‘quv uskunalari va zamonaviy adabiyotlarga ega bo‘lish, hamda axborot resurslarini yangilash orqali, o‘quv-uslubiy va laboratoriya bazasini modernizatsiya qilishga sezilarli darajada hissa qo‘shmokda. Hozirgi kunda Yevropa Ittifoqi universitetlari bilan O‘zbekistonning 44 OTM ishtirokida jami 80ta almashinuv bo‘lib o‘tdi. 2017 yil natijasiga ko‘ra, 600 o‘qituvchilar almashinuvi (ulardan 440 nafari O‘zbekistondan Yevropaga va 170 nafari Yevropadan O‘zbekistonga) tashrif buyurgan".

Mark Krossi, Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori:

"Britaniya Kengashi ushbu ko‘rgazma tashkilotchilaridan biri ekanligidan juda mamnun. Jumladan, bu ko‘rgazma ikkala tomonning ham katta qiziqishini uyg‘otdi. Ya'ni bir tomondan Yevropa universitetlari tadbirda ishtirok etishga ishtiyoqi juda baland bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan O‘zbekistoning iste'dodli yoshlari ham ko‘rgazmaga kelishga katta qiziqish bildirdi. Birgina onlayn registratsiyadan o‘tgan ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar soni shu kungacha 1500ga yaqin bo‘ldi. Chet elda ta'lim olish – xalqaro sifatli ta'lim berish bilan birgalikda va xalqaro tajriba va umuman hayotiy ko‘nikma olish uchun juda foydalidir. Aminmanki, bu borada Yevropa universitetlari O‘zbekiston abituriyentlari uchun yaxshi takliflar bera oladi".

Romeo Stanchu, Ruminiyaning o‘zbekistondagi elchisi:

"Ruminiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar alohida e'tirofga sazovor. Jumladan, ta'lim sohasida ham mamlakatingiz bilan yaxshi aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi ko‘rgazmada Ruminiyaning eng yaxshi oliygohlaridan biri - Buxarest Politexnika universiteti o‘z taqdimoti bilan ishtirok etmoqda. Mazkur universitetda turli sohalar bo‘yicha mutaxassis bo‘lib yetishish mumkin. Barchaga ma'lumki, Ruminiya o‘zining olimlari bilan dunyoga mashhur. Jumladan, taniqli olim, reaktiv tortishishda harakatlanuvchi dunyodagi birinchi samolyot loyihasi muallifi Anri Koanda mazkur universitetning bir qismiga asos soladi.  Shu sababli bu yerda aviatsiya sohasining eng yetuk mutaxassislari yetishib chiqadi. Qolaversa, universitetda dunyoning kuchli IT-texnologlari ham o‘qitiladi. O‘ylaymanki, bu kabi tadbirlar o‘zbekistonlik talabalarning kelgusidagi faoliyatiga o‘z ta'sirini ko‘rsatadi".

Violen De Vilmor, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi:

"O‘zbekistonda ta'lim sohasida amalga oshirilgan yangi islohotlar talabalarga Fransiyada o‘qishlari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Talabalar Yevropaga bir yilga, ikki yilga yoki qisqa muddatga tahsil olish uchun borishlari mumkin. Yevropada ta'lim bo‘yicha yaratilgan maxsus tizim orqali barcha talabalar yarim yil yoki bir necha kunga xorijga borib, ikkita malaka bilan qaytishlari mumkin: boshqa mamlakatning tili va madaniyatini o‘rganish va o‘z mutaxassisligi bo‘yicha mahoratini oshirish. Fransiya xorijlik talabalar uchun dunyodagi eng yaxshi to‘rtinchi mamlakat hisoblanadi. O‘zbekistonda esa chet elda ta'lim olish va malaka oshirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan". 

Andrea Bertotstsi, Italiyaning O‘zbekistondagi elchisi: 

"Toshkentda ochilgan Italiyaning Turin politexnika universiteti ikki mamlakatning ta'lim sohasidagi iliq munosabatlarning yaqqol misol bo‘la oladi. Italiyaning eng yaxshi universitetlaridan biri bo‘lgan ushbu oliygoh Toshkentning o‘zidayoq talabalarga kerakli malaka va ko‘nikmalarni bera olishi quvonarli holat. Universitetda italiyalik mahoratli o‘qituvchilar, professorlar ta'lim beradi, turli xalqaro dasturlar amalga oshiriladi. Talabalar mazkur oliygohda Italiyaning texnika sohasidagi tajribasi va malakalarini o‘rganish imkoniga ega bo‘lishadi".

Pyotr Ivashkevich, Polshaning O‘zbekistondagi elchisi: 

"YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyalar dasturi doirasida ta'lim platformasi mavjud. Polsha Latviya bilan birgalikda aynan platformaning eng yetakchisi sanaladi. Biz aynan shu sur'atda harakat qilishda davom etamiz. 2017 yilgi o‘quv yili boshidan (sentabr yoki oktabr) biz O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetida yana o‘quv darslarini joriy etishni rejalashtirganmiz. Bundan tashqari, Samarqand va Buxorodagi oliy ta'lim muassasalarida ham polyak tili o‘qitila boshlanadi. Mazkur fanlarga Polshadan professional o‘qituvchilar jalb etiladi".

Yoanna Jorjiadu hamda Sofiya Manoliadu, Saloniki (Gretsiya)dagi Aristotel universiteti o‘qituvchilari:

"Bizning universitetda o‘zbekistonlik talabalar ham tahsil oladi. Ochig‘ini aytsak, ular o‘zining tirishqoqligi, harakatchanligi, odobi bilan ajralib turadi. YeI ta'lim bo‘yicha almashinuv dasturi orqali biz yurtingizga tashrif buyurdik. Bu dasturlar nafaqat talabalar va professorlarning malakasini oshirishga xizmat qiladi, balki mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona, samimiy aloqalarni rivojlantirishga, Yevropa va O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalarining faoliyati bilan yaqinroq tanishishga imkon beradi".

Feruza Avazova tayyorladi

Mavzuga oid