Sport | 00:02 / 11.06.2017
13116
2 daqiqa o‘qiladi

20 yoshli latviyalik tennischi "Rolan Garros"da mo‘'jiza ko‘rsatib, musobaqa g‘olibasiga aylandi

Foto: Getty Images

20 yoshli latviyalik Yelena Ostapenko Fransiyada o‘tayotgan "Rolan Garros" musobaqasi finalida ruminiyalik Simona Xalepni 4:6, 6:4, 6:3 hisobida mag‘lub etib, o‘z faoliyatida "Katta dubulg‘a" seriyasiga kiruvchi birinchi musobaqani yutdi va umuman faoliyatidagi birinchi unvonni qo‘lga kiritdi. Bungacha latviyalik tennischi WTA musobaqalarining uchta finalida yutqazgandi.

Ostapenko "Katta dubulg‘a" musobaqasini yutgan birinchi latviyalik tennischi bo‘ldi. Bundan tashqari, Ostapenko US Open-2004’ni yutgan Svetlana Kuznetsovadan keyin "Katta dubulg‘a" musobaqasini yutgan eng yosh tennischi bo‘ldi. 

Musobaqaga dunyoning 47-raketkasi sifatida kelgan tennischi 1933 yildan beri bu musobaqaning kuchli tennischilari qatoriga kiritilmagan ilk chempioni bo‘ldi. Musobaqa natijalariga ko‘ra, Ostapenko endilikda ayol tennischilar reytingining 12-pog‘onasiga ko‘tariladi.

E'tiborlisi, o‘zining birinchi unvonini "Katta dubulg‘a"da yuta olgan oxirgi tennischi Gustovo Kuerten bo‘lgan edi va u buni aynan "Rolan Garros"da 1997 yil 8 iyunda – Ostapenko dunyoga kelgan kun amalga oshirgan.

8 iyunda 20 yoshini qarshilagan Ostapenko uchun bu nufuzli musobaqada g‘olib bo‘lish albatta unutilmas sovg‘a bo‘ldi.

Mavzuga oid