Xorazmda SMS-xabar tufayli tanishini pichoqlagan shaxs jazoga tortildi
1985 yilda tug‘ilgan O‘ktam Sapayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Qozog‘iston Respublikasiga chiqib kelgach, turmush o‘rtog‘ining qo‘l telefonidagi kirish-chiqish qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlarini tekshira boshladi-yu, bir xabar unga shubhali tuyuldi. Tanishi D.Toirovdan kelgan xabardagi “bildirmay orqaga o‘t, telefon uraman” degan yozuvni o‘qib, O‘ktamning tepa sochi tikka bo‘ldi. O‘zini qo‘yarga joy topa olmay, ayolim bilan Davron o‘rtasida bir gap bor, degan gumonga bordi. Gumon esa iymondan ayirar, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
Turmush o‘rtog‘ini chaqirib, ushbu xabarga izoh berishini so‘raganida, “ertaga gaplashamiz”, degan mazmunda javob qaytargani dard ustiga chipqon bo‘ldi. Hammasi ravshan, xotini bilan Davron... Bu o‘y unga tinchlik bermadi. Yo‘q, bu masalani hal qilmasa bo‘lmaydi.
U shoshilib yo‘lga tushdi. Yo‘l-yo‘lakay oshxonadan sariq dastali pichog‘ini olib, qo‘yniga soldi. Bu paytda soat tungi ikkiga yaqinlashgan edi.
Yarim kechada darvozaning taqillashi Rashid akani biroz cho‘chitdi. Zaynab opa ikkalasi yugurib tashqariga chiqishdi. Eshik oldida o‘ttiz yoshlardagi yigit turardi. Mast holatdagi yigit Davronning og‘aynisi ekanligini, u bilan hisob-kitobi borligini aytdi. Ona o‘g‘lini uyg‘otib chiqdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, o‘g‘lining qichqirgan ovozi eshitildi.
- Sen nega xotinimga sms yozasan? Unda nima gaping bor? – O‘ktam shunday deya uning qorniga pichoq tiqib oldi. Davron jon holatda orqaga qochdi va temir bo‘lagi topib kelib, O‘ktamning oyog‘iga urdi. Og‘riq zarbidan O‘ktam Davronni o‘ldirish niyatiga yeta olmadi.
Ertasi kuni ayon bo‘ldiki, bu xabar O‘ktamning turmush o‘rtog‘iga emas, uning opasiga yozilgan bo‘lib, u Davron bilan anchadan buyon uchrashib yurgan ekan.
Qarang-a, o‘ylamay qabul qilingan qaror, qiziqqonlik oqibatida bir insonning o‘lib ketishiga bir baxya qoldi.
Shuni yodda tutmoq kerakki, bo‘lmag‘ur xabarlarni yozish, xufiyona uchrashish, oila sohiblarining bir-biriga ishonchsizligini ko‘ngilsiz oqibatlarga olib keladi. O‘ktamning turmush o‘rtog‘i o‘z vaqtida xabarga oydinlik kiritganida, voqealar bu qadar rivoj topmagan bo‘larmidi, degan o‘yga borasan, kishi.
Afsuski, SMS-xabarlari, notanish raqamlardan bemahal qilinayotgan qo‘ng‘iroqlar, turli ijtimoiy tarmoqlardagi notanish kimsalar bilan muloqotlar natijasida bu kabi mojarolar ko‘plab sodir bo‘lmoqda. Ayrim oilalarga darz ketib, turmushdan ajrashish holatlari ham ro‘y bermoqda, guldek farzandlar tirik yetim bo‘lib qolmoqda.
O‘.Sapayev sud hukmi bilan tegishli jazoga tortildi.
Mavzuga oid
11:08
Xorazmda yangi quyosh elektr stansiyasi ishga tushiriladi
07:49 / 16.12.2024
6 kgdan ortiq giyohvandlik vositalarini saqlayotgan shaxslar aniqlandi
21:47 / 02.12.2024
AQSh Xorazmdagi pedofil amaldorlarga sanksiya kiritdi
10:41 / 30.11.2024