Jamiyat | 17:55 / 06.06.2017
23369
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik vazir MDH hududida kirillcha yozuvni qaytarishga da'vat etdi, o‘zbek tvitterchilari reaksiya bildirishdi

Rossiya Federatsiyasi ta'lim va fan vaziri Olga Vasileva MDH davlatlari doirasida yagona imlodan foydalanishga qaytishni taklif etdi.

Sovet ittifoqi tarqalgach, O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarboyjonda kirill alifbosidan lotinchaga imloga o‘tilgan. Turkmaniston va Ozarboyjonda lotinchaga to‘liq o‘tilib, kirill imlosidan mutlaqo foydalanilmayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonda har ikki imlodan parallel ravishda foydalanib kelinmoqda. Qozog‘iston hukumati ham 2025 yildan mamlakat to‘liq lotinchaga o‘tishini ta'kidlagan.

«So‘nggi 10 yilda juda katta mavzu ochildi: yozuvlarning lotinchalashtirish va arabchalashtirish. Aynan hozir biz MDH doirasida yagona yozuvga o‘tishimiz kerak — bu yozuv esa kirillcha, chunki so‘rovlarning ko‘rsatishicha, bizning va yaqin qo‘shnilarimiz aholisi, kirillcha shriftga bog‘lanib qolganligi va uning zarurligi haqida gapirishmoqda», — dedi Vasileva mavzusi «Rus dunyosi va rus tili: tarixiy ildizlar va rivojlanish yo‘nalishlari» bo‘lgan III Livadiya forumida.

Vasilevaning qayd etishicha, kirill imlosining tarqatilishida Rossiya o‘zining qat'iy pozitsiyasini namoyon etmog‘i kerak.

«Garchi so‘nggi yigirma yil ichida u (pozitsiya) biroz yumshatilib yuborildi», — degan Vasileva.

Vasilevaning bu fikrlari e'lon qilingach, tvitter ijtimoiy tarmog‘ining O‘zbekistondagi foydalanuvchilari unga qarshi heshteg bilan o‘z naroziliklarini izhor etishni boshlashdi.

 

Mavzuga oid