O‘zbekiston | 16:25 / 18.05.2017
10592
4 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasi spikeri Umumxitoy Majlisi Doimiy qo‘mitasi bosh kotibini qabul qildi

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Xalq vakillari Umumxitoy Majlisi Doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va Bosh kotibi Van Chen bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabar tarqatdi.

2017 yil 2 yanvar kuni O‘zbekiston bilan Xitoy Xalq Respublikasi aloqalarida muhim sana, ya'ni diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 25 yil to‘ldi. Shavkat Mirziyoyevning joriy yil Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi chuqur ramziy ma'noga ega bo‘lib, bu O‘zbekiston va Xitoy munosabatlarining sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalq vakillari Umumxitoy Majlisi Doimiy qo‘mitasi raisi bilan uchrashuvi shundan dalolat berdiki, Xitoy bilan o‘rnatilgan aloqalar parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish orqali ham qo‘llab-quvvatlanadi.

Xalq vakillari Umumxitoy Majlisi Doimiy qo‘mitasi raisi raisi o‘rinbosari, Bosh kotibi Van Chen boshchiligidagi delegatsiyaning joriy yil 18 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrifi uchrashuvlar chog‘ida erishilgan kelishuvlarning birinchi amaliy natijasi bo‘ldi.

Yuksak martabali mehmonni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov qabul qildi. U ikkala mamlakat o‘rtasida parlamentlararo aloqalar, diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan paytdan boshlanganligini ta'kidladi. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Xitoydan o‘nlab delegatsiyalar tashrif buyurdi. O‘zbekiston parlamentining ko‘plab vakillari ham javob tashrifi bilan Xitoyda bo‘ldilar. Muntazam o‘tkazilayotgan uchrashuvlar ikkala mamlakatning oliy davlat vakillik organlari faoliyati bilan tanishish, amaliy aloqalar o‘rnatish imkonini berdi. Bugungi talablarni hisobga olgan holda qonun ijodkorligi, axborot-tahliliy faoliyat sohasida tajriba almashish, O‘zbekiston va Xitoy ekspertlari ishtirokida xalqaro tadbirlar o‘tkazish parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari hisoblanadi. Shu ma'noda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining  Xalq vakillari  Umumxitoy Majlisi Doimiy qo‘mitasi bilan hamkorlik bo‘yicha yaqinda tashkil etilgan Parlamentlararo guruhning faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi. Bu guruhning samarali ishlashini ta'minlash zarurligi ta'kidlandi.

Xalq vakillari Umumxitoy Majlisi Doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va Bosh kotibi Van Chen Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi samimiy qabul va Xitoy delegatsiyasining uchrashuvini yuqori darajada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifiga yuqori baho berib, uning muvaffaqiyatli o‘tganini ta'kidlab o‘tdi. Alohida qayd etildiki, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida huquqiy jihatdan ta'minlab borish muhim o‘rin tutishi lozim. O‘zbekistondagi islohotlar Harakatlar strategiyasi asosida olib borilmoqda. Xitoyda ham shu kabi dastur amalga oshirilmoqda. Diqqatga sazovor jihati shundaki, Xitoy hamda O‘zbekiston dasturida ham qonun ustuvorligi  muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan. Shu nuqtai nazardan mamlakatlarimiz parlamentlari a'zolari o‘rtasida tajriba almashish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar O‘zbekiston-Xitoy parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirishga taalluqli boshqa masalalarni ham muhokama qildilar.

Mavzuga oid