Jamiyat | 09:53 / 22.05.2017
12591
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida niqobli 4 yigit xiyobonda bosqinchilik qildi

Farzand tarbiyasida taqiq emas, balki ularga berilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanish, o‘z xatti-harakati uchun javobgarlik tuyg‘ulari shakllantirilishi muhim. Har bir narsaning foydali tomonini tushuntirib, to‘g‘ri yo‘nalish berish ota-onalarning, kattalarning asosiy vazifasi bo‘lishi darkor. Ammo farzandini dars mashg‘ulotlariga yuborish o‘rniga, pul ishlab topishlarini qo‘llab-quvvatlovchi kattalar ham yo‘q emas. Mana shu xatti-harakatlar yoshlarni tez va mo‘may boylik orttirishga bo‘lgan ishtiyoqi o‘sishiga xizmat qiladi hamda turli huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l ochadi.

Toshkent viloyati IIB matbuot xizmatining xabar berishicha, Quyichirchiq tuman IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, to‘rt nafar noma'lum shaxs boshlariga niqob taqib, pichoq va qo‘lbola usulda yasalgan “dubinka” (tayoq) bilan qurollanib, xiyobonda o‘tirgan 1987 yilda tug‘ilgan Shokir O‘rmonov (ismlari o‘zgartirilgan) va 1995 yilda tug‘ilgan Nodira Akilovalarni qo‘rqitib, pul berishini talab qilishadi. Nodira Akilovaning narxi 1.470.000 so‘mlik “Samsung Duos” rusumli qo‘l telefonini va Shokir O‘rmonovning 10.000 so‘m pullarini zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitish yo‘li bilan egallab olib, voqea joyidan yashirinishadi. 

Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni Quyichirchiq tumanida yashovchi kasb-hunar kollejining o‘quvchilari, 1998-1999 yillarda tug‘ilgan B.Z, L.N, Z.V, X.J lar sodir etganliklari aniqlanib, ushlanganlar. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Quyichirchiq tumani “Qurilish va servis” kasb-hunar kollejida mahalla faollari, o‘quv muassasasi o‘qituvchilari va jinoyat sodir etgan o‘quvchilarning ota-onalari ishtirokida o‘tkazilgan muhokamada tuman hokimining yoshlar bo‘yicha o‘rinbosari G‘.Shodmonov, tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi K.Ermuhammedova, tuman prokurori P.Bahromov, tuman IIB boshlig‘i O.Ergashevlar qatnashib, dars mashg‘ulotlariga qatnashmaydigan, oilaviy muhiti og‘ir, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan o‘quvchi yoshlar orasida huquqiy tarbiyani kuchaytirish to‘g‘risida mushohada yuritdilar. 

Mavzuga oid