Sport | 14:20 / 22.05.2017
17220
7 daqiqa o‘qiladi

Mavsum sarhisobi. Zidan va Ronaldu «Real»ni yana chempion qildi

Foto: Reuters

Bir daqiqayu 38 soniya. Ispaniya chempionatining oxirgi turida intriga shuncha vaqt davom etdi. 

Ko‘p yillardan buyon ilk marta Ispaniya chempionatining oxirgi turida amalda intriga qolmagandi. Segundaga ravona bo‘luvchi jamoalar nomi oldinroq ma'lum bo‘lgan, keyingi mavsumda Chempionlar ligasida Ispaniya sharafini himoya qiladigan 4 jamoa nomi ham ma'lum, Yevropa Ligasida ham «Vilyarreal» bilan «Real Sosedad» qatnashishi deyarli aniq («Alaves» Qirol kubogida «Barselona» ustidan g‘alaba qozonsagina «Real Sosedad» o‘rnini egallaydi).

Yagona intriga chempionlik bo‘yicha edi.

«Real» oxirgi tur arafasida 90 ochko to‘plab turgandi, «Barselona»da 87 ochko. Ko‘k-anorranglilar chempion bo‘lishi uchun o‘z maydonida «Eybar»ni mag‘lub etishi hamda «Real» safarda «Malaga»ga yutqazishi talab etilardi.

Fantastik ssenariylar bo‘lmadi. «Real»ga qarshi o‘yinga qadar o‘z maydonida ketma-ket 4 marta g‘alaba qayd etgan, «Barselona» (2:0) va «Sevilya» (4:2) jamoalariga imkon qoldirmagan Michel Gonsales shogirdlari ilk daqiqalardanoq gol o‘tkazib yubordi. Krishtianu Ronalduni qo‘riqlashi kerak bo‘lgan himoyachilar chalg‘ishdi va darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib borgan portugaliyalik futbolchi Iskoning pasini golga aylantirdi hamda jamoa keyingi 5 yillikdagi ilk chemionlik tomon juda yaqinlashdi. Zero, Zidan shogirdlari bu mavsumda hisobni saqlab qolish hadisini olganliklarini ko‘p marta namoyish etib berishgandi. 55-daqiqada barchasi ayon bo‘ldi, Karim Benzema ikkinchi golni urdi va o‘yinni hal qildi.

«Real» o‘z o‘yinida hujumkor o‘yin ko‘rsatdi va parallel uchrashuvda hakamlardan aziyat chekayotgan «Eybar»ni hakamlarga qo‘shilib azoblayotgan «Barselona»ga imkon qoldirmadi. «Eybar»ga qarshi o‘yinda avvaliga 2ta gol qo‘yib yuborgan katalonlar yakunda Messining dubli bilan 4:2 hisobida g‘alabaga erishdi va jamoa mavsumni ikkinchi o‘rinda yakunladi. Jamoaga taskin beruvchi jihat: Lionel Messi 37 gol bilan Ispaniya chempionati to‘purari bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinda jamoaning boshqa bir hujumchisi Suares - 28 gol. Ronaldu esa uchinchi bo‘ldi - 25 gol.

«Real» Ispaniyada oxirgi marta 2011/12 yilgi mavsumda chempion bo‘lgandi. O‘shanda jamoani Joze Mourino boshqargan. Portugaliyalik murabbiy keyingi mavsumda ham jamoani boshqargan, ammo natijaga erisha olmagan va lavozimni tark etgan. Undan keyin Karlo Anchelotti titul olishga harakat qilgan, ammo u o‘ziga berilgan ikki yillik muddatda imkondan foydalana olmagan. Uni Rafael Benites almashtirdi, ammo u yarim yilda ishdan bo‘shatildi. Uning o‘rniga vaqtinchalikka tayinlangan Zidan ilk mavsumdayoq primerada munosib ishtirok etdi va Chempionlar ligasida g‘alabaga erishdi.

«Real»ning chempionlik goli raqib xatosidan foydalangan holda urildi, bu o‘ziga xos ramziy ma'noga ega. Ikkinchi gol ham ramziy xarakterga ega. Benzemaning goli standart vaziyatdan keyin urildi. Madridliklar jamoasi – Yevropada standart vaziyatlar orqali eng ko‘p gol urgan jamoa bo‘ldi. Gollarning 32 foizi – bu «Yuventus» va «Atletiko»ning ko‘rsatkichidan ham yaxshiroq.

«Real»ning mavsumdagi o‘yinlarini xarakterlash uchun oxirgi turda yana bir hodisa ro‘y berishi kerak edi: oxirgi 10 daqiqada gol urish. Zero, «Real» oxirgi daqiqalarda ko‘p gol urish bo‘yicha beshlik chempionatlarida beshlikda.

Chempionlik golini Ronaldu urdi. Bu ham ramziy. Portugaliyalik futbolchi bu mavsumda avvalgilariga nisbatan kamroq, shu bilan birgalikda muhimroq gollarni urdi. YeChL pley-offidagi hal qiluvchi gollar, «Sevilya» va «Selta» bilan o‘yinlarda ochko olib kelgan gollar. Zidan Ronalduni «Real»da hamma o‘yinga ham tushirmadi va muhim o‘yinlarda samarali foydalandi, futbolchining o‘zi biroz oldinroq aytib o‘tganidek, u o‘zini murabbiy maslahati bilan mavsum oxiriga asradi.

«Real» o‘z tarixida ilk bor Primeraning barcha o‘yinida, 38 o‘yinida ham gol urdi. Shuningdek, jamoa qatorasiga 64 o‘yinda maydonni golsiz tark etmadi va bu ham rekord natija. Endi navbatda Chempionlar ligasiga.

«Malaga» ham hujumkor o‘yin ko‘rsatdi. Bu «Real» uchun Chempionlar ligasi finalida «Yuventus»ga qarshi o‘yin oldidan muhim edi.

«Malaga» futbolchilari «Real» darvozasiga 16 marta zarba berdi. Shundan 8tasi bosh bilan. 4tasi pozitsion hujumdan keyin. Shunday xulosa kelib chiqmoqdaki, «Real»ning qanot himoyachilari raqibning qanotlardan pas uzatishiga qarshilik qila olmayapti.

«Real» bu tajribadan o‘tgani yaxshi bo‘ldi, zero «Yuventus» ham qanotlardan hujum qilishni yoqtiradi va bunday vaziyatlardan gol uradigan ko‘plab futbolchilari bor. Endi Zidan bu borada yaxshilab ishlashi kerak bo‘ladi.

Zidan nima qilishi mumkin? Eng kutilgan chora - raqibni qanotlarda bo‘g‘ib qo‘yish. Buning uchun himoyaviy 4-5-1 sxemasini qo‘llash mumkin. «Atletiko»ga qarshi yarim final uchrashuvlarida «Real» shunday sxemada o‘ynagandi.

Chempionatdagi g‘alaba hali mo‘'jiza emas – bu normal holat, buni futbolchilarning yuzida payqash mumkin edi. Bu Zidanning olib borgan ishlari mahsuli. Har bir o‘yin — bu final (undan iqtibos). Yana bir final qoldi.

 

Mavzuga oid