Jahon | 18:45 / 13.06.2017
13215
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Qatarning yakkalab qo‘yilishiga munosabat bildirdi

Foto: © RIA Novosti

Fors ko‘rfazida Qatar boshqa arab davlatlari tomonidan izolyatsiya qilinishi xato qarordir. Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an shunday hisoblaydi.

«Biz ko‘rdikki, Qatar bilan bog‘liq vaziyat bizga jiddiy oqibatlar keltirmoqda. Butun bir xalqni chetlashtirish — insoniylikka ham to‘g‘ri kelmaydi, islomga ham. Qatar — Turkiya bilan bir qatorda IShIDga qarshi kurashayotgan davlat. Keling, bir-birimizni aldamaylik. Qatardan aybdor yasashdan mintaqaga foyda bo‘lmaydi», — degan Erdo‘g‘an Adolat va taraqqiyot partiyasi deputatlari qarshisidagi chiqish qilib.

U Fransiya prezidenti Emmanuel Makron hamda Qatar amiri Tamim ibn Hamad al Soniy bilan Fors ko‘rfazidagi inqirozni muhokama qiladi.

5 iyun kuni Saudiya Arabistoni, Bahrayn, BAA va Misr Qatar bilan diplomatik munosabatlarni uzgani haqida e'lon qildi. Bu davlatlar Dohani terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda va Yaqin Sharqdagi vaziyatni beqarorlashtirishda aybladi. Ko‘p o‘tmasdan Liviya, Yaman, Maldiv, Mavritaniya va Komor orollari ham Qatar bilan aloqalarni to‘xtatdi. Shuningdek, Senegal va Niger Qatardan elchilarini chaqirib oldi, Iordaniya va Jibuti bu davlat bilan munosabatlari darajasini pasaytirdi.

Turkiya parlamenti 7 iyun kuni Qatarga turkiyalik harbiylarni joylashtirishga ruxsat beruvchi qonunni qabul qildi.

Mavzuga oid