Jamiyat | 09:25 / 15.05.2017
18775
25 daqiqa o‘qiladi

Olimlar oldidagi sun'iy to‘siqlar: ahli orif zimmasiga yuklatilgan vazifa nima?

Professor Saidmurod Mamashokirovning 2017 yil 10 martdagi maqolasini faylasuflarning qalb nidosi, voyvaylosi, desam bo‘ladi. 

Bitta ibratli misol: 2012–2016 yillarda Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tomonidan 226 fan doktori ilmiy darajasini olishga da'vogarlarga dissertatsiya himoya qilishga ruxsat etilgan va ular diplom olishgan. Mazkur omadi chopganlar (men ularning OAKning g‘ayriqonuniy va g‘ayriilmiy chig‘iriqlaridan muvafaqqiyatli o‘tgani bilan tabriklayman, albatta) ichida birorta faylasuf yo‘q.

Nahotki, shu yillar ichida falsafa bo‘yicha birorta ham da'vogar chiqmadi? Aksincha, ilmiy darajalar berish, Nizomlarining va OAK talablarining ketma-ket o‘zgartirilganiga qaramay tadqiqotchilarimiz so‘fiyona sabr, chidam va mardonavarlik bilan himoya qilishga tayyorgarlik ko‘rib keladilar. O‘rta hisobda har yili kamida 5–6 da'vogar ilmiy darajali bo‘lishi tayin edi. Biroq, OAK raisi A.Yusupovning g‘ayriqonuniy va g‘ayriilmiy da'volari tufayli tayyor dissertatsiyalar himoya qilinmay keladi.

1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasiga ko‘ra fuqarolarga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi kafolatlanadi, 67 moddasida esa «senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi», deyilgan. Bu talab barcha ijod sohasiga taalluqlidir. 

OAK esa butun ilmiy daraja va unvon berish jarayonini o‘z qo‘liga olib, faqat o‘z so‘zi, qarashini to‘g‘ri, deb biladi. Dissertatsiya mavzularini tasdiqlashni, kim tadqiqot olib borishi mumkinligi (layoqat testini), qancha imtihon minumumlar topshirishi, qaysi tillarda dissertatsiya va avtoreferatlar tayyorlashi, qanday jurnallarda va qaysi davlatlarda maqolalar chop etishi, tadqiqot natijalarini qaysi muassasalarga joriy etishi, qachon seminarlardan o‘tishi, nechta dalolatnoma olishi shartligini u belgilaydi.

Avtoreferat, dissertatsiya va hujjatlarni qanday tayyorlanganini, qaysi jumladan keyin qaysi jumla kelishigacha faqat A.Yusupov «biladi». Shu tariqa u Ilmiy kengashlarni, olimlarni o‘z og‘ziga qaratib olgan. Hatto seminarlardan o‘tgan tadqiqotchilar ham uning shaxsiy ruxsatisiz himoya qilolmaydi. OAK raisining «Qodiri Mutlaq»ligi Ilmiy kengashlar va izlanuvchilarning huquqlarini yo‘qqa chiqargan. 

Byurokratik talablar bois, masalan, izlanuvchi birgina mavzuni tasdiqlash uchun bir, bir yarim yil vaqtini yo‘qotmoqda. Mavzu kafedrada, fakultet, keyin o‘quv yurti ilmiy kengashida, ilmiy seminarda va olimlar uchrashuvlarida muhokama qilingani OAKni qiziqtirmaydi. U istasa mavzuni chop etishga ruxsat beradi, istamasa — yo‘q. 

Shuncha muhokamalardan so‘ng OAK raisining bir so‘zi mavzuning qismatini belgilashi, S.Mamashokirov to‘g‘ri qiyoslaganidek, qatag‘on yillaridagi beshafqat, g‘ayriqonuniy hukmga o‘xshaydi. Nahotki, A.Yusupov falsafadagi muammolarni yaxshi bilsa? Shubhali da'vo! Hattoki, umrini falsafa ilmiga bag‘ishlaganlar ham bunday da'vo qilolmaydi. 

Nima uchun mavzu qaytarilganini, OAK byulletenida chop etilmasligini u yetarli izohlab ham bermaydi. To‘g‘ri, chalakam-chatti yozilgan, ikki barmoq enligidagi qog‘ozcha keladi, unda mavzu tasdiqlanmagani ko‘rsatiladi, xolos.

Mavzuni qanday to‘g‘irlash kerak, nimalardan voz kechib, uni dolzarb qilish mumkin, muammoning qaysi tomoni ilm-fan uchun muhimligini ko‘rsatish OAK xodimlarining burchi emasmi? Agar OAKdagilar o‘ta bilimdon bo‘lsa, ketidan borayotgan, endi mustaqil izlanishga qadam qo‘yayotgan yoshlarga yetarli, to‘g‘ri maslahat, tavsiyalar bersa bo‘lmaydimi? 

Mavzuning tadqiqot jarayonida o‘zgarishi tabiiy hol, ijodiy izlanish dissertatsiyaning nafaqat mavzusini, shuningdek, maqsadi va vazifalarini, hatto konsepsiyasini o‘zgartirib yuborishi mumkin. Nahotki, ushbu aksiomani OAK xodimlari bilmasa? 

Shuning uchun S.Mamashokirovning mavzuni tasdiqlash huquqini Ixtisoslashgan kengash (hozir Ilmiy kengash) yoki Ilmiy seminarga berish haqidagi taklifida jon bor. Vaholanki, 2016 yil 28 aprelda tasdiqlangan Nizomda dissertatsiya mavzusi oliy ta'lim yoki ilmiy tadqiqot muassasasi kengashi tomonidan tasdiqlanishi qayd etilgan. Mazkur hujjatni A.Yusupovning o‘zi tasdiqlagan va uning o‘zi uni o‘zboshimchalik bilan buzib keladi.

Bu o‘rinda OAKning mavzularni amaliyot bilan bog‘lash talabi ham falsafa uchun nomaqbul ekanini aytib o‘tishim zarur. Falsafaning shunday ichki, ontologik va gnoseologik muammolari mavjudki, ular amaliyot talablariga muvofiq kelavermaydi. OAKning mazkur oddiy holni bilmasligi, aslida volyuntarizmi, hayratlanarli hol.

2. Agar ilmiy izlanuvchi tadqiqot o‘tkazishga layoqatli ekanini test topshirish orqali tasdiqlasa, nima uchun u yana imtihon minimumlar topshirishi zarur? Bundan tashqari, axir u O‘zbekiston tarixi, chet tillar imtihonlarini maktabda, oliy o‘quv yurtiga kirayotganida va uni bitirayotganida, ixtisoslikdan esa davlat imtihonlari topshiradi-ku?!

O‘ta hayratli tomoni shundaki, OAK layoqat testlari va imtihon minimumlar ilmiy izlanishlar saviyasiga qanday ta'sir etayotganini hech qachon o‘rganmagan. Ushbu malakaviy imtihonlar ustiga Mustaqillik mafkurasi hamda demokratik jamiyat qurishning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy negizlari va ilmiy asoslaridan ham minimum topshirish qo‘shgan. Bu imtihonlarni topshirish atrofida qancha mayda gap-so‘zlar yurayotganini, asablar va munosabatlar buzilayotganini OAK bilmaydi deysizmi? 

Imtihonlarni qabul qilish bilan qancha olimlar band, ularning xizmatiga haq to‘lanmaydi. OAK ekspertlariga ham, Ilmiy kengash a'zolariga va dissertatsiya opponentlariga ham haq to‘lash zarurligini xayoliga keltirmaydi. Nima uchun dissertatsiya himoya qilgan xodimning oladigan maoshi ma'muriy xodim (bo‘lim boshlig‘i, kafedra mudiri, dekan, prorektor, rektor va boshqalar) nikidan kam?    

3. Tadqiqot natijalarini chop ettirish borasida ham OAK byurokratik to‘siqlar kashf etishga usta. Uning ro‘yxatiga ko‘ra, maqolalarni milliy nashrlardan faqat 16 ta jurnallarda chop etish mumkin. Falsafa barcha ilm-fanlar, ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalar bilan bog‘liq, shuning uchun unga oid maqolalarni ayrim jurnallar bilan chegaralash noto‘g‘ri. 

Nima uchun xalqaro nufuzga ega «Jahon adabiyoti», «Sharq yulduzi», «San'at», «Teatr», «Yoshlik», hatto birorta ham pedagogika va psixologiyaga oid jurnallar ro‘yxatda yo‘q? O‘zbekistonda yuzdan ziyod jurnallar chiqadi, OAK xodimlari buni bilib qo‘ysalar durust bo‘lardi.

Tag‘in, bir masala. Chet ellarda maqolalar chiqarish O‘zbekistonning xalqaro mavqei uchun zarur, ammo u OAK qilganidek, cheklangan jurnallarda va albatta, ikkita bo‘lishi shart emas. Qayerda, qaysi jurnallar va axborotnomalarda, qancha maqolalar chop etilishini OAK emas, mutaxassislar muhokamasidan keyin Ilmiy kengash belgilashi zarur. Haqiqatan ham, nima uchun ro‘yxatda Markaziy Osiyo, musulmon davlatlari nashrlari yo‘q? 

Chamasi A.Yusupov ushbu davlatlarda ham falsafiy maktablar mavjudligini, ularning falsafiy va ma'naviy merosi G‘arbnikidan qolishmasligini bilmaydi. Respublikamiz oliy o‘quv yurtlari Axborotnomalarini mensimaslik OAKga munosib ish emas, ularda berilayotgan maqolalarni ilmiy tahlil etmay, o‘rganmay «salohiyati past» deyishga o‘zining salohiyati past jur'at etishi mumkin. 

OAK dissertantdan «zamonaviy adabiyotlardan foydalanish»ni talab etadi. Qaysi adabiyotlar zamonaviy, qaysi adabiyotlar zamonaviy emas, buni kim aniqlaydi? Keyingi 15–20 yillar ichida chop etilgan adabiyotlar zamonaviy-yu, ilgari nashr qilinganlari zamonaviy emasmi? Axir bu tarixni, o‘tmishni va merosni ko‘r-ko‘rona rad etish-ku?! Bu talabni ilm-fan, madaniyat sohasidan xabardor odam ilgari surishi mumkinmi? 

XIX asrning oxiri va XX asrda O‘zbekistonda falsafa ilm fanga aylandi, OAK esa aynan ushbu davrni xotiradan o‘chirib tashlamoqchi. Qaysi davrga oid adabiyotlardan foydalanish tadqiqotchining huquqi ekanini bilmaydigan, bilishni istamaydigan OAKdan sun'iy to‘siqlardan, sansolorliklar kashf etishdan boshqa nimalar kutish mumkin?

4. Tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish, ayniqsa falsafiy izlanishlarda, g‘oyat murakkab. Chunki falsafaning universal, keng qamrovli, goho o‘zi bilan o‘zi bahslashib yuradigan soha ekanligi uning natijalarini konkret usul, vosita yoki mexanizm sifatida amaliyotga joriy etishga imkon beravermaydi.

Ammo OAK tadqiqotchilarimizdan natijalarini amaliyotga joriy etilganligi haqida dalolatnomalar talab etadi. Tag‘in u, o‘quv yurtlari faoliyatiga joriy etilgan maxsus kurslar, darslar, o‘quv qo‘llanmalari, darsliklar, ma'naviy ma'rifiy tadbirlarni e'tiborga loyiq emas, deb hisoblaydi. 

Bunday fikrga nafaqat falsafadan, shuningdek, ijtimoiy-gumanitar fanlar xususiyatlaridan mutlaq bexabar shaxs kelishi mumkin. Goho ushbu fanlar natijalarini qabul qilishga jamiyat tayyor bo‘lmaydi yoki ular gipotetik xususiyatga ega bo‘ladi. Ijtimoiy gumanitar fanlarga oid tadqiqotlar uyg‘otadigan fikr, bahs, auditoriya diqqatini jalb etadigan g‘oya ham ular natijalarining amaliyotga joriy etilishi hisoblanadi. Bularga zid talablar ilmiy izlanuvchilarni mavzusiga hech qanday aloqasi yo‘q tashkilotdan dalolatnoma keltirishga majbur qiladi. 

Bu esa falsafaga bo‘lgan munosabatlarni yanada siyqalashtiradi, uning natijalarini battar soxtalashtiradi. Umuman OAK qaysi soha, qanday ixtisosliklar ilmiy tadqiqotlar natijalarini joriy etishga muhtoj ekanini bilarmikan? Bu haqda uning birorta tasavvuri bormikan o‘zi?

5. Ta'lim-tarbiya tizimini, yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni ilmiy pedagogik kadrlarsiz tasavvur etish mushkul. OAK zimmasiga ana shunday kadrlar tayyorlash vazifasi yuklatilgan. Xo‘sh, ushbu tashkilotning bu vazifasiga munosabati qanday? 

Ishonchim komilki, OAK va ekspertlar guruhlarida fidoiy, ilmsevar kishilar ko‘p. O‘zim ikki muddat ekspertlar guruhi a'zosi bo‘lganman, qanday ilmiy va tashkiliy masalalarni hal qilishga to‘g‘ri kelishidan yaxshi xabardorman. Biroq keyingi yillarda OAK zamonaviy o‘zgarishlarga muvofiq kelmaydigan, totalitar tuzum davrida shakllangan, mutlaq yopiq tashkilotga aylanayotgani ko‘zga tashlanmoqda. 

Masalan, OAK zimmasiga ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash vazifasi yuklatilgan bo‘lsa-da, u qaysi viloyatga, qaysi yo‘nalishdagi o‘quv yurtlariga qancha professor, dotsent, ilmiy izlanuvchilar tayyorlash zarurligini, ya'ni jamiyatimizning, ta'lim-tarbiya tizimimizning qancha ilmiy pedagogik kadrlarga muhtojligini aytib berolmaydi. 

Viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlarida, tadqiqot markazlarida falsafa, sotsiologiya, siyosatshunoslik, pedagogika va psixologiya bo‘yicha ilmiy darajali kadrlar yetishmayotgani, qolmayotgani barchaga ma'lum. OAK raisi ilmiy kengashlar, olimlar bilan uchrashib, nima uchun falsafiy fanlarlarda himoya bo‘lmayapti, sababi nimada, deb qiziqib ko‘rmagan, balki, aksincha, yillab navbat kutgan, himoyaga tayyor da'vogarlarni eshigiga yo‘latmay, tadqiq qilindi, o‘rganildi, tahlil etildi, muammolar, vazifalar qo‘yildi kabi ilmiy iste'moldagi so‘zlarga qarshi chiqib, asossiz da'volari bilan tadqiqotchilarni sarson qilib keladi. Har bir so‘z, har bir jumla uchun viloyatlardan tadqiqotchilarning qayta-qayta qatnashlarini, ovoragarchiliklarni endi tasavvur qiling! 

Shu bois ham ko‘pgina iqtidorli izlanuvchilar «bor-ye» deb ilm-fan sohasidan, ta'limdan ketib qolishgan. Oliy o‘quv yurtlari va tadqiqot markazlari u yoqda tursin, hatto kollej va litseylarda ishlayotganlarning Yaponiyada 32 foizga yaqinini, Janubiy Koreyada 28 foizini, Angliyada 26 foizini ilmiy pedagogik kadrlar tashkil etadi. Bizda ular 3 foizdan oshmaydi. Ilm sohasiga yangi kuchlar, yoshlar kirmoqchi, ammo OAK ma'muriy byurokratik talablarining sun'iy to‘siq bo‘layotgani achinarli hol emasmi?

Men bilaman, ayrim dissertatsiyalarda ilmiy yangiliklar tavtologik xususiyatlarga ega, ularda sayozlik, bayonchilikka berilish kuzatiladi. Lekin ijtimoiy gumanitar sohalardagi tadqiqotlardan Amerika ochishni talab etish g‘ayriilmiy yondashishdir. Tadqiqotlar empirik tajribalarni o‘rganish, mavjud nazariy bilimlarni umumlashtirish, yangi gipotezalarni ilgari surish, sohaning tor, ichki masalarini muhokama qilish tarzida ham bajarilishi mumkin. 

OAKga esa bu yo‘nalishdagi tadqiqotlar zarur emas. Bu bilan u ijodiy masalalar bilan shug‘ullanuvchi, ilmiy, ijodkor kadrlar tayyorlashga bosh-qosh bo‘ladigan muassasa ekanini unutib qo‘yganini ko‘rsatadi. 

Shuning uchun S.Mamashokirovning OAK va Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi bilan birlashtirish haqidagi taklifini o‘rinli deb hisoblayman. Dissertatsiyalar himoya qilish va ilmiy darajalar, unvonlar berish huquqini oliy o‘quv yurtlariga o‘tkazish lozim. 

Bu, birinchidan, oliy o‘quv yurtlarining ilmiy salohiyatini oshiradi, ikkinchidan, ilmiy tadqiqotlarni joylardagi aniq ehtiyojlarga muvofiq olib borish imkonini beradi. Barcha tadqiqotchilar ham Forobiy yoki Beruniy bo‘lavermaydi, ammo ularning qalbidan joy olgan ilm-fanga, fikrlashga, ijodga qiziqish qolgan yoshlarga ham o‘tishini unutmaslik kerak. Aks holda tadqiqotlar olib bormaydigan ba'zi hamkasblarimizning ilmiy muammolarga talabalar diqqatini jalb etish o‘rniga ularga latifa, hangomalar aytib berishga o‘tishgani sir emas. Nachora, mulla bilganini o‘qiydi-da!

Yana bir muammo. Falsafa fanlari doktori, professorlar oliy o‘quv yurtlarida yarim, chorak stavkaga tushirib qo‘yilganini, nafaqa yoshiga yetdi? degan bahonada ta'lim tizimidan siqib chiqarilayotganini nahotki OAK bilmaydi? Nahotki, ijtimoiy-gumanitar fanlarda samarali ijod qilgan olimlar tajribasi, ilmiy salohiyati hech kimga kerak emas?...     

6. Ilm-fanni rivojlantirishda Fanlar Akademiyasi muhim o‘rin tutadi.. Ayniqsa, akademiklarning so‘zlari, asarlari ilm ahlining diqqatini tortadi. Negadir bizdagi akademiklar izlanishlarida turg‘unlik paydo bo‘lgandek.
Ular matbuotdagi ilm-fanga oid bahslarda ishtirok etishmaydi, izlanishlar saviyasiga baho berish, yangi yo‘nalishlar ochish va ilmiy kadrlar tayyorlash muammolariga befarq. Oxirgi marta akademiklikka saylov 2000 yilda o‘tkazilgan. Unda falsafadan atigi ikki kishi saylangan. Shundan beri 17 yil o‘tibdiki, OAK saylov o‘tkazishni kun tartibiga qo‘ymadi. Axir akademik ham ilmiy kadrlar tayyorlash tizimidan chiqmaydimi?

Umuman, Fanlar Akademiyasining yangi nizomini tuzish, undagi byurokratiya va «labbay»chilikka barham berish zarur. Akademiklarimiz jahon olimlari bilan bahslasholadigan bo‘lsin. Bugun eng yosh akademigimiz 68 yoshda. Mening fikrimcha, ilmiy izlanishlar sohasiga ham bozor munosabatlarini keng joriy qilish darkor. Olimlar maqolalar, kitoblar chop ettirsayu mualliflik haqini olmasa, bu adolatdan emas. Sovetlar davrida ularning televideniye va radioda chiqishiga, joylarda o‘qiydigan ma'ruzalariga va uyushtiradigan uchrashuvlariga ham haq to‘lanardi.

7. Ilmiy tadqiqot institutlari va markazlari grantlar asosida faoliyat yuritadi. Negadir falsafiy fanlarga oid tadqiqotlarga chet ellik grantlar berish tartibi shakllanmagan. Ikki, uch yilda ajratiladigan grantlarni esa nuqul bir guruh kishilar «yutib» oladi. Viloyatlardan kelgan loyihalarning birortasi o‘tganidan men bexabarman. 

Loyihalarni baholovchi ekspertlarning tanish-bilishlikka moyilligini, tepadan tushirilgan loyihalarni o‘tkazib kelayotganini hamma biladi. Ba'zi markaz xodimlari o‘z grantlarini va o‘ziga yaqinlarining grantlarini baholashga ekspert qilib chaqiriladi. Ularning na grant mavzularidan xabardorligi, na ilmiy salohiyati, na obektiv baholay olish qobiliyati bor-yo‘qligi hisobga olinadi. Natijada ilmiy markazlar, tadqiqotchilar o‘rtasida ilmiy-ijodiy raqobat, bahs yo‘q. 

Ajablanarli hol shundaki, bitta loyiha har xil iboralar bilan tanlovdan o‘taveradi. Tadqiqot natijalarining saviyasi, qanchalik zarurligi ilmiy jamoatchilik e'tiboridan, nazoratidan chekkada qolmoqda, chunki ularga oid hisobotlar bilan tanishishning imkoni yo‘q. 

Nima uchun tadqiqot natijalari va yillik hisobotlar kutubxonalarga yuborilmaydi, internetga joylashtirilmaydi? Nega grant mavzulari, undagi ishtirokchilar, qancha mablag‘ ajratilgani ilmiy jamoatchilikka yetkazilmaydi, hammasi sir saqlanadi? Bugun grant ishtirokchilari ichida O‘zbekistonda yashay turib, biror marta ham grant bajarilayotgan muassasaga tashrif buyurmagan, nimaga maosh olib kelayotganini tushuntirib berolmaydigan «o‘lik jonlar» qanchadan qancha. 

Ilmiy tadqiqot markazlarida Mehnat Kodeksiga, qonunga umuman amal qilinmaydi, ularning rahbari va xodimlari istagan paytida ishga keladi, istamasa oylab, hatto yillab ishga kelmasligi mumkin. Oyda bir marta buxgalteriyaga kirib tursa bas, tag‘in ular yil oxirida mukofotlar olishadi. «O‘lik jonlar» va soxta komandirovkalarga ketadigan mablag‘larni tadqiqot natijalarini chop etishga sarflash mumkin-ku?! 

Qarang, uch yil davomida to‘rt besh «olim» «ter to‘kib», maosh olib tayorlagan kitob atigi 100, juda nari borsa 300 adadda chop etiladi. Ushbu adadlarning chin ekanligini ham hech kim tekshirmaydi. Natijada ijtimoiy-gumanitar fanlarda g‘ayriilmiylik va chalamullalik avj olgan.

8. S.Mamashokirovga bergan javob xatida OAK, hujjatlar tarkibi 42 foizga, ularni qabul qilish vaqti 83 foizga, himoya qilish muddati 50 foizga va himoyadan keyin hujjatlarni taqdim etish muddati 66 foizga qisqartilgan, deb yozibdi.

Hujjatlar tarkibining 42 foizga qisqartirilgani shubhali. Ilgari topshiriladigan imtihon-minimumlar uchta edi, endi ular – to‘rtta, layoqat testi bilan beshta; ilgari fan nomzodlari uchun chop etiladigan maqolalar soni ikkita, fan doktorlari uchun beshta va monografiya talab etilar edi, hozir maqolalar soni o‘n beshta, tag‘in ikkitasi G‘arb davlatlaridagi maxsus jurnallarda chop etilishi kerak; ilgari dalolatnoma ixtiyoriy tarzda bitta keltirilardi hozir ularning soni to‘rt-beshta, keltirish esa majburiy; ilgari avtoreferat bitta tilda yozilardi hozir u uch tilda yoziladi. Ana sizga hujjatlar tarkibining 42 foizga qisqartirilgani! 

Yoki hujjatlarni qabul qilish vaqtining 83 foizga qisqartirilganini olaylik. Qiziq, OAK bu vaqtning qisqartirilganini qanday o‘lchadi ekan? Men nomzodlik dissertatsiyasini Leningrad (Sankt Peterburg)da himoya qilganman. Ikki kundan keyin Toshkentga qaytishim va darsimni o‘tishim kerak edi. Himoyaga oid barcha hujjatlarni Ixtisoslashgan kengash kotibasi yig‘ib Moskvaga, OAKga yuborgan, men aralashmaganman. Hech qanday xizmatga haq to‘lamaganman, barchasi maxsus fond orqali amalga oshirilgan, yo‘l xarajatlari davlat hisobiga bo‘lgan. 

Xo‘sh, bugun-chi? Barcha qog‘ozlar uchun ilmiy izlanuvchi yuguradi, ya'ni himoyadan oldin ishini OAKga ko‘rsatadi (bu sinovga bardosh bergan tadqiqotchi borligini bilmayman. Agar dissertatsiya oldin OAKda ko‘rilsa, rais tasdiqlasa, uni Ilmiy kengashda himoya qilishning nima hojati bor? Mantiq qani?!), seminar, Ilmiy kengash, muhokamalar protokollarini, opponentlar nutqlarini yozadi, avtoreferatini chop ettiradi va pochta orqali turli respublikalarga tarqatadi, taqrizlar yig‘adi, qaydnomalar, ovoz byulletenlari va Ilmiy kengash qarorlari va himoya stenogrammasini tayyorlaydi.

Xo‘sh, ayting-chi, bularga qancha vaqt ketadi? Ilmiy izlanuvchining qancha mablag‘i ketadi? Agar u boshqa viloyatdan kelgan bo‘lsa-chi? Men dadil aytishim mumkinki, xatda keltirilgan foizlar OAK raisining professor S.Mamashokirov va u orqali butun ilmiy jamoatchilikni laqillatishga qaratilgan navbatdagi kashfidir.

9. S.Mamashokirov OAK vakolat maqomini, tashkiliy strukturasini, funksiyalarini isloh qilishga chorlaydi. Mening fikrimcha, OAK totalitar tuzumdan qolgan, ilm-fan, ijod erkinligi ustidan ma'muriy va mafkuraviy nazorat o‘rnatish maqsadida tashkil etilgan muassasa edi. U o‘z davrini yashab bo‘ldi. Endi ilmiy darajalarni berish huquqi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy markazlarga o‘tkazilishi mumkin. 

Agar ushbu dargohlar ilmiy kadrlarga muhtoj bo‘lsa, ularga maosh berolsa, izlanishlar olib borishi uchun shart sharoitlar yaratsa, marhamat, da'vogarga ilmiy daraja bersin. O‘quv yurtlaridagi xodimlar yoppasiga professor bo‘lganida ham ilm-fanga ulardan ko‘pi bilan ikki-uchtasigina haqiqiy hissa qo‘shadi, buni tarixiy tajriba tasdiqlaydi, ammo professor, ilmiy darajaga ega kadr auditoriyada latifa, cho‘pchak aytmaydi, u o‘zining ilmiy mavqeini yo‘qotishdan uyaladi, qo‘rqadi. 

Dissertatsiyalarning vazifasi, yana aytaman, Amerika kashf etish emas, balki, bu — eng muhimi, erkin va ilmiy-ijodiy fikrlovchi kadrlarni yetkazish, ular orqali millatning, xalqning intellektual salohiyatini yuksaltirishdir. Bugun bizga o‘z hukmini o‘tkazayotgan totalitar tuzum yo‘q, nega axir biz o‘zimizning tagimizni o‘zimiz qirqishni faoliyat tarziga, ish usuliga aylantirayapmiz? Nega bilishga, izlanish va yaratishga intilayotgan aql egalarining, jamiyat taraqqiyoti, el yurt, kelajak avlodlar manfaatlarini unutib, ko‘kragidan itarishga o‘rganayapmiz? Millatning, xalqning tanazzuli, qoloq kun kechirishi, boshqalarga mute, qulga aylanishi mana shunday ichiqarolikdan boshlanmaganmi?..

OAKning dissertatsiya va avtoreferatni tayyorlashga qo‘ygan talablari ham ko‘pgina o‘rinlarda mavhum va mujmal, turli savollar uyg‘otadi. 

Masalan, nima uchun aniq fanlarda chop etilgan monografiyalar 3 ta maqola o‘rniga o‘tadi-yu, ijtimoiy gumanitar fanlarga oid monografiyalar hatto «e'lon qilingan ilmiy ishlar jumlasiga kirmaydi»? Axir bu ijtimoiy-gumanitar fanlarni, ulardagi tadqiqotlar natijalarini mensimaslik-ku?!

Dastlabki ekspertizadan, seminardan o‘tgan tadqiqotlarni himoyaga qabul qilish muddati nega Nizomda aniqlanmagan? Axir bu sansalorlikka, suiste'molchiliklarga yo‘l ochib beradi-ku?! Bunga A.Yusupovning seminarlardan o‘tgan dissertatsiyalarni himoyaga qo‘ymay, yosh taqiqotchilarni yillar sarson qilib kelayotgani misoldir. 

Ilgari iqtiboslar matn tagida berilgan, bu bildirilayotgan fikr kimniki ekanini, matndan diqqatni uzmay, tez bilish imkonini bergan. OAK yangilik kashf etmoqchi bo‘lib, adabiyotlarni dissertatsiya oxirida keltirish tartibini o‘rnatadi, u bu «yangiligi» (aslida, soxta yangilik) bilan o‘quvchining diqqatini bo‘lishga va vaqtini olishga sababchi ekanini anglamaydi. Bunday misollarni yana keltirishim mumkin. 

Professor S.Mamashokirov va mening yuqoridagi fikr-mulohazalarim respublikamizdagi ilmiy tadqiqotlarni taraqqiyot maqsadlariga yo‘naltirish, iqtidorli ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlashni tubdan yangilash, ijod erkinligini ta'minlash va ochiq ilmiy bahs, intellektual nazorat muhitini yaratish dolzarb muammoga aylanganini ko‘rsatadi. Agar bizga haqiqiy ijodkorlar, olimlar kerak bo‘lsa, ilmiy izlanishlarga qo‘yilgan sun'iy to‘siqlardan xalos bo‘lishimiz shart. 

Hech kim mutlaq bilimga da'vogar bo‘lolmaydi; biror nimani bilish va o‘rganish uchun ketidan ergashayotgan yosh aqlni qo‘llab quvvatlash, goho xatolarini kechirib, unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish ahli orif zimmasiga yuklatilgan vazifadir. 

Viktor ALIMASOV, 
falsafa fanlari doktori

Mavzuga oid