Jahon | 11:44 / 18.05.2017
8046
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kongressi Suriyaning ittifoqchilariga qarshi sanksiyalar bo‘yicha qonun loyihasini qabul qildi

Foto: Reuters

AQSh Kongressining Vakillar palatasi Suriya hukumatini qo‘llab-quvvatlaganlik uchun sanksiyalar joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qildi. The Hill xabariga ko‘ra, agar bu qonun loyihasi Senat tomonidan tasdiqlansa, AQSh Suriya prezidenti Bashar Asadning ittifoqchilariga sanksiyalar qo‘llaydi.

«Asadning insoniyatga qarshi jinoyatlari javobsiz qolmasligi kerak. Bu yangi sanksiyalar yordamida biz Suriyadagi tuzum va uning ittifoqchilari bo‘lmish Eron hamda Rossiya munosabatlarida gaykalarni bo‘shashtirishda davom etamiz», degan spiker Pol Rayan.

Yangi cheklovlar qo‘llanishiga Suriyada prezident Bashar Asad boshchiligidagi rasmiylar tomonidan inson huquqi buzilishi bilan bog‘liq ko‘plab holatlar asos sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Loyiha matnida bunga bevosita javobgar 47 nafar shaxs sanab o‘tilgan. 

Bu cheklovlar Suriya hukumati bilan moliyaviy munosabatlarga kirishgan xorijlik tadbirkorlar hamda kompaniyalarga ham taalluqli bo‘ladi. Bunday shaxslarga Amerika vizasi berilmaydi, ularning AQSh hududidagi istalgan mulki xatlanadi.

Ayni vaqtda qonun loyihasi Senatga yuborilgan, Senat tasdiqlasa, prezidentga imzolash uchun yo‘llanadi. 

AQSh prezidenti uni imzolanganidan so‘ng 30 kun mobaynida Suriya hukumatiga ommaviy qirg‘in qurollari, raketa texnologiyalari va boshqa harbiy yordam olishda ko‘mak ko‘rsatayotgan shaxs va tashkilotlarga qarshi sanksiyalar joriy etishi mumkin.

Shunga o‘xshash qonun loyihasi Barak Obama vaqtida ham ko‘rib chiqilgan, ammo yetarli ovoz olmasdan, Senatgacha yetib bormagandi.

Mavzuga oid