Jahon | 23:28 / 05.06.2017
40715
7 daqiqa o‘qiladi

Qatarning qo‘shni davlatlar bilan ziddiyati asoratlari - oziq-ovqat, futbol va aviatsiya...

Foto: Reuters

Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Liviya va Yaman mamlakatlari Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzishdi. Bu Qatar iqtisodiyoti va ushbu mamlakatda o‘z biznesini yuritayotganlar uchun qanday ta'sir ko‘rsatishi mumkin? BBC shu haqdagi maqolasi bilan bo‘lishdi. 

Qatar aholisi - atigi 2,7 million kishi, lekin Arabiston yarimorolining shimoli-sharqiy qirg‘og‘idagi bu mamlakatning ta'siri uning kamtarona hajmiga nomutanosibdir. 

Qatar o‘zining Qatar Airways milliy aviakompaniyasi, "Al-Jazira" xalqaro telekanali, shuningdek sporti bilan dunyoga mashhur - amirlik Futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionatini qabul qiladi, shu bilan birga jahonning eng mashhur futbol klublaridan biri - "Barselona"ga homiylik qiladi. 

Qatarning poytaxti Dohada so‘nggi yillarda ko‘plab osmono‘par binolar qurildi, ularda transmilliy kompaniyalarning idoralari ochildi. 

Saudiya Arabistoni va uning ittifoqdoshlari bilan munosabatlarni uzish Qatar uchun bir qator salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. 

Reyslar to‘xtatiladi

Abu-Dabidan parvozlarni amalga oshiruvchi Etihad Airways va Dubayda joylashgan Emirates aviakompaniyalari seshanba tongidan boshlab Qatarga amalga oshiriladigan reyslarni to‘xtatadi. Ularning har biri kuniga to‘rt marta Dohaga ikki tomonlama reyslarni amalga oshiradi. 

Shuningdek Fly Dubai byudjyet aviakompaniyasi ham ushbu yo‘nalish bo‘ylab parvozlariga chek qo‘yadi, uning ketidan esa Bahraynning Gulf Air va Misrning Egyptair aviakompaniyalari ham reyslarni to‘xtatishi mumkin.

Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr mamlakatlarida Qatar bilan aviaxabarlashuvni to‘xtatish va Qatar samolyotlari uchun havo kengligini yopish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

Bu esa Qatar Airways uchun jiddiy ziyon keltiradi. Birinchidan, u Dubay, Abu-Dabi, Ar-Riyod va Qohiraga amalga oshiriladigan o‘nlab kundalik reyslarni bekor qilishiga to‘g‘ri keladi. 

Ikkinchidan, yana bir muhim jihat, mintaqadagi havo kengliklarini yopish aviakompaniyani parvozlar yo‘nalishlarini o‘zgartirishga majbur qiladi. 

Ko‘plab reyslarning masofasini uzaytirishga to‘g‘ri keladi va bu tashuvchi uchun jiddiy muammo hisoblanadi: bu yoqilg‘i xarajatlarini oshiradi va yo‘lovchilarning noroziligini keltirib chiqarishi mumkin. 

Qatar Airways yo‘lovchilarni nafaqat bevosita Qatarga sayohat qilishi bilan jalb qilib keladi, balki Yevropadan Osiyo yoki Avstraliyaga parvoz qilishda Dohada to‘xtash imkonini berib, qulaylik yaratar edi. 

"Agar avvallari 6 soatni band etgan Yevropa sayohati endi yo‘nalishlarni o‘zgartirish zarurati tufayli 8-9 soat davom etadigan bo‘lsa, bu yo‘lovchilar uchun noqulaylik tug‘diradi va ular boshqa tashuvchilarga murojaat qilishadi", - deydi Cornerstone Global konsalting kompaniyasi direktori Ganem Nuseybe.

Mahsulotlar qimmatlashadi

Qatarning katta qismi cho‘llardan iborat. Bunday mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish qiyin.  Qatar uchun vaziyatning murakkablashuvi yana shundan iboratki, uning quruqlikdagi yagona chegarasi - Saudiya Arabistoni bilan.

Bu chegaradan har kuni yuzlab yuk mashinalari o‘tadi va bu yuklarning asosiy toifalaridan biri oziq-ovqat mahsulotlaridir. Qatarga kelib tushadigan oziq-ovqat mahsulotlarining 40 foizi aynan shu yo‘nalish bo‘yicha keladi. 

Endi esa Saudiya Arabistoni chegarani yopishga qaror qildi, shunday ekan, bundan buyon Qatarga faqat dengiz yoki havo orqali oziq-ovqat yetkazish mumkin bo‘ladi. 

REUTERS

"Bu so‘zsiz inflyatsiyaga olib keladi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qatar aholisi hayotiga ta'sir ko‘rsatadi, - deya izoh beradi Nuseybe. - Agar hamma narsa qimmatlashsa, qatar xalqi yo rahbariyat o‘zgarishi, yoki yo‘nalishni o‘zgartirishni talab qilib, hukmron oilaga bosim ko‘rsata boshlaydi".

Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, o‘rtahol aholi har hafta, ba'zan esa har kuni Saudiyaga borib, arzonroq narxda mahsulotlar xarid qiladi. Chegara yopilganidan so‘ng esa bunday imkoniyat bo‘lmaydi. 

Qurilish to‘xtab qoladi

Bugungi kunda Qatarda Futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionati bilan bog‘liq bir qator yirik ko‘lamli qurilish loyihalari amalga oshirilmoqda: xususan, bu yerda tibbiy muassasalar komleksi, metro va sakkizta stadion qurilmoqda. 

Asosiy qurilish materiallari dengiz orqali, qisman quruqlikdan - Saudiya Arabistonidan olib kelinadi.

Saudiya chegarasining yopilishi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilishi qatorida, qurilishlarning to‘xtab qolishi va narxlarning oshishiga olib keladi. 

Qatar qurilish kompleksida busiz ham qurilish materiallari tanqisdir. Saudiya yo‘nalishining yopilishi esa mazkur muammoni yanada chuqurlashtiradi. 

REUTERS

Agar havo kengligi va quruqlikdagi chegaraning yopilishi uzoq davom etsa, u holda 2022 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik grafigi buzilishi mumkin, deya xavfsiramoqda Amerikadagi Beyker Institutining Fors ko‘rfazi mamlakatlari bo‘yicha eksperti Kristian Ulrixsen.

Mehnat resurslari

Saudiya Arabistoni, BAA va Bahrayn hukumatlari ham o‘z fuqarolariga Qatarga uchishni, u mamlakatda yashashni va hatto tranzitni taqiqlab qo‘yishdi. Hozirda Qatarda bo‘lgan kishilar esa 14 kun ichida amirlikni tark etishi kerak bo‘ladi. 

Saudiya, BAA va Bahrayndagi qatarliklarga ham bu mamlakatlar hududini tark etish uchun xuddi shunday muddat berilgan. 

Agar Misr ham shunday choralar ko‘radigan bo‘lsa, asoratlar yanada jiddiy bo‘ladi. Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, Qatarda taxminan 180 ming nafar misrlik istiqomat qiladi - bu nafaqat quruvchilar, balki shifokor va huquqshunoslar hamdir. Bunday ishchi kuchining yo‘qotilishi Qatarda o‘z vakolatxonalariga ega bo‘lgan xalqaro kompaniyalar uchun muammolar tug‘dirishi aniq. 

Qatardagi shartnomalar bekor qilina boshlandi. Ko‘rfaz mamlakatlarining ko‘plab firmalari Qatarda o‘z ulushiga ega, shu jumladan chakana savdo sohasida ham. Ularning do‘konlari yopilishi kutilmoqda, har holda - vaqtinchalik, deya taxmin qiladi Nuseybe.

Saudiyaning eng yirik "Al-Ahli" futbol klubi esa  Qatar Airways homiyligidan voz kechishga ulgurdi...

Mavzuga oid