Jahon | 08:27 / 27.05.2017
9568
2 daqiqa o‘qiladi

Chilida dunyodagi eng katta teleskop qurilishi boshlandi

Foto: © EPA/ESO/L.CALCADA/ACE CONSORTIUM

26 may kuni Chili prezidenti Mishel Bachelet tomonidan mamlakatda dunyodagi eng katta teleskop qurilishiga start berildi. Quyosh tizimidan tashqarida joylashgan sayyoralar – ekzosayyoralarni aniqlashga mo‘ljallangan qurilma "Yevropaning o‘ta katta teleskopi" (European Extremely Large Telescope, EELT) deb nomlangan va Chilining Atakama cho‘lida 2024 yilgacha qurib bitkaziladi.

1 mlrd dollarlik qurilma 5 ta segmentli oyna bilan jihozlanadi. Oynalardan eng kattasining diametri 39 metrni tashkil qiladi va diametri 1,4 metrli deyarli 800 ta oltiburchakli oynadan tashkil topadi.     

Loyihani moliyalashtirayotgan va tarkibiga Yevropaning 13 ta davlati, Braziliya va Chili kiruvchi xalqaro tadqiqot tashkiloti – Yevropa janubiy observatoriyasi ma'lumotlariga ko‘ra, teleskopning aylanuvchi gumbazi maydoni deyarli futbol maydoniga (diametri 86 metr) teng bo‘ladi. Qurilmaning umumiy og‘irligi 5 ming tonnani tashkil qiladi.   

Bugungi kunda Atakama cho‘lida Atakama katta radioteleskopi faoliyat yuritadi. Dengiz sathidan 2,4 ming metr balandlikda joylashgan La-Silya astronomik observatoriyasida hammasi bo‘lib 18 ta teleskop bor bo‘lib, ulardan yarmi Yevropa janubiy observatoriyasi mablag‘lariga qurilgan.

Mavzuga oid