Sport | 18:54 / 26.05.2017
28378
1 daqiqa o‘qiladi

Shahobiddin Zoirov ringga qaytdi

Rio-de-Janeyro Olimpiadasi chempionlaridan biri, Braziliyadan qaytganidan keyin musobaqalarda va OAVda ko‘rinish bermagan Shahobiddin Zoirov yana ringga chiqa boshladi. Olimpiadada 52 kg vazn toifasida oltin medal olgan bokschi endilikda 56 kg vazn toifasidagi bellashuvlarda ishtirok etadi.

Sports.uz nashri bergan xabarga ko‘ra, ushbu bokschi yangi vazndagi imkoniyatlarini Rossiyaning Xabarovsk shahrida bo‘lib o‘tgan Konstantin Korotkov xotira turnirida sinovdan o‘tkazdi.

Finalgacha o‘tgan bellashuvlarda mezbon bokschilar – Uyan Irgit, Ivan Blinda va belaruslik Dmitriy Asanovni katta ustunlik bilan yenggan Zoirov oltin medal uchun rossiyalik Ovik Oganesyan bilan raqobatlashdi.

Hal qiluvchi bellashuvda Shahobiddin Zoirov raqibini 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

Mavzuga oid